JAHONGIR MUHAMAD

 

MING ASRGA TATIGULIK

 

“TARIXNI TITRATGAN KUNLAR” kitobiga so’zboshi o’rnida

 

 

 

Dunyoda qancha odamlar yashaganlar va yashamoqdalar. Ularni uch guruhga bo’lish mumkin:

1.Dunyo tarixining burilish nuqtalarida voqealarning bevosita va bilvosita ishtirokchilari.

2.Mazkur voqelarning tomoshabinlari.

3.Anashunday voqelarga guvoh bo’lishdan ham mahrum bo’lganlar.

Tangrining inoyati bilan birinchi guruhga kirdim. Bir qarashda bu baxtiyorlik hissini uyg’otsa yana bir qarashda esa hayrat to’fonini o’rlatadi.

 

Afg’on sahifasi

 

Sho’rolarning Afg’onistonga bosib kirishi katta tarixiy voqea edi. Tabiiyki bu katta voqea ekanligini mamlakat ichida yashagan ko’pchilik bilmasdi. Men ham tasodifan o’rganib qoldim. Samarqanda viloyat ro’znomasida ishlardim. Mening ishga-borib keladigan yo’limda Rajabamin degan qihslqoda olomon tobut ko’tarib borayotgandi. Sherigim bilan darrov odamlarga qo’shildik. Olomonning oldida bir zobit va ikki askar ham bor edi. Bu diqqatimni tortdi. Oradan ikki kun o’tib fotihaga bordim va 19 yoshli bir yigit Afg’onistonda halok bo’lganini aytishdi. U o’zini otib qo’yganmish… Nega? Nima uchun? Bu kabi savollarga javob yo’q edi.(Oradan yillar o’tib o’rgandimki, haligi askar Razvedkaga borib muhim ma’lumotlar to’plab kelgan va uni qahramonlikka tavsiya qilishgan.Ammo bu ish uchun unga o’rniga bir urusga mukofot berishgani, uning g’ururini toptashgani uchun o’zini otgan ekan-JM). Bir maqola yozdim. Bosh muharririmiz Ahmadjon Muxtorovga ma’qul bo’ldi.

- Bugunga qadar hech narsa berganimiz yo’q, bir urinib ko’raylik,-dedi u kishi.

Ertasiga bosh muharririmizni Toshkentga Vazirlar kengashining raisiga nutq yozib berish uchun chaqirishdi. Maqolam shu kuni sahifada edi. Ammo ertasiga kelganimda sahifadan topa olmadim. Navbatchi muharrir tushdan keyin keldi va:

-Uzlit olib qoldi,-dedi.

Uzlit degani bugungi tilda senzura deganidir.Shu kuni Bosh muharrirning birinchi o’rinbosari huzuriga bir kishi keldi. Kimligini va qayerdan kelganini aytmadi. Meni taklif qilib eshikni yopib olishdi.

-Aka, Afg’oniston juda muhim masala, bunday masala haqida yozishga Politbuyroning qarori kerak. Bu birinchidan. Ikkinchidan esa, siz Afg’onistonga borganingiz yo’q va nima bo’layotganini, kim nima uchun o’layotganini bilmaysiz. Bilmagan narsangizni yozib nima qilasiz?- dedi.

Men unga nima gapi bo’lsa bosh muharrir bilan gaplashishi kerakligini aytib chiqib ketdim. Shundan keyin Afg’onistonga borish istagi ko’nglimni ishg’ol qildi va 1988 yilda imkon bo’ldi va jurnalist sifatida bu o’lkaga bordim. Qaytib kelganimda yozganlarimni "Sovet O’zbekistoni" ( Bu kezda mazkur gazetaning Samarqand viloyati boyicha muxbiri edim-J.M.) da nashr etishmadi. "Politbuyroning ruxsati yo’q" edi. Ahmadjon Muxtorov "Qishloq Haqiqati"ning bosh muharrirligiga ko’tarilgan edi. Yozganlarimni unga olib bordim.

-Yana bir sinab ko’ramiz,-dedi u kishi va yozganlarim gazetada chiqa boshladi. Dunyoning charxi teskari aylanib ketdi. KGB tishini qayrab ishga kirishgan kezlarda Mixail Gorbachevning Afg’onistonda xato qildik, degan iqrori chiqdi. Keyin rus armiyasining generel Gromov boshchiligida Hayratondan mag’lubona qaytishini ko’rish sharafiga muyassar bo’ldim.

 

"Qizil Imperiya"ning qulashi

 

1989 yilda e’lon qilingan saylovoldi dasturimda O’zbekiston mustaqilligi g’oyasini ilgari surganman. Bu dasturim Jomboy tuman gazetasida ham chop etilgandi. O’shanda nomzodim Jomboydan O’zbekiston Xalq deputatligiga ko’rsatilganda kommunistik partiyaning qora buluti boshimga yog’ildi. Lekin kurashda g’olib chiqsh nasib etdi. O’zbekiston Oliy kengashining 1990 yil 20 Iyundagi sessiyasida kotibiyat raisi sifatida O’zbekiston Mustaqillik deklaratsiyasini kun tartibiga kiritish ham mening sharafimga tushdi. Bular haqida alohida yozilgan."IAK" hujjatli romanimda ham bu voqelarga katta o’rin ajratganman.

Sovet Ittifoqining qulashida ham yana tomoshabin emas, balki ishtirokchi edim. Jurnalisilar uyushmasidan SSSR Xalq deputatligiga saylangan Ahmadjon Muxtorovning ishonchli vakili sifatida Moskvada va O’zbekiston Oliy kengashi Oshkoralik Qo’mitasi raisining o’rinbasari o’laroq Toshkentda zulm saltanatini yiqitish jabhasida edim. Ha, 70 yildan uzoq ostonasiga bosh urilgan Moskvadan biz yuz o’girdik, bizning avlod yuz o’girdi.

 

Ko’rfaz urushi

 

1991 yil Ko’rfaz urushi boshlanganda O’zbekiston Oliy kengashida ishlardim va bu borada majlis bo’lganda urushga qarshi ekanligimizni qarorga bog’ladik. Oradan 12 yil o’tib yana ayni urush boshlanganda Amerikada edim va jurnalsit sifatida yana voqelarning ichida bo’ldim. Bu safar fikrim 1991 yildagidan farqliroq edi. Men Saddam Husayn ketkizilishi tarafdori edim. Ayni paytda Rossiya, Fransiya, Olmoniya va Xitoyning AQSH ga qarshi chiqqanlari meni hayrtaga solardi. Rossiya Chechenistonda musulmonlarni xonavayron etayotgan, Xitoy Sharqiy Turkistonda zulm yurgizayotgan, Fransiya va Olmoniya ham musulmonlarga ko’z ochdirmayotgan bir paytda ularning "musulmonlar qalqoni"ga aylanishlari g’ashimga tegardi.

 

Charxi Falakning To’foni

 

2001 yilning 11 Sentyabri Dunyo charxining boshqa tomonga aylangan kuni bo’ldi.

2001 yilning 11 sentyabri. Ertalab soat 8.45.Bostondan uchgan 175 parvozli uchqich New Yorkda Jahon Savdo markazining ekizak binolaridan biriga urildi.

Oradan 18 daqiqa o’tib boshqa bir uchqich osmono’par binolarning ikkinchisiga urildi.

Soat 9:43 da yana bir uchqich Washingtonda Pentagon binosiga sanchildi.

Oradan ikki daqiqa o’tib Oq uy evakuatsiya qilindi.

Soat 10.05. Jahon Savdo markazining binolaridan birinchisi qulab tushdi.

Soat 10.-28. Osmono’par binolarning ikkinchisi ham quladi.

Washingtonga tomon kelayotgan bir uchqich soat 11:26 da Pensilvaniyada halokatga uchradi.

Terroristlarning Ozodlikka, Erkinlik dunyosiga qarshi hujumlari elni larzaga soldi.Amerika ularning oz’lariga qarshi kurash uchun oyoqqa qalqdi. Bir soz’ bilan aytganda dunyoning charxi boshqa tomonga qarab aylana boshlandi.

11 Sentyabr... Ming minglab insonlarning umr rishtalari soniyalarda uzilgan kun.

11 Sentyabr... Begunoh insonlarning yostig’i qurigan, onalar va bolalarning esa yostig’i yoshlangan kun.

O’sha kuni "Amerika ovozi"dagi hamkasblarimga "Bu ishni qilganlar musulmonlarning dushmanlari va bu axmoqona harakatlari bilan musulmon dunyosini yana 100 yil orqaga itqitib yubordilar" dedim. Ba’zilar bosh siltab qo’ydi. Lekin qisqa vaqtda gaplarim o’z isbotini topdi. Sichqonlar arslonning tirnog’ini qo’parsa undan keyin keladigan tomoshani tasavur qila olish kerak edi.

Kimdir bu ishni Amerikaning o’zi qilgan, dedi. Amerikada yashaganim va voqelarining bevosita ichida bo’lganim uhcun ham bilardimki, agar bu suihni Amerikadan bir bir tashkilot u yoqda tursin hatta biror bor shaxs aralashib qilgan bo’lsa ham bir daqiqada ayon bo’lardi. Chunki bu hamma hokimiyat bir qo’lda emas balki respublikachilar va demokratlar o’rtasida talash. Bunday voqea esa, ya’ni o’z xalqini o’ldirish evaziga nigadir erishihs) partiyalarning birini yakson qilib hukumati boshqasi olishi uchun asos bo’ladi. Qolaversa demokratik bir jamiyatda har qanday sir ham albatta ochilishini unutmaslik kerak. Qonli hujumni qilganlar o’z jazolarini oldilar va o’rmonga o’t ketdi. Endi ho’lu quruq baravar yonishi ham aniq!

 

TURONZAMIN

www.jahongor.org-

 

Interentni ilk ishlatgan ham bizning avlod bo’ldi. Menga esa O’zbekistonda ilk bor adabiy nashr sifatida o’z asarlarimning hammasini bo’lmasa ham akasarini bir joyga to’plab, TURONZAMIN sahifasini ochish nasib etdi. Bu paytda xorijda muxolifatga oid baz’i sahifalar bor va ular xabar og’irligida va deyarli kirilda bo’lgan siyosiy weblar edi. Menga esa o’z asarlarimni asosan lotin alifbosida nashr etish va she’rlarimni ovozim bilan birga mazkur sahifaga qo’yish nasib bo’ldi. Bu paytda O’zbekistonda mashur adiblar ham kitoblarini chiqara olmay xunob edilar. Ular kitob orqasidan pul qilib kun kechirish ilinchida edilar. Lekin kitoblarini chiqarish uchun mablag’ kerak edi va buni topolmay qiynalmoqda edilar. Bir kun kelib o’zbek ijodkorlarining WEB lari ko’payib ketar, ko’ngil shuni istaydi. Ammo men Internetda o’zbek ijodkorlari orasida ilk adabiy nashrni yaratganimdan va buni pul topish ilinjida emas, balki elimga bir xizmat sifatida bajarayotganimdan baxtiyorman.

…Yana XX asrdan XXI asrga o’tish…Yugoslaviyada Miloshevich rejiming qulashi, Afg’onistonda Toliblar rejimining ag’darilishi, Iroqda Saddam Husayn haykallarining yiqitilishi, Karimov rejimiga qarshi kurash kabi muhim voqelarning guvohi bo’ldim. Har biri alohida kitoblarga sitg’maydigan voqelar. Hali oldinda yana qancha siru sinoat bor? Nima bo’lganda ham bularning hammasi menga bedorlikni baxsh etdi va umrim uyquda kechayotgani yo’q. Dunyodagi uch guruhga mansub odamlarning birinchi guruhiga kirish ham bir samar.

Hujjatimda tug’ilgan kunim 30 noyabr qilib ko’rsatilgan. Bu yanglishlikning ham bir tarixi bor. Ammo asl tug’ilgan kunim 1- Sentyabr. Esimni tanigan kundan beri shu kunni bayram qilamiz, shu kunga salom beraman. Ushbu maqolani anashu kunga bir salomdir.

Tug’ilgan kunimga salomlar bo’lsin.

(VASHINGTON, 2003 yil, 1 Sentyabr).