Jahongir.Org                                                             

 

 

 

SAVOL...                  

JAVOB...

 

 

Agar menga savolingiz bo'lsa, marhamat qilib  jahongirm2@yahoo.com adresiga yuborishingiz va qisqa vaqtda mazkur sahifa orqali baholi qudrat javob berishim mumkin. Savollarning mavzui cheklanmagan.

 

Jahongir Muhammad-MAMATOV

 

SAVOL: JAVOBlarning oldingilarini mavzularga ajratilgan holda

OQSAROY SIRLARI  va ZEHNIYAT JUBOG’I kitoblarida o’qishingiz mumkin.

 

SAVOL: Agar bugun sizda O’zbekistonga rahbar bo’lish imkoniyati tug’ilsa va faqat uchta ishni amalga oshirish mumkin etilsa, nima qilgan bo’lardingiz? (Zohidxon, 24 Sentyabr)

 

JAVOB:

1.Matbuotga to’la erkinlik berardim.

2.Erkin saylovlar o’tkazardim.

3.Iste’fo haqidagi arizani yozardim…

Chunki qolganini xalqning o’zi amalga oshiradi.

 

SAVOL: Siz bu sahifangzini yopib tashlang! Chunki yoshlarning miyasini zaharlayapsiz? Sizning demokratiyangiz kimga kerak? (Imzosiz, 23  Sentyabr, 2005 yil).

 

JAVOB: Yuzlab imzosiz xatlardan ana shu bittasini tanlaganim bejiz emas. Chunki bu maktubni yozgan tomon (Imzosiz bo’lgani uchun shartli ravishda “u tomon” deb oldim-JM) unda o’z basharasini ham chizib qo’ygan.

Birinchidan, u tomonni yoshlar masalasi qiziqtirmaydi. Agar qiziqtirganda bugungi yoshlar axmoq emasligini va Internetda majburiy o’qish yo’qligini yaxshi bilishlarini inkor etmasdi.

Mening sahifam bu mening sahifam va hech kimga o’qish majburiy emas. 26 millionlik xalqning har kuni faqat 2-2,5 mingigina mening safihamga kiradi, xolos. Buning ham ba’zilari bir kunda ikki marta kirishini hisobga olsak, siz tashvishga tushmasangiz ham bo’ladi. Yoshlarning aksariyati hali sizning sariq matbuotingiz ta’siridadir.

Qolaversa, majburiylik demokratiya emas, diktatura fe’lida mavjud. Ular o’zlarini oqlaydigan maqolalarni hatto maktablarda o’qitishadi, oliygohlarga kirish imtihonlariga tirkashadi.

Ikkinchidan, u tomon yoshlar o’ziga ergashmay qolishidan, ishonmay qo’yishidan tashvishda. Bu esa bizning muammomiz emas. Basharang qiyshiq bo’lsa, oynadan o’pkalama, degan gap bor.

Va nihoyat, shunday ham sof O’zbek tilida chiqadigan va har kuni yangilanib turadigan muxolif veb sahifalar juda oz qoldi yoki deyarli qolmadi hisob. Borlari ham dayjest, ya’ni kundalik ko’chirmalar to’plami bo’lib qolmoqda. O’zini “O’zbek-men!” deb ko’kragiga urib yurganlar ham hatto o’zlari haqidagi xabarni o’zbekcha yozolmaydilar, chala-chulpa qilib ruscha yozib, ruscha e’lon qiladilar. Shunday sharoitda men ham sahifamni yopib qo’ysam, tabiiyki, u tomon bizga maydon keng qoldi deya shodlanishi mumkin. Lekin bu maydon aslida juda keng… Faqat “Oson ermas bu maydon ichra turmoq….”

Qo’lingizdan kelsa, vaqtingiz, hafsalangiz va kuchingiz yetsa, qobiliyatingiz ko’tarsa, yana bitta veb sahifa oching va hamma o’qiydigan qilib qo’ying. Ana shunda yoshlarda tanlov bo’ladi, istasalar mening sahifamni o’qiydilar, istasalar siznikini. Agar bir kishi ham o’qimaydigan holga tushsa tabiiyki, men o’z-o’zidan sahifani yopishga majbur bo’laman. Hozir esa kundan kunga oquvchilar ko’payib borayotgani uchun vaqtim yetmasa ham baholu qudrat yangilab turishga urinmoqdaman.

Darvoqe, siz ismingizni ochiq yozolmaydigan darajada qo’rqoqsizu, qanday qilib umum o’qiydigan sahifa qilishingiz haqida esa o’ylab ham ko’rmabman. Uzr!

Shu o’rinda qiziq bir holat. Karimov rejimiga qarshi bo’lganlar o’z ismlarini yashirishlarini tushunsa bo’ladi. Ammo bu rejimga yoqadigan savollar yo’llaganlar ham o’z ismlarini yashirishlarini tushunish mushkul. Balki bu ularning o’zlari ham bu rejimga ishonmasliklaridan kelib chiqsa kerak. Tag’in bilmadim…

Demokratiyaga qaytsak,, u meniki emas. Demokratiya bu xalq boshqaruvi degandi. Diktatura esa, shaxs boshqaruvidir. Demak, siz diktaturaga tarafdorsiz, bu kimgadir qul bo’lish, kimgadir oidlik ifodasi. Bo’lavering!

Zotan, O’zbek jamiyati, O’zbek zehniyati bugungi kunda inqirozga yuz tutganini ko’rsatish nuqtai nazaridan bunday holning ham ahamiyati bor. Shu bois sizning imzosiz savolingizga javob berishni lozim deb topdim.

 

SAVOL: Sobiq mufti Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf O’zbekiston televideniyesidagi chiqishida “Akromiylar”ni bog’iylar dedi. Shunga qanday qaraysiz? (Ma’rufjon, 21  Sentyabr, 2005 yil).

 

JAVOB: Aslida Islom qoidalari asosida boshqariladigan bir mamlakatning teppasida turgan odamga qarshi bosh ko’targanlarni bog’iylar deyishadi. Sobiq mufti O’zbekiston Islom davlati emasligini yaxshi bilishini nazarda tutsak, u Islom Karimov ustidan kulmoqchi bo’lgan degan fikr chiqadi.

Chunki “O’zbekiston-Islom davlati” degan gap keng tarqalgan va bunda Islom Karimovning ismi nazarda tutiladi. Shundan kelib chiqib, sobiq mufti Andijonda bosh ko’targanlar Islomga-ya’ni Islom Karimovga qarshi bosh ko’targanlardir demoqchi bo’lishi mumkin. Sovet davrida shoir va yozuvchilar fikrlarini ana shunday obrazli qilib bayon etar edilar. Endi estafeta bayroqchasi dindorlarga qolgan bo’lsa ne ajab?!

Agar Islom deganda u kishi Islom Karimovni nazarda tutgan bo’lsa, u holda uning o’zi ham “bog’iy” bo’lib chiqadi. Ammo bunga ishonmayman. Chunki,  boshiga kaltak tushib turganiga qaramasdan bu odam har saylovda Karimovni yoqlab kelgan. Hatto Karimovni Allohning yerdagi soyasi degan ham shu kishi bo’ladilar.

O’zi Andijonlik bo’lib, o’z hamyurtlarining ruhiga qarata tosh otayotgani uning radiolardan tinmay iymon haqida aytib kelgan gaplarini shubha ostiga qo’ymoqda. Agar shunday odamlar Xudodan qo’rqmasa, boshqalardan gina qilmasa ham bo’ladi.

Forschadan olingan bog’iy kalimasining birinchi ma’nosi “isyongar”, “bo’ysunmas” bo’lsa, ikkinchi ma’nosi esa “zolim”, “stamgar” deganidir. Agar sobiq muftida ozgina insof bo’lganda, qachonlardir Karimovni bog’iy deb e’lon qilgan bo’lardi.

Aslida ulamolar haq gapni aytishlari kerak bo’lgan insonlardir. Afsuski ulamolar bugungi inqirozning o’q ildiziga aylandilar.

Xalqimiz “Mullaning aytganini qil, qilganini qilma!” deb kelgan. Endi: “Mullaning aytganini ham qilma, qilganini ham qilma!”

 

SAVOL: Bugun Andijon voqealari bo’yicha sud boshlanadi. Bu Karimovni oqlashi mumkinmi? (Nizomiddin, 2005 yil, 20 Sentyabr).

 

JAVOB: Karimov hech qachon o’zini oqlay olmaydi. Uni oqlaydigan zarra qadar ham sabab qolmadi. U sabab ko’zasini o’z qo’llari bilan sindirdi.

U tarixda qolishni juda istar va juda orzu qilar edi. Qaysi bir ma’noda orzusiga yetdi. U O’zbekiston tarixida nafaqat ozodlikni o’ldirgan diktator sifatida, balki begunoh, oddiy xalqni o’qqa tutgan jallod sifatida ham qoladi.

Bugun boshlanagan “hangoma”ni sud demagan bo’lardim. Bu- tomosha. Bu - masxarabozlik! Bugun boshlanadigan kabi tomoshalarni Karimov 1994, 1999, 2000 yillarda va keyin 2004 yilda ham ko’rsatgan va yetti mulk qahqaha otib kulgan edi.

Shunday tomoshalardan biriga bevosita  raisik qilgan Polvonzoda “mukofot” o’laroq ishdan quvilgani yodingizdadur?!. U hozir Karimovning mana shunday tomosha sudlarni oldindan qanday tayyorlashi haqida bir kitob yozayotgan ekan.

Agar bu kitobni Karimov hayot ekanligida nashr etsangiz, tarix oldida o’zingizni, avlodlaringizni tavqi la’natdan qisman bo’lsada oqlaysiz deya unga bir noma yo’lladik. Bu unga katta imkoniyat va kitobini yo’llasa mana men zudlik bilan, shaxsiy hisobimga nashr ettirishga tayyorman. Ammo kitobni Karimovdan keyinga olib qo’yadigan bo’lsa, sariq chaqachalik ham ahamiyati qolmaydi va  uning o’zi Karimovning jallodliklariga sherik sifatida ozodlik sudidan qutula olmaydi.

Prezident devonidagi manbaga ko’ra, bugungi tomoshaga raislik qiladigan shaxs ham necha kundan beri Bosh prokuror bilan birga qayta-qayta Karimovning huzuriga kirib chiqayotgan ekan. Demak,  tomosha senariysi  qayta-qayta yozilmoqda.

Aslida bunday tomoshalar Karimov va diktatura ustidan hukm chiqarmoqda. Bu hukm diktatorning nomini tarixga qora bo’yoqlar bilan yozish haqidagi hukmdir.

Ammo achinarli tomoni ko’p odamlar bu hukmning qurboniga aylanmoqdalar.

 

SAVOL: To’lqin Qaraev haqida xabar bormi?(Elektron maktublardan, 2005 yil, 18 Sentyabr)

 

 

JAVOB: To’lqin Qarevning mana bu maktubini sahifada e’lon qilish bilan birga ikki mingdan ziyod elektron adresga ham yubordim.

 

“Assalomu a'leykum Jahongir aka!

Salomatmisiz? O'zbekistonga qaytishga qaror qildim. Bilaman, og'ir, u yerda meni yaxshi kunlar kutayotgani yo'q. Yana bir jurnalist ham shu y'olni tanladi. Bu yerda BMT ning qosh qovog'iga qarab yashash ham jonga tegdi. Qayerlardandir yordam kelar degan umiddan ham to'ydim. Shuning uchun Sizga bu maktubni yuborayapman va Toshkent sari safarga chiqqanimdan so'ng uni saytga qo'yishingizni so'rayman. 

 

O'zbekistonga yetib borgach, tergov organlarining qiynoqlari ostida biror ko'rgazma va ma'lumotlar bersam, xalqaro tashkilotlarni terrorchilikni qo'llab quvvatlashda ayblasam, yoki o'zimning qandaydir jinoyatlarni qilganligimda sidqidildan iqrorlik keltirsam - bularning hammasini oldindan inkor qilaman.

 

Turgan joyimni tashlab katoyotganimga oilamdan ajralib qolayotganligim, shuningdek, men duch kelayotgan turli va'dabozliklar sabab bo'lmoqda. Demokratiya tamoillari uchun kurash maydoniga chiqar ekanman, taqdir meni O'zbekiston qamoqxonalariga tiqishini, yoki xorijiy mamlakatlar chiqib ketishga majbur qolishimni oldindan bilganman. Lekin diktaturaning qo'li demokratiyadan ustun kelishiga juda ham ishonqirab qaramasdim.

 

O'zbekistonda menga o'xshaganlarga ayb to'qish hech narsa ham emas. Bizning asosiy aybimiz erkinlik uchun kurashganimiz, tenglik va hurlikni orzu qilganimiz, adolat istaganimiz. Bu harakatlar O'zbekiston uchun yot ekan, demak jinoyat hamdir. Mana bu "jinoyat" uchun jazo olishga to'g'ri keladi.

Qisqa qilib aytganda: ALVIDO OZODLIK!

tulqinq@yahoo.com

 

To’lqin Qaraev mazkur maktubiga ilova qilib yuborgan telefon raqamlariga qo’ng’iroq qilinganda “Mazkur abonentning telefoni uzib qo’yilgan” degan javob kelmoqda.”

 

Shundan keyin kechasi bilan telefon orqali uni qidirishga urindim. Bu orada mamlakat ichidan va tashqarisidan ham uni taniganlar  “xato yo’lga kiribdi” degan tashvish  bilan maktublar yo’llashdi, telefonlar qilishdi.

Tongga qadar tinimsiz telefon qilib turdim va nihoyat uning ovozini eshitdim. U yo’lga ketayapman deya telefonini o’chirtirib qo’ygan ekan. Do’stlari, tanishlari hamda mashina bilan bog’liq baxtli bir tasodif bois uni yo’ldan qaytarishga muvaffaq bo’lishgan. Ammo ikkinchi bir jurnalist qaytmagan. U o’z nomini hozircha e’lon qilishni istamagani uchun uning kimligini yozmadim. Balki keyinchalik yozarmiz.

To’lqin bilan gaplashganimda u “Dushanba kuni ketayinmi?” deb turiban dedi. Unga mamlakat ichidan kelgan maktublarni jo’natishimni va ularni o’qib, keyin qaror olishini so’radim.

Kim istasa uning adresiga maktub yozishi va fikrlari bilan o’rtoqlashishi mumkin: u Vatanga qaytib to’g’ri qilmoqdami yoki xato?

 

SAVOL: Muxolifatning 2007 yil saylovlarida qatnashish niyati bormi? Ma'lumki, muxolifat a'zolari va liderlarining aksariyati qonun bo'yicha jinoyatchi deb e'lon qilingan. Shunday ekan, ularning saylovda ishtiroki qanday bo'ladi? (Behzod, 17 Sentyabr, 2005 yil).

 

JAVOB: “Noumid-shayton!” degan gap bor. O’zini muxolifatda bilgan har qanday guruhning tabiiyki, saylovda qatnashish umidi bo’ladi. Chunki ular mamlakatga, millatga achingani va bugungi rejimning faoliyatidan qoniqmagani uchun muxolif bo’lishgan. Hayotni o’zgartirishning eng demokratik yo’li saylov deb bilinadi va muxolifat bundan foydalanishga umid bog’laydi.

Ammo “mustaqil” O’zbeksitonda haqiqiy, demokratik, mustaqil saylov bo’lmagan va bu yaqin orada bo’ladigan ham emas. Bu, eng avvalo zulmning kuchliligidan bo’lsa, ikkinchidan xalqning aksar qismining befarqligidandir. Agar hamma  joyda xalq saylovda Aldarko’saga qarshi ovoz bersa va o’z ovozini himoya qilsa, zulm mashinasi hech narsa qila olmaydi. Faqat ba’zi joylardagina xalq o’z haqqini talab etsa, unda anda joni uziladi.

Andijon voqealari bo’yicha O’zbekiston prokuraturasi yaqinda hisobot berarkan, Bobur maydonidagi hodisalar bu boshlanishi edi, keyin Ukraina, Gurjiston va Qirg’izistonga o’xshab inqilob qilishni rejalashgan degan gapni aytishdi. Ko’rdingizmi, hukumat boshqaruv xalqqa o’tishini mutloq va mutloq istamaydi.

Inqilob bo’lsa, xalqqa yaxshi, karimovchilarga yomon bo’lardi. Shu bois ham ular inqilob orzusidagilarni ham terroristlar deyishmoqda. Shu ketishda hali saylovda qatnashaman deyish ham karimovchilar nazdida terroristlik bo’lib qoladi.

Shunga qaramay muxolifat 2007 yil saylovlariga jiddiy tayyorgarlik ko’rishi kerak. Hech bo’lmaganda xalqning siyosiy ongini oshirish uchun bu tadbirdan foydalanish zarur. Chetda yurganlarning qatnashish imkonlari yo’q ekan, ichkarida turib chetda yurganlarga ishonganlar orasidan saylovda qatnashadigan shaxsni topish va butun muxoliflar yagona blok holida o’sha nomzodni dastaklashlari shart.

 

SAVOL: Amerika O’zbekistondan o’z kontengentini chiqarishi nimaga olib kelishi mumkin? Bush ham bunga indamay qarab turmasa kerak?(Fazliddin, 15 -09-05)

 

JAVOB: Men ilgari ham bu haqda yozgan edim. Shu kecha-yu kunduzda Bush  biror narsa qilishini bilganida Karimov boshqacha yo’l tutgan bo’lar edi. Bugun Bush uchun Karimovdan ham muhimroq masalalar bor va qolaversa,  Karimovni chetlashtirishdan manfaat topmasligini biladi.

Odamzod qiziq. Na issiqqa chidaydi, na sovuqqa. Bugun ko’pchilik Karimovni qoralab turibdi. Unga hech qanday gap kor qilmayapti. Agar unga qarshi kuch qo’llanilsa, hatto siz ham o’sha kuch qo’llangan odam qolib, uning mamlakatiga qarshi nafrat sochasiz.

Bugun Iroq va Afg’oniston haqida gapirganlarning eng asosiy “koziri” shuki, bu mamlakatlarning taqdirini shu mamlakatlarning xalqlari hal qilish kerak. Shunday bo’lgach, nega O’zbekiston masalasida Bush bir narsa qilib bermasmikan, deb kutish lozim?!

“Xalqiga qarab podishohi” degan gap bor. Bugunga qadar Karimovni boshiga ko’targanlar, ertaga Gulnorani ham “onamiz’ deb ulug’lashlariga sizning ko’zingiz yetmasa, mening ko’zim yetadi. Shu bois ham O’zbekistonni kelajagini demokratiya tomon burish uchun avval xalqning “ko’zini ochish” kerak. Bu bugunning eng muhim vazifasi. Kim O’zbekistonning taqdiriga befarq bo’lmasa, ana shu harakatga qo’shilmog’i shart. Karimov bu xalqni ko’zi ko’r holda saqlash uchun soat sayin harakat qilmoqda. Chet el tashkilotlarining yopilishi, xorijiy radiolarning bo’g’ilishi, Internetning nazoratga olinishi, muxolif fikrlaydiganlarni qatag’on etish - bular bejiz emas!

Xullas, Amerika O’zbekistondan chiqib ketib, ko’p narsa yo’qotmaydi.  Oldingi joyidan 200 - 300 kilometr naryoqda boshqa joy topib olishi qiyin emas. Yo’qotadigan O’zbekiston va O’zbek xalqi. Bu ketishda hattto mustaqillik ham yo’qolishi mumkin. Shu bois bu haqda Bush emas, bu mamlakatning taqdiriga befarq bo’lmaganlar o’ylashi lozim!

O’ylayapmiz deganlar  esa mavjud “statuslari” dan rozi va faqat ana shu statuslarini saqlab qolish uchungina intilmoqdalar.

Afsus…ming afsus!

 

SAVOL: Agar bugun sizga va Demokratik O’zbekiston Kongressiga murojaat qilib, “Keling biz Andijonda yana qo’zg’olonga tayyormiz!” deyishsa, shunga boshchilik qilasizmi?(Alisher, 2005 yil, 10 Sentyabr).

 

JAVOB: Birinchidan, Andijonda qo’zg’olon bo’lgan emas. U yerda tinch namoyishlar bo’lib, keyin qurolli qatliomga aylanib ketgan.. Ikkinchidan, hukumat provokatsiya uchun kimnidir oraga qo’yib, shunday taklif qilishi mumkin.  2007 yilgi saylov oldidan ham  xalqni yana bir qo’rqitmoq niyatida yangi bir narsa o’ylab topsa,  “kimlargadir sotilganlarni” aybdor qilib ko’rsatishi uchun shunday o’yinlarga borishi turgan gap.

Xato qilgan bo’lsam, uzr so’rayaman, balki mana shunday savolning o’zi ham provakatsion emas deb ayta olmayman. Chunki zulm zanjiri bilan o’rab tashlangan mamlakat ichidan bugungi sharoitda bunday taklif chiqishiga aslo va aslo ishonmayman.

2005 yilning 4 May kuni “Ozodlik” radiosidagi chiqishimda Karimov jallod va uning uchun xalq, millat degan narsaning yo’qligi, agar kerak bo’lsa, ikki yuz, kerak bo’lsa, ikki ming kishini ham tanklarning zanjiri ostida majaqlatib, o’qlar yomg’iriga ko’mishini aytgandim. Oradan bir hafta o’tib, ayni narsa sodir bo’ldi. Bu hammaga ayon haqiqat edi.

Bugun ham vaziyat shunday. Qonsiragan jallodning huzuriga qancha odamni boshlab chiqmang u bahonasini topadi va qirg’inbarot qiladi. Ma’lumki, 15 yil davomida millatning qayta qurish yillarida oz-moz uyg’ongan faolligi ham o’ldirildi. Bir joyda namoyish bo’lsa, ikkinchi joyda qo’llovchilar bo’lmaydi. Biz mana shu yo’nalishda, ya’ni millatning faolligini oshirish yo’nalishida ishlashimiz kerak. Bu bugun yaqqol samara bermasa ham, kelajak avlodni qutqazadigan yo’ldir.

Qolaversa, men demokratman. Qon to’kish yo’li bilan hukumatga kelish mening zehniyatimga ziddir.

Demokratik O’zbekiston Kongressi ham diktaturaga qarshi va demokratiyaga tarafdorlarning ittifoqidir. Kongress diktaturaga qarshi kurashning qurolli quzg’olin yo’lini rad etadi, demokratik yo’lni tanlashiga ishonaman, demokratik kurashning qay yo’llarini tanlashi esa, uning a’zolariga, qurultoy qarorlariga bog’liq. Men o’zimning shaxsiy fikrimni o’rtaga qo’ydim, xolos.

 

SAVOL: Karimov “Biz informatsion xuruj ostidamiz’ deb aytdi. Bu sovuq urushning boshlanishimi?(Yusuf, 2005 yil, 8 Sentyabr).

 

JAVOB: Karimov o’zicha informatsion urush e’lon qilgan. Har kun hech kim o’qimaydigan gazetalarda qulochday-qulochday “hujumnok” maqolalar chiqmoqda va  gap asosan tashqariga tosh otishga qaratilgan. Hech kim o’qimasa, bularning kimga keragi bor, deyishingiz mumkin. Gap shundaki bular Karimovning kundalik hirsini qondirish uchun qilinadi. Ertalab unga ko’rsatib, nima ish qilingani haqida hisobot berish uchun amalga oshiriladi. U shu bilan xalqni qo’rquvda tutib turibman deb o’ylaydi. Bu birinchidan.

Ikkinchidan esa, Karimov ayyor. O’zbekistonning boshiga kelgan bugungi dahshatli voqelikka boshqalarni ham sherik qilishni zudlik bilan amalga oshirmoqda. Ikki oy avval “hujumnok” maqolalar soxta ismlar bilan chiqayotgan edi. Ma’lumotlarga ko’ra, bu Karimovni qoniqtirmagan va u jurnalistlar, senatorlar, xullas, mahridagi barcha kazo-kazolarga ular o’z imzolari bilan maqola yozishsin degan.

Ular nimani yozsinlar? Internetdagi muxolif saytlarni ochishga qo’rqadilar, xorijiy radiolarni eshitishga yuraklari dov bermaydi va hokazo. Shu bois barcha maqolayu javoblarni Prezident devoniga ishga olingan “qalamkash”lar MXX to’plagan materiallar asosida yozib, navbati bilan kazo-kazolarning nomidan e’lon qilmoqdalar. Hozir birovga moyliroq ish topish uchun ham uning nomidan Amerikaga qarshi maqola chiqarib, Karimovga ro’baro’ qilish avj olib ketibdi.

Ayyor odamning ishi hammavaqt ham aqlli bo’lmaydi.Agar informatsion hujum bilan o’zini qutqara olsa, Sovet Ittifoqi bugun oyoqda bo’lardi. Sovet davrida  “vatan xoini” deb jar solingan birgina Boymirza Hayit haqida 900dan ziyod maqola yozilgan ekan. Ularning hammasini Boymirza ota to’plab, kitob qilganlar. Bir kuni:

-O’zingizga qarshi chiqqan maqolalarni to’plab, kitob qilishdan nima foyda,-dedim u kishiga.

-Meni Boymirza Hayit qilgan, meni elga, dunyoga tanitgan shu maqolalardir. Ularning mualliflarilaridan minnatdorman, shu bois “asarlar”ini to’plab nashr etdim,-deya hazil aralash javob berdilar.

Hazil hazil bilan, ammo Karimov va uning maddohlari ham bugun kelajakning yuzlab Boymirzalarini yaratmoqdalar. Shu bilan birga o’zlarini ham tarixning qora kitobiga muhrlamoqdalar.

Informatsion xuruj ham, informatsion hujum ham faqat Karimovning maydonida. Undan tashqariga chiqa olmaydi. Chunki tashqarida u yashaydigan iflos havo yoq. Sovuq urushga kelsak, bunga Karimovning kuchi ham, madori ham yetmaydi.

 

 

SAVOL: Hali u rahbar “ishdan oldindi”, hali bu rahbar “qochib ketdi” deb o’qib qolamiz. Keyin o’sha odamlar o’z joyida ishlayotganiga guvoh bo’lamiz.  Shunga nima deysiz?(Mamasodiq, 7 Sentyabr, 2005 yil).

 

JAVOB: Matbuoti erkin bo’lmagan, chin xabari yolg’on bo’lgan mamlakatda eng ishonchli manba mish-mish bo’lishini hisobga olsangiz, hamma narsa ayon bo’ladi, qo’yadi.

Endi, xoxish bor, taxmin bor va xabar bor. Ba’zilar ana shuni chalkashtirib yuboradilar. Qayerdandir eshitgan mish-mishlari xoxishlariga mos tushib qolsa, uni xabarga aylantirib yuboradilar. Masalan, Almatov, Inoyatovlarning ketishi juda ko’p odamning xoxishiga mos tushadi. Buning ustiga Karimov ham ulardan qutulish payiga tushgan va buni yashirmayotir. Shunday ekan, Almatovning ko’rinmay qolishi uning ishdan ketgani haqidagi xabarga asos bo’lishi mumkin va bunga ko’pchilik ishonishi ham turgan gap. Inoyatov borasida ham xuddi shunday.

Ba’zilar esa “Hokimiyat Almatovga o’tib ketdi”, yoki “Hokimiyat Inoyatovning qo’lida” deb yozishadi. Bu ham aslida ularning ana shu ikki shaxsga nafratini ifoda etadi.

Lekin nega boshqa vazirlar haqida shunday chalkashliklar yo’q. Ular ishga kelganlarida va ishdan olinganlarida eslanadilar, xolos. Siz aytgan “ana ketibdi, mana ketibdi’lar asosan ikki shaxs atrofidadir.

Sovet davrida hukumat tizimlarida chuqur ildiz otganlarni quritish uchun oldin bozorlarda gap tarqatilardi, keyin u yer, bu yerda tanqidiy gap chiqar va bir kun qarabsizki, o’sha odamlarning oyog’i osmondan kelibdi.

Ajabmas, bugun xoxishlar taxminga, taxminlar esa chin xabarga aylanib, jamiyat shu ikki odamning “ota”si va ularning o’zidan ham qutulsa! Ana o’shanda ba’zi chalkashliklar ham intihosini topadi.

 

SAVOL: Ba’zilar AQShning New Orleans shahrida “Katrina” dovulidan keyin yuz bergan ofatni Xudo Amerikaning Iroq va Afg’onistonga yurishiga javoban qildi, deb yozishmoqda. Shunga siz nima deysiz?(Abdunabi, 6 Sentyabr, 2005 yil)

 

JAVOB: Bunday gap aytish uchun kishining vijdoni o’lgan, yuragiga qurt tushgan bo’lishi kerak.

Bunday gap aytish  Xudoni ham haqorat qilishdir!

Nima, kelib-kelib Xudo Amerikaning eng kambag’al odamlar yashaydigan, aksariyatini urushga qarshi kishilar tashkil qiladigan joyini uradimi?

Bunday gap aytgan odamlar Karimovni oqlash uchun shunday qabihlikka borishmoqda. Bu bilan ular andijonliklarni ham Xudo urdi deyishmoqchi, shekilli.

Ular zilzilalar va toshqinlar bois kelgan ofatlarni ham Xudoga bog’lab qo’yishmoqchi, shekilli?

Ular Karimovning zulmi ham Xudodan deyishmoqchi, shekilli?

Bundaylar birovning ofati ustidan kulmaslik kerak deydilar va ayni paytda birovning fojeasi ustidan kuladilar!

Bundaylar bir qavmni himoya qilib, ayni paytda boshqa qavm o’lib ketishini istaydilar!

Bu dahshat! Bunday insonlar juda dahshatli insonlardir! Agar birovning taqdiri shundaylarga bog’liq bo’lib qolsa, dunyoning oxirini ko’radilar!

Ofat ofatdir! Agar dishmaningiz boshiga ofat tushsa ham yordam qo’lini cho’zmoq kerak! Bu insoniylik bo’ladi!

Ofat ofatdir! Ammo ofatni nimagadir bog’lab, undan  o’zini qondirish ham ofatdir! Bu ofatdan har birimizni Xudoning o’zi asrasin!

 

SAVOL: Karimovning ko’pi ketib ozi qoldi. Undan keyin O’zbekistonni qanday kunlar kutmoqda? Aniq javob eshitishni istardim…(Ahmadjon, 5 Sentyabr, 2005 yil)

 

JAVOB: 1992 yilda Karimov O’zbekiston kelajagi buyuk davlat” deganda, men O’zbekiston - kelajagi kuyuk davlat degandim va hatto eng yaqin do’stlarim ham menga e’tiroz bildirishgandi. Pessimist emas, optimist bo’lish kerak, deyishgandi…

Xullas, mening taxminlarim:

Birinchi taxmin:

Karimovdan keyin nima bo’lishini Karimov ham o’ylamoqda. Uning fenomeni shundayki, u yomon otliq bo’lishni aslo istamaydi. Har qanday sharoitdan ham maqtov olib chiqishim kerak degan tipdagi odam. U zotan keyingi paytlarda o’zidan keyingi vaziyat haqida “qayg’urayotgan” edi. Hozir ham o’sha fikrlarini rivojlantirib, yaqin orada G’arbning ham, boshqalarning ham tanqidlarini o’chirishi mumkin.

Masalan, yarim prezidentlik va yarim parlamentarizm tomoshasini ko’rsatadi. MXXni o’zida saqlab, qolgan hamma vakolatlarni parlament ichidan o’zi chiqaradigan bosh vazirga beradi. Mana sizga demokratiya deydi. Yoki shunga o’xshash boshqa o’yin topadi. Nazarboevning uchinchi davraga qolish harakatlari Karimovni uxlatmayotgani ham turgan gap.

Ikkinchi taxmin:

Har turli yo’llar bilan Karimovning o’rniga keladigan boshqa odamlarni Usmonxo’jayev, Nishonov yoki Elchibey, Gamsaxurdiya kabi qisqa vaqtda dabdalasini chiqaradilar. Kelgan rahbar qattiqqo’llik qilaman desa, xalq qo’zg’alib ketadi. Yumshoqko’ngillik qilaman desa, Karimov tayyorlab qo’ygan porox bochkalar portlay boshlaydi. Mahalliychilik, milliy nizolar va hokazo…

Uchinchi taxmin:

Xalqning hamma siyosiy va ijtimoiy qatlamlarini ifoda etgan Milliy kelishuv hukumatini tuzish kelajakni qutqarishi mumkin. Bu juda og’ir ish. Aravani to’rt tomonga tortib kelgan odamlarni bitta yo’lga solish juda qiyindir. Ular millat, mamlakat manfaatidan o’z manfaatlarini ustun qo’yadilar, turli bahonalar topib, bu yo’lga qarshi chiqadilar. Lekin mamlakatni qutqarish maqsad ekan, qiyin bo’lsa ham shu yo’lni tanlash kerak. Ya’ni O’zbekistonni oyoqqa qo’yishda hamma birday ishtirok etsa, shundagina Karimov 15 yilda tayyorlagan minglab poroxli bochkalarni zararsizlantirish mumkin bo’ladi.

 

SAVOL: Hamma “Ulug’ ayyom” deb turganiga qaramay nega sahifangizda o’quvchilaringizni mustaqillik kuni bilan tabriklamadingiz?(Zohid, 2005 yil, 2 Sentyabr).

 

JAVOB: Islom Karimov o’zini qutqazish uchungina e’lon qilgan “mustaqillik” quyidagi uch toifa  uchun ulug’ ayyomdir”.

1.Uning o’zi.

2.Uning maddohlari.

3.Tarix oldida ko’zi ko’r qilingan avlod.

Haqiqiy Mustaqillik kuni 20 Iyun bayram qilinmas ekan…

Mustaqillik g’oyasini ko’targan “Birlik”, “ERK” nomlari O’zbekistonda tarix sahifalaridan o’chirilgan ekan…

Mustaqillik uchun kurashgan xalq qahramonlari Shovruq Ro’zimurodov, Toyiba To’laganova va yana yuzlab o’ldirilgan, zulm qurboni bo’lganlarning nomi e’tirof etilmas ekan…

Evril Turon (Mamadali Mahmudov), Murod Jo’rayev, Samandar Qo’qonov va yana yuzlab qahramonlar  hamon zulm zindonida ekan…

Mustaqillik deya bayroq ko’targan ming-minglab fidoyilar o’z vatanida vatangado ekan…

Mustaqillik uchun kurashgan yuzlab er yigitlar quvg’in, sarson-sargardonlikda ekan…

Mustaqillik deya xalq bir burda nonga zor etilib, bor narsasi talanar ekan…

Mustaqillik deya xalq mardikorga aylantirilgan, dunyoning yetti burchiga non izlab chiqib ketgan ekan…

Mustaqillik deya bir guruh  amaldorlar butun millatni talar ekan…

Mustaqillikka ishonib, Andijonda joni uzilganlarning ruhi toptalib, ularni o’ldirganlarga mukofot berilar ekan…

Qon sharob ekan, jon xarob ekan… mendan tabrik kutishingiz bu meni haqorat qilishingizdir.

 

SAVOL: Yaqinda biri kishi bilan gaplashib qoldim, u sizni “Ozodlik”radiosi O’zbek bo’limining  oldingi direktori Adolat Najimovani maqtaganlikda ayblab gapirdi. Qayerda maqtab yozgan edingiz? Shuni aytmaysizmi?(Abdullo, 2005 yil, 31 Avgust)

 

JAVOB: Biror joyda maqtab yozganim yo’q. Ammo maqtasa arziydigan ishlar qilgandi. “Ozodlik” radiosi Adolat Najimova paytida haqiqiy ozodlik minbariga aylandi. Ayniqsa, Andijon voqealarini yoritishda bu radio kabi ko’p ish qilgan boshqa matbuot vositasini misol keltirish mushkul. Shu sababdan ham bu radio Karimov rejimidan eng ko’p “mukofot” oldi. Radio tarixida unga qarshi bu yilgi kabi kop va “salmoqli” hujum bo’lgan emas.

Balki siz aytgan gapga Adolatga yozgan maktublarim boisdir. Maktublarimni unga va jamoaga ham yuborganman. Mana bittasi:.

“2005 yil, 23 May. Assalomu alaykum  Adolatxon va “Ozodlik” jamoasi.

Men keyingi kunlarda Andijon fojeasi haqida hamma tomondan ma'lumot olishga harakat qildim va eng aniq, batafsil ma'lumotni faqat sizlardan topdim. Tinmasdan, kechani kecha, kunduznu kunduz demasdan xizmat qilayotganlaringiz uchun sizlarga chin dildan minnatdorchilik bildiraman.

"Qurultoy" dasturi ham “Ozodlik”ning o'ziga xos bir minbariga aylandi. Bunda, albatta, Shuhratbek va Toshkentdagi fidoyi yigitlarning ham xizmatlari katta. Sizdan iltimos, bir tinglovchingiz sifatida Andijon voqealarini yortishda qatnashgan barchcha do'stlarga yurakdan to'kilgan rahmatimni yetkazsangiz. Sizlarga  hurmat bilan Jahongir Muhammad”.

Bu qadar.  Mard bo’lish kerak va haqiqatni aytish kerak, Adolat direktor bo’lganda “Ozodlik”ning o’zbekcha dasturlarida adolat paydo bo’ldi.. “Ozodlik” muxolifatdagi hammaning, hatto ataylabdan, bir necha yillar mutloq so’z berilmagan ba’zi muxolifatchilarning ham erkin minbariga aylandi. Aslida ham shunday bo’lishi kerak, ammo ba’zilar o’zlarini “kichkina Karimov” hisoblab, radioni mahrimga tushgan deb bilishgan, shaxsiy tomorqam deb bilib kelishgan, o’zlari yoqtirgan odamlargagina so’z berib kelishgan.

Shu sabab ham Adolat kimningdir oyog’ini bosgan, radio kimningdir tomorqasiga aylanishiga qarshi chiqqan bo’lishi mumkin, bu boshqa masala, lekin kim nima desa desin, Andijon voqealarini yoritishda ham  Adolat Najimovaning xizmatlarini inkor etish, qalbi so’qirlik bo’ladi.

Adolat ketishi bilan “Ozodlik” eski holiga qaytib qoldi. Allaqachon O’zbekistondan tashvishli xabarlar kelmoqda. Bu haqa yaqin orada batafsil, tahlilli bir maqola yozish niyatim bor. Buni burchim deb bilaman va radio biz to’layotgan soliqlar hisobiga ishlayotgani sabab, undan zulm tomonida emas, balki demokratiya, erkin so’z, adolat  tomonida bo’lishini talab qilishga to’la haqqimiz bor.

Yaqinda o’qib qolasiz.

Bu borada kimning fikri, taklifi bo’lsa, marhamat, tahlilga hissa qoshgan bo’lasiz!

 

SAVOL:Bobur Malikov “Biz 400 yil orqadamiz” deb aytgan maqolani “Turonzamin” jurnalida e’lon qilibsiz. Nahotki, siz ham shu fikrdasiz?( Ismsiz O’zbek, 2005 yil, 29 Avgust).

 

JAVOB: Bobur Malikov anchagina adashgan…

Internet sahifalarida biror kishining biror mavzuda maqolasi paydo bo’lsa, mavzu qolib ketib, gala bo’lib muallifga tashlanishadi. Shu qadar quvvat emas, deb o’ylab qolaman.

Bittasiga bir ish aytsangiz vaqt yo’qligidan shikoyat qiladi, yoki ikki satrni eplab yozolmaydi, yoxud  “menga gap tegib qolmasmikan?” deya, soyasidan cho’chiydi, yoxud manfaat kutib turadi va hokazo. Bu shikoyat emas, bu haqiqat.

Mard bo’lsa, ochiq, imzosi bilan yozsin! Bu gapni 15 yildan beri takrorlayman va o’zim shunga amal qilaman. Kimga, nima gapim bo’lsa, mana shu yerdan ochiq yozaman. Boshqalar ham ochiq yozsa, xafa bo’lmaysiz.. Agar noto’g’ri yozgan yoki bo’hton qilgan bo’lsa,  javobini oladi. Bu “primitiv”madaniyat. Ammo bizda hali ana shu “primitiv”madaniyat ham shakllanmagan.

Yaqinda bir xabar o’qidim. Qaysi bir hayvonot bog’ida maymiunlarning yonida, qafasda odamni ham qo’yishibdi. Hammasi bir maxluq deyishmoqchi.  Odam ham maxluq deyishmoqchi. Odam ham hayvon deyishmoqchi…

Lekin odamda odamlik ham bor, hayvonlik ham bor, maxluqlik ham bor.

Biz o’zimizni qo’yga o’xshatar edik. Hozir endi baliqqa o’xshata boshladik. Qo’y juda yuvvoshlik, qo’rqoqlik ramzi. Bu ramz ko’pchilikda bor. Baliq esa dumini likillatib oldinga ketadi. Saroy maddohlarini, rejim qullarini baliqqa o’xshatsak, balki to’g’ri bo’lar. Xo’sh, O’zbekning madaniyatli deb aytilayotgan, Internetdan foydalanishni o’rgangan, yozishni biladiganlari orasidagi - ismsiz “qahramon”larnii nimaga qiyoslash mumkin?

Men itga qiyoslasam, Bobur Malikov:

-Yo’q, it har qancha akillasa ham sadoqali bo’ladi, menimcha, bular chiyabo’rilardir,- dedi.

“Chiya” deganining bir ma’nosi yovvoyi deganidir. Ya’ni bo’rilar oilasiga begona degani. Aslida chiyabori itlar oilasidan. Lekin uni it ham deyishmaydi. Ba’zan “shaqal”, “shog’ol” deyishadi. Ba’zan “oltiemchak o’laksaxo’r” deyishadi.

Internet sahifalaridagi imzosiz hujumchilar chiyabo’ri bu darajasidan qutulishi uchun 400 yil ham kamlik qiladi. Shekilli. Shuning uchun ham Bobur Malikov adasgan deyman-da!

 

SAVOL: Menimcha, siz hokimiyatga intilayaptiz, shuni ochiq aytib qo’ya qolmaysizmi? (Orifjon, 27-08-05).

 

JAVOB: Yodingizda bo’lsa, men siyosatga qaytmayman, deb aytgan edim. Ammo bugunga kelib, xalq tomonida bo'lgan va siyosatni kun kechirish manbaiga aylantirmagan yetakchilar  soni barmoq bilan sanarli darajaga tushib qolgani uchun qaytishga majbur bo’ldim.

 

Hokimiyat menga menda bo’lganidan ortiq bir narsa bera oladigan darajada emas. Balki mendan oladigan darajada. Hokimiyatga yetgunga qadar kurash ham menga hech narsa bermaydi, balki ko’p narsa oladi.

Amerikada “Vaqt-pul!” degan ibora bor. Siyosatga sarflayotgan juda ko’p vaqtim juda ko’p pulimni

o’g’irlamoqda. Lekin men bundan afsusda emasman. Aksincha, yana ko’p vaqtimni sarflash niyatidaman.

Nega? Men juda o’jarman. Bir ishga kirishsam, natijasiz tashlab ketishni istamayman. Hozir ham xalqimizga xizmat qilish niyatidaman. Ana shu niyat menga kuch bermoqda. Yoshlarga yo'l ko'rsatib, ularni millat xizmatiga ilhomlantirishdek orzuim bor.

Amerikada kimning qancha maosh olganini va kimning qancha topishini so’rashmaydi. Bu madaniyatsizlik hisoblanadi. O’zbekistonda esa, aksi. Shu bois ochig’ini aytib qo'ya qolay,  O'zbekistondagi birorta vazir oladigan poralari bilan birga men bugun bir yilda  ishlab topgan halol pulim qadar topolmaydi. O'zbekistondagi vazirlar xalqning cho'ntagiga qarab qolishgan.

Xudoga shukur deyman,  vijdonim oldida qaddim tik, O'zbekistondan bir tiyin olib chiqqanim yo’q, aksincha, hamma narsamni tashlab, oyoq yalang chiqib ketganman. Lekin halol mehnat qilsangiz, vijdoningiz oldida sof bo’lsangiz yo’lingiz munavvar bo’lar ekan. Bu birinchidan.

Ikkinchidan, men bu yerda erkinman va mening insoniy huquqlarim qonunlar bilan himoya qilinadi va  hech kim mening insoniy qadriyatlarimni toptamaydi. O’zbekistonda esa, buni tassavvur qilish mumkin emas.

Uchinchidan, shu yilning o’zida bu yerda ikkita kitobim chiqmoqda va kelgusida yana bir nechtasi rejaga kiritilgan. O’zbekistondagi o’nlab maddoh ijodkorlarning kitoblarini nima kutmoqda bilmayman, ammo kerak bo’lsa, istagan o’zbek kelajakda, asrlar davomida mening asarlarimni dunyoning asosiy ilm xazinasi hisoblangan AQSH Kongressining kutubxonasidan topishi mumkin bo'ladi.

To’rtinchidan, men bu yerda istaganim qadar koshonada yashashim, hatto Karimovning ham tushiga kirmaydigan darajada ta’til o’tkazishim, istagan mashinani minishim, istagan joyimga borishim, xullas, xoxlaganimday yashashim mumkin. O’zbekistonda esa, halol mehnat bilan bunday erkinlikni hech qachon topa olmaysiz.

Xullas, gapirsa gap ko’p. Ammo issiq joyimni sovutib, tinch qulog’imni qizitib, jannatmakondan sahromakonga yugurishimning faqat bitta sababi bor, u ham bo’lsa, ana shu aslan jannatmakonu lekin amalda sahromakonga aylantirilgan o'lkadagilar ham nega men kabi yashamaydilar, ularning aybi nima, degan bir og’riq. Ana shu og’riq menga tinchlik bermaydi.

Bilasizmi, Mirziyoyevdan tortib, Xalilovga qadar birortasining hayotiga havas qilmayman.  Hammasining hayoti it yotish, mirza turishdir. Ular quldirlar! Badbaxt qullar...Karimovning qullari! Karimovdan keyin esa, uning o’rniga keladigan odamning ham hayoti it yotish, mirza turish bo’ladi. Karimovdan juda og'ir "me'ros" qoladi. Uning o'rniga kelgan odam qattiqqo’llik qilaman desa, qonga botadi, demokrat bo’lsa, toshbo’ron qilishadi. Mana sizga hokimiyat. Shuni bila turib, unga intilish tabiiyki, ba’zilarda savol uyg’otadi. Ammo savol uyg’onmasligi uchun yurakda men aytgan og’riq

bo’lishi kerak.

Karimov ham 15 yildirki, muxolifatni hokimiyatga intilishda ayblaydi. 1991 yilda Karimovga

”O’zbekiston sizning onangizdan qolgan emas” deb aytgan edim. Bugun ham o’sha gapimni takrorlayman: O’zbekiston hech kimning onasidan qolgan emas. Hamma o’tkinchi, ammo bu zamin boqiydir. Shuni unutmasligimiz kerak!

Nega endi hokimiyatga intilish mumkin emas?!

O’zbekistonning har bir fuqarosi hokimiyatga intilishi kerak. Ana o’shanda hokimiyat xalqniki

bo’ladi.

Aslida men sizni hokimiyatga intilmaslikda, passivlikda ayblashim kerak. Mana shu passivligingiz juda qimmatga tusmoqda va hokimiyat Karimov kabilarning mahrida qolmoqda.


SAVOL: "Mahalla" gazetasida "Ozodlik" radiosi haqida chiqqan maqoladan xabaringiz bormi? Bunga munosabatingiz qanday? Undan MXXning hidi kelmayaptimi? (Boburjon, 2005 yil 27 May).

JAVOB: Men gazetaning qariyb ikki sahifasini ishg’ol etgan “Ogoh bo’ling, informatsion xuruj!: ruknida ikki sarlavha-ikki kallalik “Bo’hton ko’p, vijdon qayerda?!” “So’z tuzadu, so’z …buzadi” degan maqolasini oq’idim. Undan MXXning hidi kelayapti deyish mumkin emas. Balki uni MXX tayyorlagan. Bunday maqolalarni Sovet davrida KGB ham xuddi shu usulda tayyorlab kelgan. MXX bu borada ham o’zining salafiga sodiq qolgan.

MXX tayyorlaganini ko’rsatuvchi dalillardan bir nechtasi:
1.Maqolada “Ozodlik” radiosining bir qancha dasturlaridan juda ko’p parchalar keltirilgan. Eshittirishlarni kunba-kun va so’zma-so’z yozib borish, keyin qog’ozga tushirish O’zbekistonda faqat MXX tomonidan sho’rlik xalqning puli bilan amalga oshiriladi.

2. Maqolada shunday faktlar borki, uni birorta jurnalist tugul, Ichki ishlar vazirligi ham bilmaydi. Masalan, “Amerika ovozi” radiosining rahbarlaridan biri O’zbekistonga “maishat” uchun borgan ekan, xotinbozlik qilgan ekan… Buni, agar shunday hol yuz bergan bo’lsa, chet elliklarning ortidan kuzatib yuradigan MXX biladi, xolos.
3.Maqolada “Ozodlik” radiosining ba’zi muxbirlari qayerga borgani, kim bilan qanday muomala qilgani, nimani yozib olgani kabi “dalillar” ketiriladi. Bu ham MXXning ta’qib-kuzatishlari natijasidir va hokazo.
Lekin Sovet davridagi kabi bugun MXX yana qovun tushirgan va “Ozodlik”ni yaxshilab tanqid emas, targ’ib qilgan.
Ma’lumki, O’zbekistonda ko’pchilikning radio eshitish imkoniyati yo’q. Ular Andijon voqealarini quloqdan-quloqqa eshitdilar. Mana endi, MXX “jurnalist” Shuhrat Ulug’zoda (ismi-sharifni qarang!!) nomi bilan o’z maqolasida “Ozodlik” radiosida Andijon voqealari bo’yicha berilgan ma’lumotlarning muhim nuqtalarini qog’ozga tushirib, qora harflarda ajratib keltirgan holda xalqni asl voqeadan voqif etdi. “Ozodlik” radiosining Andijon borasidagi muhim xabarlari xalqqa to’la yetib borgani bilan uning xodimlarini qutlamoq kerak. Endi “Ozodlik”ni eshitmaganlar ham eshitadigan bo’ldilar.

 

SAVOL: Men AQShning xalqaro CNN telekanalida Andijon voqealariga bag’ishlab berilgan ko’rsatuvni ko’rdim. Karimovni qattiq qoralab berishdi, dunyoda fikr Karimov zarariga o’zgara boshladimi? (Mansur, 2005 yil, 15 May).

 

JAVOB: Men ham ko’rdim. Boshqa matbuot vositalari ham Karimovni islomiy ekstremizmga qarshi kursh shiori ostida begunoh odamlarni o’ldirganlikda ayblashmoqda. Bugun butun dunyo uning qotil ekanligini tushunib turibdi. Lekin O’zbekistonda demokratiyani o’rnatadigan kuch ichkarida.

Bugun bo’lmasa ertaga, ertaga bo’lmasa indinga O’zbek xalqi ham demokratiyaga, ozodlikka, haqiqiy mustaqillikka yetadi.  Karimov bilan birga uning jallodlari baribir adolat huzurida javob beradilar. Qaro mehnati bilan ularni boqayotgan, kiydirayotgan xalqqa qarshi o’q otgan, qon tokkan odam kim bo’lishidan qat’iy nazar nonko’rdir. Karimov ham nonko’rlik qildi, qotillik qildi, padarkushlik qildi, bolakushlik qildi. Padarkushning oxiri voydir! Bolakushning haqqi tavqi lan’natdir! Unga sherik bo’lgan jallodlar ham ayni qismatga munosib bo’ladilar.

Ular dunyoni aldashga o’rgandik va yana bir bor aldaymiz deyishmoqda. Ammo o’z xalqining qotillari hammayoqni bekitib olganiga qaramay dunyo haqiqatni bilib oldi!

 

SAVOL:Andijondagi voqealar bir-birimizga gina kudrat saqlash tufayli qo’ldan chiqqan imkoniyat emasmi? (Do’st, 2005 yil, 15 May).

 

JAVOB: Bo’lsa bordir! Ammo men uni imkoniyat deb qaraganim yo’q.

Gina saqlash-yomon. Men gapim bo’lsa aytib, yo’limda davom etaveraman. Vatan istiqboli masalasida har qanday odam bilan gaplashishga hozirman. Shunday qilib ham kelayapman. Garchi gina saqlashga arziydigan ba’zi odamlar bo’lsada. Chunki ularning xatolari bois bugunga qadar o’zbek xalqi zulm chekmoqda, jon bermoqda, millat sifatida oyoq osti bo’lmoqda. Bu esa meni qattiq o’ylatadi, ranjitadi, azob beradi. Ikkinchidan, savol-javoblarda ba’zi odamlarning ism-shariflari aylanib qolsa, buni gina deb qaramang. Agar ularning ism-shariflarini olib tashlaganimda, bu balki mening ularga gina saqlaganim belgisi bo’lardi.

Imkoniyat masalasiga kelsak...Hali, 1992-1993 yillar edi. Men birinchi etapda yutqizdik, buni tan olaylik, xatolarni tahlil qilaylik, uch-to’rt yil hukumatga indamagan bo’lib ko’rinaylik, o’zimizni unuttiraylik, ammo xalq ichida siyosiy tayyorgalikni ko’raylik, siyosiy kuch sifatida keyin birdan maydonga chiqaylik, degan taklifni aytganman. Vallohi, buni Karimov shaxsini yaxshi bilganim uchun aytgan edim. O’shanda kimdir meni qo’rqoqlikda ayblagan edi. Kimdir vaqt o’tib ketadi, dedi. Kimdir esa Karimovni dunyoda fosh etib turishimiz kerak dedi. Yana kimdir agar har kuni bir narsa qilib tursak, xalq biz bilan birga bo’ladi, bo’lmasa unutadi dedi. Demokrat bo’lganim uchun ko’pchilikning fikriga bo’ysundim. Ammo ichki bir og’riq bilan. Chunki qadamba-qadam chohga qarab ketaverdik. Yigitlar to’kilaverdilar, to’kilaverdilar…

Juda ko’p harakat qildim tushuntirishga, tushunishmadi. Keyin men siyosatni tark etdim.

Mana oradan o’n yil o’tdi. Ularning qilgan hamma ishlari zulmning foydasiga bo’ldi. Mayli, bu ham gina bo’lmasin, bu ham tarixning hukmiga havola!

Men bugun ham siyosiy tayyorgarliksiz biror natija chiqishiga ishonmayman. 1991 yilda katta tayyorgarlik qilgan edik va  oramizdan chiqqanlar hamma narsanu buzishgandi. Shunda men katta tayyorgarligimiz ham hali siyosiy tayyorgarlik emas ekanligini anglab yetganman.

Agar biz o’shanda uch-to’rt yil o’zimiz bilan o’zimiz ovora bo’lish ko’rinishini bersak, Karimov taltayib qolardi va demokratik-siyosiy tayyorgarliklarga e’tibor ham qilmaydigan bo’lardi. Ammo har yili bir narsa chiqarish bilan uni uxlamaydigan qilib qo’yishdi. Shunday bo’ldiki, biror yil bir narsa chiqmasa, endi Karimovning o’zi chiqaradigan bo’ldi. O’zbekistonda bir qator yosh demokratlar siyosiy tayyorgarlik ko’rayotgan va 2007 yil saylovlarida siyosiy kuch sifatida maydonga chiqmoqchi edilar.Ammo bugun ularning yo’llarini bekitishdi.

Bilmadim, bu qattol zulm qachonga qadar 26 million xalqning boshini tegirmon toshidek ezar ekan?

 

SAVOL: Nahotki siz demokarik kuchlar borligiga, hali ham O’zbekistonda inqilob boshlanganiga ishonmaysiz? (Yigit, 2005 yil, 15 May).

 

JAVOB: Yo’q, ishonmayman. (Men hayajonga emas, zakovatga ishonadigan odam-JM) O’zbekistonda demokratik kuchlar borligiga esa ishonaman. Ammo ular hokimiyatni qo’lga oladigan siyosiy muxolifat darajasiga ko’tarilmadi, tog’rirog’i ko’tarilishiga qo’yilmadi. Karimov bunga yo’l bermadi.

Diktator Karimov inqilobga yo’l beradigan fenomen emas. U so’nggi joni qolguncha kurashadi, agar kerak bo’lsa, mamlakatning yarim xalqini ham qirib yuboradi va bahona topib, ularning hammasini islom ekstremistlari, deb e’lon qiladi. Men buni Karimovni shaxsan tanigan shaxs sifatida ishonch bilan aytaman.

Agar siz aytgan inqilob yuz bersa va Karimov rejimi yiqilib o’rniga qandaydir “demokratik kuchlar” kelsa, men siyosatning “s” harfini ham bilmas ekanman, deya ochiq aytishga tayyorman.

Hozir esa men bekordan-bekorga o’lib ketayotgan begunoh odamlarga achinmoqdaman, motam tutmoqdaman.

Buning o’rniga odamlarni ruhlantirsangizchi, deyishingiz mumkin. Keyingi paytda takror yozganimdek, o’z jonimni issiq joyda saqlagan holda odamlarni o’limga ruhlantira olmayman! Bu qo’limdan kelmaydi.

 

SAVOL:Siz nima deb o’ylaysiz? Bunday paytda xorijda turgan, diktatorliknini tugatilishini istaydigan uzbeklar nima qilishsa tu'gri yu'l tutga bu'lishadi va Andijonliklarga yordam bergan bu'lishadi?

Agar Andijonliklar yana 2-3 kun turib berishsa Uzbekistonning qolgan viloyatlarida ham xalq ku'tarilishlari boshlansa kerak. Bu esa diktatorlikning tugashiga olib kelishi mumkin...Muhammad Solih va boshqalar qaerda? Shu paytdan foydalanib xalqni ku'tarsa bu'lmaydimi?? Karimovning OMON chilari hammani bostirishga kuchi etmaydi, balki ularning ham joniga tekkan...

Man Jizzax va Toshkent ham ku'tarilsa kerak deb u'ylagandim, chunki ular hammadan ku'proq bu rejimdan zarar ku'rgan regionlar...Boshqa viloyatlarda xalq ku'tarilishining boshlanishi Andijonliklarga bosimni pasaytiradi, chunki bir qism kuchlarni boshqa yoqqa tashlashga majbur bu'ladi...Lekin boshqa viloyatlar Andijonda nima bu'layotganidan bexabar, aloqalar uzib tashlangan, Rus TV lari esa Karimovni qu'llab, unga mostlab ku'rsatishayapti...

Tolib Yoqubov boshchiligidagi va boshqa inson xuquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar  shu paytda sergak turishlari kerak, chunki ulardan boshqa hech kim qolmadi hisobi...Jizzaxda Yomonqulov va haligi yosh hokim bolani shu paytda bir yoqlik qilsa bu'lardi...

Andijonliklar mard odamlar ekan...Nahotki, yordam berolmasak? (Polvon, 2005 yil, 14 May).

 

JAVOB: Karimov oddiy namoyishchilarni ham jinoyatchilar deb atadi va qurolli guruhlarga bog’lab ularni islomiy extremistlarning yaqinlari deb e’lon qildi. Bu esa qatag’onning yana bir davri boshlanishidan darak beradi.

Chetdagilar buning yolg’onligini isbotlash yo’lida yordab berishlari mumkin. Qo’lidan kelganlar “Ozodlik” va BBC ga bevosita interviyu bergan andijonliklarning so’zlarini tezlik bilan ingliz tiliga tarjima qilib tarqatslar yaxshi bo’lar edi.

Ikkinchisi, qirg’izlarning shunday kunda tutgan ishlari ibratli edi. Ular xorijdagi qirg’izlarning jamiyatini tuzib, imzo to’plashgan va xalqni qo’lalshlarini e’lon qilgandilar.

Uchinchisi har kim o’zi yashagan joyda O’zbekiston elchixonasi yoniga borib, Karimov rejimi tinch aholini o’ldirmalsikni talab etsa katta yordam beradi.

To’rtinchisi, xalqaro tashkilotlarga maktublar yo’llab Andijondagi dahshatni tekshirish va tinch aholini ham o’qqa tutgan Karimovni sudga tortish masalasini talab etish kerak.

 

SAVOL: Karimovga to’xta deydigan yo’qmi? (Umida, 2005 yil, 14 May).

 

JAVOB: Diktator Karimov xalqqa o’t ochishga buyruq berib o’zining qo’ndan qaytmaydigan battol ekanligini yana bir bor ko’rsatdi. Rasmiy xabarlarga ko’ra, Andijonda hukumatning kuchlariga bevosita Karimovning o’zi rahbarlik qilgan va ijrochisi Almatov bo’lgan.

Bugun esa Karimov “Men Andijon viloyat hokimligi yonida namoyish qilayotgan 200 kishiga(?) qarshi o’q otmaslikni buyurdim” degan. Bu diktatorning yuzi ikkita, balki yettita ekanligini ham ko’rsatadigan bir dalil.

Karimovga faqat O’zbek xalqi “To’xta!” deyishi mumkin va bugun Andijonda  ana shu hayqiriq yangramoqda.

 

SAVOL: Andijondagi qonli voqealar Karimovning ishi bitganini ko’rsatmayaptimi? (Hikmat, 2005 yil, 14 May).

 

JAVOB: Diktatorning ishi bitgan, lekin muxolifatning ham ishi bitganki boshqaruvni qo’lga ololmadi. Bir tomonda xalq va ikkinchi tomonda ishi bitganlar. Vaziyat ana shu.

 

 

SAVOL: Afsuski, bu voqealar siz aytgan kabi O’zbekistonda boshqaruvni qo’lga oladigan siyosiy muxolifat yo’qligini ko’rsatdi. O’zini muxolifatning otasiman deb yurganlar esa Karimovga o’xshab dunyoni chalg’itishdan nariga o’tmayotirlar. Hatto Muhammad Solih turli mamlakatlarning matbutoga suhbat berib, biz voqealarni Gurjiston, Ukraina, Qirg’izistondagi kabi inqilobga aylantirayapmiz,  deya  yolg’on bayonot tarqatishga qadar yetib bordi. Bunga nima  deysiz? (Baxtiyor, 2005 yil, 14 May).