JAHONGIR
MUHAMMAD
O’ZBO’AMACHILIK
Sovet Ittifoqi inqirozga yuz tutayotgan yillarda
"Ko’zbo’yamachilik" kalimasi iste’molga kirgandi. Bu ko’proq qo’shib yozish, Markazni aldash kabi illatlarni ifoda
etishda qo’llanilaradi. Mustaqillikning dastlabki
yillaridan boshlab esa "So’zbo’yamchilik" kalimasi istefoda qilina
boshlandi. "Olti oyda sizga jannat qurib
beraman", "mustaqillikni mustahkamlash", yurtboshimiz
aytganlaridek..." kabi takrorlanaverib siyqasi chiqqan iboralarga baho
berish uchun paydo bo’lgandi bu so’z.
Bugungi vaziyat
esa "O’zbo’yamachilik" degan yangi kalimani talab etmoqda.Odatda bir
uyda yashasangiz devorlarni bo’yashning ikki mantig’i bor. Birinchisi,
o’zingizga qulay bo’lsin, deb va ikkinchisi, eski
devorgdagi nuqslarni kelgan-ketgandan yashirish uchun. Bu
ayni paytda zehniyat masalasi ham.O’zbekistondagi siyosatni anashunga
qiyoslasak, oldin devor bo’yash "o’zimga" deb bohslandi. Keyin "kelgan ketganga" yo’naltirildi. Endi esa devor esdan chiqib, bo’yayotgan odam o’zini bo’yamoqda.
Bu yerda rangning ahamiyati qolmadi, oq bo’lsin yoki qora
bo’lsin, farqi yo’q. Bu holatni bir so’z bilan
"o’zbo’yamachilik" deyish mumkin.
Avropa Tiklanish
va Taraqqiyot bankining 3- 5 May (2003) kunlari
Toshkentda o’tgan yillik anjumani oldidan O’zbekiston prezidenti mamlakatda
qiynoqlar mavjudligini tan olaman, deb bank rahbariga va’da bergan, ammo mazkur
majlisda aksini gapirdi.
Majlisni televideniye
orqali jonli ko’rsatamiz va bu oshkoralikning ifodasi,
deb amalda anjumandagi haqiqiy vaziyatdan bir shingil ko’rsatgan telemuxbirlar
quvg’in etildi. Dunyo jamoatchiligi ularni himoya qilgach esa
ularga o’z nomlaridan "bizni qo’llamang" degan xat yozdirildi.
Markazi New
Yorkda bo’lgan inson haqlari bilan shug’ullanuvchi "Human Rights
Watch" tashkiloti mazkur bankning yangi rahbariyati 21 Iyulda(2003)
Toshkentga qiladigan safari munosabati bilan bir bayonot e’lon qilib, bankning
May oyidagi yig’ilishidan keyin ham demokratik o’zgarishlar bo’lmaganini qayd
etdi. Aksincha yana qiynoqdan o’lganlar, to’hmat bilan
qamalganlar, diniy qarashlari uchun sudlanishlar... bular O’zbekistonning
kundalik voqealari o’laroq "o’rgangan ko’ngil, o’rtansa qo’ymas" deganlaridek
davom etdi.
Biz matbuotga erkinlik berdik, deyildi. Lekin
amalda erkinlikni bo’g’ishning yangi yo’llari topildi. Tanqidiy maqolalar yozgan jurnalistlarni qamash orqali qo’rqitish
yoki ularga hukumatning odamlarini rahbar etib tayinlash yo’li bilan cheklash
kabi. Masalan, "Mohiyat" gazetasi
jamoasining kollektiv o’laroq ishdan ketish haqida ariza yozgani voqeasi bunga
bir misol.
Mustaqil Inson huquqlari tashkilotlarini ro’yxatga oldik deyildi.
Lekin bu tashkilot a’zolari hukumatga tobe bo’lib qolgan
ba’zi liderlarini demokratik yo’l bilan almashtiramiz, deyishsa bunga qarshilik
qilinmoqda.
Biz diniy erkinlik berganmiz, deyilayotir. Lekin oddiy imomlarga qadar hukumatning maxsus idorasi tasdig’idan
o’tishi kerak. Namoz o’qiganlar esa Milliy Xavfsizlik
Xizmatining nafaqat ro’yxatiga, balki ta’qibiga ham olinadi.
Biz piketlarga yo’l berdik, deyildi. Ammo adolat izlab
chiqqanlarni ta’qib qilish u yoqda tursin, kaltaklashmoqda va
jamiyatning yot unsurlari deb e’lon qilishmoqda va hokazo va hokazo.
Xullas, qayoqqa qaramang, anashunday ikki manzara. Xo’sh bu bilan O’zbekiston nimaga erishmoqchi? Chetdan kelganlarni aldab yordam olmoqchimi? Lekin chetdagilar ham buni ko’rib turibdilar-ku?! Shunday ekan bu o’z-o’zini aldash, bir so’z bilan esa O'ZBO'YAMACHILIKdir.
(Vashington, 2003 yil, 18
Iyul).