JAHONGIR
MUHAMMAD
O’zbek tili
davlat tili darajasiga
ko’tarila olmadi. Nega?
-Ona tilida gapirish
bachkanalikmi?
-O’z millatining tilini hurmat
qilmagan odam qanday qilib o’z millatini hurmat qila oladi?
-QONUNmi, QON+UNmi?
Bachkanalik va madaniyat
1992 yilda Ozarbayjon
prezidenti Abulfayz Elchibey Kremlda Boris Yeltsin bilan uchrashar ekan,
Kremlni larzaga soldi. U ruslarnining og’zini lang ochib qo’yib, o’z
ona tilida gapira boshladi. Yeltsin avvaliga nima bo’lganini
tushuna olmadi. Keyin masalani anglab yetdi shekilli,
miyig’ida kulib, atrofidagilarga qaradi. Ular yelka
qisib turardilar. O’shandagina Kreml korchalonlari
mustaqil bir davlat rahbari bilan uchrashayotganlarini his etgandilar.
Bir eslab ko’ringchi, bugunga
qadar Islom Karimov Kreml u yoqda tursin, har bir liderning o’z ona tilida
gapirishi qadrlanadigan BMT minbari yoki biror bir oliy darajadagi uchrashuvda
o’zbek tilida gapirdimi? Gapirgan emas. Gapirmaydi
ham. Doim rus tilida gapirib keldi. Chunki u o’zbek xalqini mensimagani kabi uning tilini ham
mensimaydi.
Konstitutsiyada “O’zbek tili-davlat
tili” deb yozib qo’yilgan. Ammo mamlakatni qariyb 20 yildan
beri ishg’ol qilib olgan Karimov to’dasi Konstitutsiyani oyoq osti etib, rus
tilini davlat tili sifatida saqlab qolmoqda. Buni hammamiz ko’rib,
guvohi bo’lib turibmiz
1991 yilning oxirida Karimov
Turkiyaga borishga tayyorgarlik ko’rayotgandi. Yakshanba kuni edi. Meni ham uydan chaqirib kelishdi. Ikki
farmon loyihasini yozib berishimni so’rashdi. Keyin
Karimov chaqirdi.
-Mana shu kitobni olib boring
deb menga berishdi,-deya ulkan turk shoiri Yunus
Emroning o’zbek lahjasiga o’girilgan kitobini ko’rsatdi. Keyin
kitobni stolning ustiga otdi. Bu menga og’ir botdi.
Shu bois kitobni qo’limga olmaslik bilan unga javob bergan
bo’ldim. Shunda u:
-Nima deysiz? Nima qilish
kerak-ki, turklarni qoyil qilib qaytsak,-dedi.
Xayolimga kelgan gapni aytdim:
-Ularga o’zbek tilida gapirish
kerak!
1988 yilda bir oy Turkiyada
bo’lib, u yerdagilarning o’zbek tiliga oshuftaliklarini, ular biz Sovet davrida
turk tilining bosh bo’g’ini hisoblangan o’zbek tilini
unutib yuborganmiz deb o’ylashlarini sezgan edim. Buni o’sha
yili e’lon qilingan “Yopiq eshiklarning ochilishi” turkum ocherklarimda ham
yozgandim. Har holda “O’zbek tilida gapirish kerak”
deyishimga shu sabab bo’lgan bo’lsa kerak. Lekin o’sh kezda
Karimov, o’zbek tilida chala-chulpa
gapirib, masxara bo’lib yurgani ma’lum edi va bunday
gap unga qattiq botishini tasavvur qilish qiyin emas.
Darhaqiqat, shunday bo’ldi. U birdan qizardi va:
-Bunday qilsak bachkanalik
bo’ladi,-dedi.
Endi bu gap menga og’ir botdi va darhol javob qildim:
-O’z ona tilida gapirish
bachkanalik bo’lsa, rus tilida gapirishni nima deymiz?
-Rus tili bo’lmaganda biz odam
bo’lmasdik,-dedi Karimov va gapni “UzTAG”ning nomini “O’zA”
qilib o’zgartirish haqidagi taklifimga burib yubordi.
O’shanda men Karimov o’zbek
tilini puxta bilmagani uchun jahli chiqdi deb o’ylagan edim. Bugunga qdaar o’tgan davr
isbotladiki, u o’zbek tilida gapirishni bachkanalik va
rus tilida gapirishni madaniyat deb bilar ekan va bu narsa o’sha kezda ham uning
shuurida turgan. Shu bois hatto Istanbulda Turkiy jumhuriyatlar Zirvasida
Nazarboyev, Turkmanboshi, Akayev o’z tillarida gapirganlarida ham Karimov rus
tilida nutq irod qilgan va Turkiyada bu shramandalik deya
baholangandi.
Ha, Karimov janoblari,
(Bilaman siz buni o’qiysiz, o’zingiz xo’jako’rsinga qonunlashtirgan lotinda
o’qiy olmasligingizni nazarda tutib, kirilga ham o’girdim-JM) siz uchun o’zbek
tilida gapirish bachkanalik, rus tilida gapirish madaniyat. Agar men o’z
xulosamda adashgan bo’lsam, Islom Abdug’aniyevich, buni tuzatishingiz mumkin:
Kremlda oz’bekcha gapirsangiz olam guliston, O’zbekiston mustaqilligini e’lon
qilgan bo’lasiz! Chunki tili mustaqil bo’lmagan millatning mamlakati mustaqil
bo’la olmaydi!
Xalqning tili va Xotinning tili
Bundan bir hafta oldin Ovro’pa
tadbirkorlar konfederatsiyasining
yig’lishida uning raisi Ernest Seyer fransuz bo’lgani holda ingliz tilida
gapirgani uchun prezident Jak Shirak o’rnidan turib, norozilik bildirdi va o’zi
bilan birga Iqtisod hamda Tashqi ishlar vazirlarini ham olib, yig’ilishdan chiqib
ketdi. Buni kimdir eski raqobatning davomi desa, yana
kimdir Shirakning o’jarligi dedi. Prezident o’jar bo’lishi
kerak. Ammo bu o’jarlik o’z millatining tiliga hurmatsizlikka
yo’nalgan ojarlik, emas balki o’z millatining tilini yuksaltirishga qaratilgan
bo’lsa, bu uning xislatiga aylanadi. Aks holda bu
uning illati bo’lib qoladi.
O’z tilini chetga surib, rus
tilida gapirishni afzal ko’rgan odamning o’z xalqi haqida qayg’urishiga siz
ishonasizmi?
Men ishonmayman. Yaqinda AQShdagi
yoshlar bilan uchrashuv o’tkazdik. Negadir hamma rus
tilida gapirar edi. Agar ingliz tilida gapirganda ham
buni izohlash mumkin. Ha endi Amerikaga kelgan, shu yerda o’qib, shu
yerda qolib ketishga qaror qilgan va fikrini ingliz
tilida ochiqroq aytadi deyish mumkin.
Men “Kechirasizlar, biroz
millatchiman” dedim-da ataylab o’zbekcha gapirdim. Ba’zilarga bu ta’sir qildi va ba’zilar parvo ham qilmay yana ruscha gapiraverdilar.
Aytishingiz mumkin, ular elitaning bolalari va rus
tilidagi makatblarni bitirishgan deb. Yo’q. Ular bechora xalqning bolalari va bu yerga bir burda non ilinjida kelganlar. Ayb ularda emas, ayb rejimda.
Demak, rus tilini davlat
tiliga aylantirgan Karimov rejimi bechora xalqning bolalarini ham shunchalik
ruslashtirib yuboribdiki ular Amerikaga kelib ham shu tilda gaplashib
yuribdilar.
Bu bizning eng katta milliy fojiamizdan bir shingil.
Bir paytlar, kimdir, “Prezidentimiz xalqning tilida emas,
xotinining tilida gapirishni afzal ko’radi”, degan edi. Bu
hazil gap edi. Ammo haqiqat shuki, Karimov o’z
xalqining ona tilini emas, balki o’z xotinining ona tilini ulug’ladi.
O’tgan yillarda o’zbekning
mamlakat ichida va mamlakat tashqarisida ham bolalari
o’zbek tilida gapira olmaydigan va yoza olmaydigan darajaga tushdilar. Bu Karimovning “ulkan xizmati”dir.
Ha, o’z tilini bayroq qilib
ko’tara olmagan xalq kimningdir yoki kimlarningdir quli bo’lib qolishga mahkum.
Bu gapning isbotini bugun amalda ko’rib turibmiz.
Rivoyat va haqiqat
Bir podshoning uch o’g’li bor
ekan. Voris tanlash uchun ularni sinovga solibdi. Katta o’g’lini
chaqirib;
-Mana bu QONUN,-deya bir
tarafda turgan kitobni ko’rsatibdi,-uning har bir harfiga rioya qilishing
kerak, agar rioya qilmasang taxtdan, boyliklaringdan ayrilib, zindonga ketasan,
man bu ham QON+UN,-deya boshqa tomondagi narsalarni ko’rsatibdi,- y’ani qon va
un. Qon zulm ramzi, un boylik ramzi. Tanlganinga qarab
men xulosa qilaman…
Har uchchala o’g’il
ham QON va UN ni tanlashibdi.
Podsho xafa bo’lib o’trigan ekan, maslahatchisi:
-Xafa bo’lmang, farzandda
bo’lmasa ota nishoni, unda bordur birovning qoni, bolalaringiz siz tanlagan yo’lni
tanladilar,-debdi.
-Sen hali
menga shunday deydigan bo’ldingmi?-deya shohning jahli chiqibdi.
-Chunki siz taxtni biror aqlli
odamga emas, o’z bolalaringizdan biriga bermoqchisiz, ana u o’zingiz yozdirgan
QONUNda esa taxt eng aqlli odamga nasib etgay deb bitilgan,-debdi.
-Men seni do’st deb yursam,
dushman ekansan,-deya shoh QONUNni bir chetga uloqtirib, jallodni chaqiribdi.
Shunda maslahatchi:
-Mana ko’rdingizmi, yana QONUNni emas QON+UN ni tanladingiz, men esa QONUNni
tanlagandim, mayli meni o’ldirtiring,-debdi.
Podsho hukmidan qaytmay maslahatchini
jallodning qo’liga topshiribdi.
Shu zayl podsho o’lib, QON va UN uning avlodlariga me’ros bo’lib qolibdi. Ular birinchi galda o’z otalarini go’rba go’r qilib, keyin xalqni
talabdilar. Ayni shu vaziyatni bugun ham ko’rib
turibmiz. QON va UN ni tanlagan Karimov o’zi
yozdirgan QONUNlarni bir chetga uloqtirib, taxtni ham o’zi kabi zulmdorga
qoldirmqochi.
Huqushunoslikda qo’llaniladigan bir ibora bor: “Dura
leks, sed leks” (Dura lex,
sed lex), bu
qonun qattiq, lekin rioya qilish uchun degani.
Rioya qilinmas ekan, Konstitutsiya va qonunlarda o’zbek tili borasida nega bu qadar gaplar
yozildi? Bu endi munofiqlik masalasi. Chunki QON va UN hukmronligi uchun munofiqlik degan zamin kerak!
12 Aprel,
2006 yil.