JAHONGIR MUHAMMAD

 

Bir o’q bilan to’rt quyon

yoki

Karimov "Birlik"ni nega aybladi?

 

Agar "Birlik"ning munosabatiga nazar solsak, "Bu Karimovning xatosi, u "ERK" bilan "Birlik"ni almashtirib qo’pol xato qildi" deyishdi ular. Muxolifatning tashqaridagi namoyondalari orasidagi tortishuvlar ham "Karimovning esi kirdi-chidi bo’lib qolgan" yoki "Karimov endi "Birlik"ni ayblashga o’tdi" kabi xulosalardan nariga o’tgan emas. Ular Karimovning faqat "Birlik" haqidagi gaplarini ajratib olib, xulosa qilishgani ham masalaga jiddiy yondashilmaganini ko’rsatadi.

Aslida esa Karimov og’ziga kelgan gapni vaysab yuboradigan odamlar turidan emas. U bir gapni aytishni istasa, uni qaysi yo’l bilan qay tarzda odamlarga yetkazishni uzoq o’ylaydi va buning uchun kerak bo’lsa bir ikki kishining taqdiriga bemalol chiziq tortishi ham mumkin. O’tgan yillarda buning ko’plab misollarini ko’rdik. Keyingi voqea ham Karimov bir o’q bilan uch quyonni urganining bir misolidir.

Birinchidan, Rossiyada Duma Putinning "chap cho’ntagi"ga aylandi, millatchilar, shovinistlar prezidentning qo’ltig’iga kirishdi. Bundan Karimov tashvishda va Rossiyadagi saylovlarga munosabatini bildirganda tashvishda ekanligini sezdirib qo’ygandi. Shundan kelib chiqadigan bo’lsak, Moskva Karimov keyingi yillarda tarozining AQSH pallasini bosishni haddan oshirib yubormoqda deya ochiq gapirayotgan edi. Bu xatarni kuchsizlantirib qo’yish Karimovning nazaridan chetda qolgan deb o’ylagan odam xato qiladi yoki Karimovni umuman bilmaydi.

2003 yilning 19 Dekabrida Toshkentda Turkiya Bosh vaziri Erdo’g’an bilan matbuot konferensiyasi o’tkazgandan keyin Karimovning o’zi ataylab yoniga "Komersant" gazetasining muxbirini chaqirib, "Nima savoling bor edi" deb so’rashi bejizmidi? Oddiy qilib aytganda Karimovning Moskvadagilarga yetkazib qo’yadigan gapi bor edi. Bu esa AQSHni yengilgina tanqid qilib qo’yishdan iborat. Odatda bunday kezlarda Karimovning odamlari muxbirlarga savolni oldindan berib qo’yadilar va Karimov ham javobga shay turadi.

Muxbirning birdaniga AQSH Kongressida Davlat departamenti vakilining O’zbekiston rahbarlaridan biri "Birlik"ni ro’yxatga olish haqida va’da berganini aytganini eslashi etibordan chetda qolib ketgan nuqta bo’ldi. Karimov kimki muxolifat yasamoqchi bo’lsa, yoki kimnidir quvvatlovchi bo’lsa bu haqda uning oz’idan so’rang shaklida javob qildi va bunday javob Moskvadagilarga qaymoqdan yoqadigan gap.

Ikkinchidan, keyingi paytda AQSH bilan munosabatlar jarayonida muxolifatga qisman bo’lsada yo’l berish haqida gaplashilgan va Karimov ham ko’ramiz deb qo’ygan bo’lishi kerak. Chunki AQSH mulozimlari bir gapni osmondan olib gapirmaydilar. Lekin "Birlik" hujjatlarini Adliya vazirligiga topshirgandan keyin ish jiddiylashdi. Bir tomondan chala bo’lsada va’da berilgan, ikkinchi tomondan qonunlar talabi bo’yicha hujjatlar topshirilgan. Nima qilsih kerak? Karimov "Birlik"ni 1999 yil voqealariga bog’lash bilan bu ikki savolni ham javoblantirgan bo’ladi. Amerikaliklar, "Birlik"ning qonli voqelarga aralashmaganini isbotlaymiz degunlariga qadar saylov o’tib bo’ladi va Karamov "Yaxshi, ro’yxatga olamiz," deydi, hatto olishi ham mumkin. Ammo hayit o’tgandan keyin.

Uchinchidan, Karimovning har qanday kuchni eng avval o’z qo’li bilan o’zini obro’sizlantirish odati bor. Masalan, Xushev kabi bittasiga " Siz Islom otani bir maqtab bering, vazifangiz yanada ko’tariladi" degan gap keladi. U jon dilidan maqtab beradi.Uning maqtovidan odamlarning ko’ngli aynib ketadi. Orqasidan u ishdan quviladi yoki qamaladi. Himoyachilar yo’q. Chunki ularning qo’li oldindan kesilgan.Xuddi shunday hol "Birlik" bilan ham bo’ldi. Avvaliga "Birlik"ning yetakchisi Vasila Inoyatovaning "Ezgulik" inson huquqlari tashkiloti zudlik bilan ro’yxatga olindi. Boshqalarning nazarida "Birlik"ning yetakchisi hukumatning odamiga aylantirildi. Keyin, ikkinchi yetakchi-Shvetsiyada yashayotgan Po’lat Oxunovning Toshekntga tashrifi bo’ldi va uning muxolifat a’zolarini to’plab o’takazilgan yig’ilishiga yo’l qo’yib berildi. U yerda hukumat bilan hamkorlik qilish haqida baralla aytildi. Demokratiya tarafdorlarining ko’ngli aynidi. Hatto motam tutganlar, marsiya yozganlar ham bo’ldi. Orqasidan, mana endi Karimov "Birlik"ni qonli voqealarga tirkab qo’ydi. E’tibor bergan bo’lsangiz, himoya qilganlar deyarli bo’lmadi. Hatto, "Birlik"ning o’zi ham darhol bir bayonot bilan chiqa olmadi. Vaholanki, mutloq dahshatli ayblov qarshisida qolgandi. Balki ushbu maqolani o’qigandan keyin, hechdan ko’ra kech bo’lsa ham deganday, bir bayonot chiqarishsa ajab emas?!

To’rtinchidan, Turkiya bosh vaziri Erdo’g’an Istanbul shahar hokimi ekanligida "Birlik" rahbariga hokimlikning alohida uyini bergani, qo’llab-quvvatlagani va bosh vazir bo’lgandan keyin ham "Birlik" rahbariyati u bilan muloqotni davom ettirmoqdamiz deyishiga Toshkent befarq qaramagan bo’lishi kerak. Karimov ayni paytda Erdo’g’anga ham "Kim bilan oshnalik qilishni bil", deganday "dars" berib qo’ymadi deb qiyin.

Karimov bir o’q bilan to’rt quyonni anashunday "boplab" urib turgan bir paytda O’zbekistonda diktatura tugab, demokratiya boshlanmoqda, Karimov Gorbachevga o’xshab o’z daraxtini o’zi kesmoqda degan puch gaplarning qanchalik tosh bosishini baholash esa qiyin emas.

(Vashington, 20 Dekabr, 2003 yil).