JAHONGIR
MUHAMMAD
REJIMNING
MAHSULI
Ma’lumki, Buhronlarning oldini olish xalqaro guruhi vaqti-vaqti
bilan turli minataqalardagi dolzarb muammolar borasida hisobotlar e’lon qilib,
yuzaga kelgan vaziyatni qanday bartaraf etish yo’llarini ko’rsatishga intiladi.
Mazkur guruhning yaqinda (2003, 30 Iyun) e’lon qilingan navbatdagi hisoboti
"Hizbu at Tahrir: Radikal islomga javob" deb nomlangan hamda Markaziy
Osiyodagi, ayniqsa, O’zbekistondagi achinarli vaziyatning oldini olishga
qaratilgandir.
1950 yillarning boshida Yaqin Sharqda paydo bo’lgan Hizbu at Tahrir
diniy tashkilot emas, deyiladi hisobotda, balki dinni asos qilib olgan siyosiy
partiyadir. Uning maqsadi xalifalikni tiklash,
dunyodagi islomiy hududlarni yagona xalifalik bayrog’i ostida birlashtirish,
Shariatni butun hayotning asosiy qonuniga aylantirishdir. Hizbu at Tahrir zo’aravonlikka qarshi ekanligini e’tirof etib
keladi. Zotan aksariyat faoliyatlari tinchlik yo’lida
amalga oshiriladi. Masalan, o’tgan oy Buyuk
Britaniyada O’zbekiston elchixonasi yonida o’tkazilgan norozilik namoyishi yoki
7 Iyulda ayni joyda o’tkazilishi mo’ljallangan ayollar namoyishi ortida ham shu
tashkilot turgani aytiladi.
Hizbu at Tahrir terrorizmni rad etishini, begunoh odamlarni
o’ldirish mumkin emasligini, buni Islom qoralashini o’z hujjatlarida bayon etib
kelmoqda. O’zbekistonda bu tashkilot mustaqillik
yillarining ilk paytlarida o’zini ko’rsata boshlagandi. Bugunga qadar
katta kuchga aylanmagan bo’lsada, ammo faoliaytining izchilligi va yoshlarni o’z tomoniga ag’dara olish qobiliyati bilan
hukumatni shohsirib qo’ymoqda.
Hizbu at Tahrir
varaqalarini va ma’lumot tarqatish yo’llarini
O’zbekiston hukumati qattiq ta’qib etib kelmoqda va buni jinoyat deb
baholamoqda. Uning ko’plab a’zolarini qamoqlarga tiqqan va
ba’zilari qiynoqlarga tutilib, vahshiyona o’ldirilmoqda ham.
Dunyoning bir qator mamlakatlarida ochiq faoliyatda bo’lgan Hizbu
at Tahrirni O’zbekiston hukumati terroristik guruhlar ro’yxatiga kiritgan.
Bu ham yetmaganidek, qo’shnilarini ham shunga ko'ndirmoqda va
dunyoga ham bu talabini o’tkazishga urinmoqda.
Bu holatni
keskin tanqid qilgan Buhronlarning oldini olish xalqaro guruhi Islom Karimov
rejimi qattiqqo’lik bilan radikal islomiy qarshilik guruhlarini yaratayotganini
urg’ulaydi va o’z hisobotiga ilova qilgan takliflarida
siyosiy yo’llar bilan kurash olib borish kerakligini ta’qkidlaydi.
Bu esa eng
avvalo, demokratik va dunyoviylik tarafdori bo’lgan
siyosiy muxolif tashkilotlarni ro’yxatdan o’tkazib, erkin faoliyatlari uchun
izn berilishi kerakligidir. Shuningdek, matbuotga amalda
erkinlik berish, diniy mavzularda yozihni ta’qiqlamaslik zarur.Hukumatni,
jumladan Milliy xavfsizlk xizmatini ochiq tanqid qilishga izn berilishi lozim.
O’zbekistonda mufti va imomlarga ham erkinlik berilsa,
bu xalqning ularga ishonchini oshirishi mumkin. Hozir esa ularning aytganlarini
hukumatnining aytgani, deb bilgan yoshlar kelajakka ishonchni Hizbu at Tahrir
kabi guruhlarning talqinlaridan topmoqdalar va
ishonmoqdalar.
Ayni paytda Markaziy Osiyo davlatlari bilan o’rnatilgan qattiq
chegara siyosati, iqtisodiy cheklovlar ham yoshlarning ishsiz qolib, turli
guruhlarning va’dalariga og’ib ketishlariga olib kelmoqda.
O’zbekiston
hukumatining sallani olib kel desa, kallani uzib keladigan maxsus xizmatlarini
qonuniy yo’lga,tartibga solish, ularning
o’zboshimchaliklarini cheklash zarur. Bularning hammasi
demokratik jamiyat sari qoyilgan muhim qadamlar bo’ladi.
Lekin gapni gapir uqqanga, deyishadi. BMTning qiynoqlar boyicha vakilining safaridan keyin ham Hizbu at Tahrir a’zolarini, boshqa siyosiy mahbuslarni qiynash davom etgani kabi, o’nlab, yuzlab hisobotlar va takliflarga qaramasdan O’zbekiston hukumati o’z bilganidan qolamaypti. Bu esa uni kun sayin, soat sayin orqaga yetaklamoda va bu depsinishning, bu repressiyaning oqibatlari oddiy xalqqa qimmatga tushmoqda.
(Vashington, 2003 yil 2
Iyul).