JAHONGIR MUHAMMAD

 

Saddam sabog’i

 

Buzoqning qochgani molxonaga qadar deydilar. Saddam molxona kabi bir joyda qo’la tushdi.

Etibor qildingizmi, uning ilk e’lon etilgan  suratida u salafi Karl Marksga o’xshab qolgandi. Ammo Karl Marks ta’limoti dunyoning bir tomonini o’pirgan bo’lsada u shaxs o’laroq Saddam kabi millionlarning yostig’ini quritmagani uchun uning suratiga qarasangiz etingiz junjikmaydi. Saddamning surati esa  nafrat uyg’otadi.

Etibor qildingizmi, Saddamni do’xtirlar tekshirayotganda xuddi odatiy qabulga kelgan kabi bamaylixotir edi. Chunki uning xayolida bitta narsa hukmron bo’lsa ne ajab: nima bo’lsa ham o’z jonini saqlab qoldi. Uning uchun qancha badbaxtlar ko’r-ko’rona jon berdilar, hatto o’g’illari ham uning uchun o’lib ketdi. U esa bamaylixotir bir ko’rinishda do’xtirning aytganlarini bajonidil bajarmoqda va  bugun tirik ekanidan xursand.Chunki u o’limdan qo’rqadi xuddi hamma narsadan, hamma odamlardam qo’rqqani kabi.

Etibor qildingizmi, u qo’lga tushganda yonida qurollari bor edi, ammo qarshilik ko’rsatmadi.Chunki otib qo’yishlaridan qo’rqdi. Bu diktatorning asl xislatini fosh qiladigan holat. Chunki diktatorlar qo’rqoqlardan chiqadi.

Etibor qildingizmi,  matbuotga suhbat bergan iroqlik, Saddam tarafdori bir  kishi “ U Bag’dodni tashlab qochganda bir uyaldim, endi esa ikkinchi bor uyaltirdi. U qo’rqoqlik timsoliga aylandi. Axmoq bo’lib unga ishongan ekanaman” dedi. Kechikkan e’tirof…

Saddam qo’rqoq edi…Qo’rqmas, mard odam bohsqalarning tanqididan, tahdididan,  fikridan, zikridan  cho’chimaydi, boshqalarning o’zi haqida aytganlariga parvo qilmaydi. Chunki o’ziga ishonadi.  O’zining tozaligiga ishonadi. Qo’rqoq esa o’z soyasidan ham cho’chiydi va soyaga qarshi ham qatag’on  boshlaydi. Shu zayl u zolim diktatorga aylanib boradi. Taxtdan ayrilishdan, xalq bilan yuzma-yuz qolishdan qo’rqadi diktatorlar. Bu esa ularning shavqatsizligini yanada oshiradi. Bu halqaga, zanjirli halqaga aylanadi va kuchayib boraveradi. Ammo har qanday kuchayishning bir susayishi bor.

E’tibor qildingzimi, u yerto’ladagi chuqurlikda bir maxluq kabi yashagani bilan yonida 750 ming dollar pul bor edi. Pul diktatorning joni. U pul uchun eng yaqinlarini ham sotadi.  U xotinidan ayri yotishi mumkin, ammo puldan ayri yotolmaydi. U sevimli bolalari va nevaralaridan ayri tushishi mumkin, ammo puldan ayri tusha olmaydi. Uni qo’lga olmasdan faqat pulini olib qo’ysangiz u  o’sha yerto’lada devonaga aylanadi.Lekin uning qo’lga olinishi juda muhim edi. Bu tarix va kelajakka Saddam sabog’i degan bir dars yozish uchun kerak edi.

Uning qo’lga olinishi dunda chirmoviqdek yashayotgan diktator va diktatorchalarga Saddam sabog’ini berish uchun kerak edi.

Uning  qo’lga olinishi zolimni adolat huzuriga olib chiqib sud qilish, qonunlarni oyoqosti etib kelgan odamga qonun oldida hamma birdek turishi shartligini ko’rsatish uchun kerak edi.

Uning qo’lga olinishini u dunyoning borligiga ishonmagan  murtadga gunohlari uchun javob berish faqat u dunyoda emas, balki bu dunyoda ham borligini  ko’rsatib qo’yish uchun, o’z qilmishlariga yarasha javob berish nimaligini his ettirish uchun kerak edi.

Kelajakda maktablarda Saddam sabog’i degan dars o’tilishi va insoniyat bolaligidan boshlab qo’rqoq emas, mard bo’lishga, zolim emas, odil bo’lishga, qotil emas, mehribon bo’lishga o’rganishi uchun kerak. Odamlar jon oluvchi emas, yon beruvchi bo’lishga o’rganishlari uhcun ham bu saboq, bu dars kerak.

Mansabu  taxtni otasidan qolgan, deb biluvchilar, millatni  temir betonday qotirib qo’yuvchilar, xalqni o’zining quli deb fikrlovchilar, mamlakatni onasining mahriga tushgan deb o’ylovchilar, bolalari  elu yurtning boyligini talaganda ko’z yumib, bechora odamlarning esa cho’ntagidagi so’nggi bir mirini ham uradigan yurtboshilarga dars bo’lishi ushun  Saddam sabog’i  kerak.

Toki har bir inson idrok etib tushunsinki, zulming, qatag’onning, adolatsizlik, qabihlik, aldov va yolg’onning, zulmatning  bitishi bor. U hisob kunidan qocha olmaydi. Zolim adolat hukmidan bugun qochishi mumkin, ertaga qochishi mumkin, indinga ham qochishi mumkin, ammo butunlay, abadiy qocha olamyadi, qochgani molxonaga qadar.

Yomonga qarab yaxshilikni o’rgan deydilar. Sadam  sabog’ining debochasi bu.

(2003 yil, 14 Dekabr)