JAHONGIR MUHAMMAD

 

QIYNOQLARNI

QORALAB

Avropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti(OBCE)ning amaldagi raisi, Niderlandiya Tashqi Ishlar vaziri Yaap de Xup 6-11 Iyul kunlari Markaziy Osiyoga, jumladan O’zbekistonga tashrif buyuradi.

8-Iyul kuni esa O’zbekiston inson huquqlari jamiyati qiynoqlarga qarshi namoyish rejalagan.

Har ikki voqea ham AQSH Kongresining Helsinki komissiyasi raisi Kristofer Smitning yaqindagi bir chiqishi bilan bo’g'liq.

Ma’lumki, O’zbekistonda qiynoqlar masalasi davlat siri darajasidan chiqib, jahon jamoatchiligining diqqatiga tushib bo’lgan. Ilgari hukumat qiynoqlar yo’q, deb kelardi. Keyinchalik inson huquqlari kurashchilarining jasorati bilan qiynoqlar borasidagi dalillar o’rtaga qo’yilgach, hukumat qiynoqlar borligini bevosita tan olish o’rniga,har bir voqeaga bahona ko’rsata boshladi. Bu bahonalarga kimdir ishondi, kimdir ishonmadi. AQSH Kongresining Helsinki komissiyasi raisi xuddi anashi masalani o’rtaga qo’ydi. Gap O’zbekistonga iqtisodiy yordamlar masalasida edi. Bu borada Kongresga ikki marta, ya’ni 2002 yilning 26 Avgustida va shu yilning 14 mayida murojaat qilgan AQSH Davlat kotibi Kolin Powell O’zbekistonda "jiddiy va davomli ijobiy o’zgarishlar" bo’layotganini qayd etgandi.

O’tgan oy, ya’ni 24 Iyunda esa Helsinki komissiyasining raisi kongresmen Kristofer Smit Davlat kotibining bunday izohotini tanqid qilib chiqdi.U O’zbekistonning terrorizmga qarshi kurashdagi ishtirokini qayd etgan holda, baribir iqdisodiy yordamlarni bu mamlakatdagi inson huquqlari masalasiga bog’lash kerakligini uqtirdi. Kongresmen O’zbekistonda keyingi paytda inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi bir-ikki tashkilot ro’yxatga olingani, tsenzura bekor qilindi, deb e’lon qilingani, amnistiyalar, bularning hammasi xo’jam ko'rsinga qilingan ishlar, jahon jamoatchiligining diqqatini chalg’itish uchun otilgan "odimlar" ekanligiga diqqat qaratdi.

BMTning qiynoqlar borasidagi vakili O’zbekistonga borgani va mamlakat qamoqxonalarida qiynoq-iskanjalar surunkali tus olganini ochiq qayd etgani, bu masala xalqaro sahnada bir necha bor muhokama qilinganiga qaramay yana siyosiy qarashlari uchun qamalganlar qiynab o’ldirilgani o’rtaga chiqdi. Masalan, Orif Eshonovning momotaloq bo’lgan vujudini aks ettirgan fotosuratlar butun dunyoga tarqaldi va g’azzab uyg’otdi. Otamirza G’afforovning o’limi ham anshunday aks sado berdi. Ammo O’zbekiston hukumati bu mahbuslar o’z ajallari bilan o’lganlarini aytishi kongresman Smit iborasi bilan hech narsaga yaramaydigan bahona edi.

"Prezident Karimov vahshiyona qiynoq usullaridan voz kechishi kerak,- dedi Kristofer Smit,-va bunday holatlar takror bo’lmasligi uchun keskin choralar ko’rishi, aybdorlarni jazolashni yo’lga qo’yishi zarur. Afsuski Karimov anashunday oddiy odim otishdan, ya’ni qiynoqlar mavjudligini tan olishdan bosh tortmoqda."

Taniqli adib Mamadali Mahmudovga ko’rsatilgan va ko’rsatilayotgan tazyiqlar, Murod Jo’rayev, Samandar Qo’qonov kabi yuzlab o'zgacha fikrlaydigan muxoliflariga nisbatan betoqatlik O’zbekiston hukumatining kundalik siyosatiga aylangan.

Kristofer Smit OBCE ni ham bu borada yanada jiddiyroq harakatlarga chaqirgan edi. O’zbekistonga tashrif buyurayotgan OBCE rahbari avvalo qiynab o’ldirilgan mahbuslar masalasida xalqaro mustaqil ekspertlarni ishga solishni so’rashi kutilmoqda. Shungdek, siyosiy va diniy qarashlari uchun qamalganlarni zudlik bilan, hech qanday shartlarsiz ozod qilinishini talab etish kun tartibida. Ayni paytda siyosiy muxolif partiyalar va inson huquqlari tashkilotlarini ro’yxatga olish, matbuot erkinligini ta’minlash ham suhbat mavzui.

O’zbekiston 2003 yilning Noyabr oyidan boshlab pulni konvertatsiya qilishga o’tajagni e’lon etdi. Bu esa xalqaro yordamlarsiz jiddiy iqtisodiy buhronlar paydo bo’lishiga olib keladi. Xalqaro yordamlar esa demokratiya va inson huquqlariga bog’lanmoqda. Demak, yana tanlov. Kristofer Smit iborasi bilan aytganda qiynoqlarni qoralab, demokratiya tomon yuzlanish bu boshqalarning emas, O’zbekistonning, o’zbek xalqining manfaatlari uchun xizmat qiladi. Bu manfaat tanlovidir. Ya’ni, millat manfaati uchun tanlovdir.

(Vashington, 2003 yil 3 Iyul).