JAHONGIR MUHAMMAD

2003 yil, 9-Aprel…

 

 

President Bush "Tarixiy lahza" deb atadi.

Iroqning BMTdagi elchisi Muhammad Al Duri "O’yin bitdi" dedi.

Fransiya prezidenti Jak Shirak mamnuniyat izhor qildi.

AQSHning ABC Televideniyesi "Saddam o’z salaflari bo’lmish diktatorlar safidan "munosib" o’rin oldi" dedi....

2003 yil, 9-Aprel, Bag’gdod vaqti bilan soat 6.50…

O’tgan salaflari Stalin, Lenin, Dzerjinskiy…va hokazolar-niki kabi bugungi zulmning yorqin timsollaridan biri bo’lgan Saddamning ham mamlakat poytaxtining Firdavs maydonidagi asosiy haykali qulatildi.

Zulm zavoli shunday bo’ladi!

Ki zulmu zolim taxtga mingusidir,

Muqarrarki kun yetib, ingusidir,

To’rt oyoqli cho’p otda tingusidr,

Oltin oyna qasrlari singusidir...

40 yilda to’plangani 40 kunda bitadi, degan gap bor. Ammo Saddamning xalqqa o’tkazgan zulmi shu qadar o’gir bo’lgan ekanki, uning haykali 40 kunga ham yetmasdan yiqildi.

2003 yil, 9-Aprel, Bag’dod vaqti bilan soat 6.50…

Bu raqamlar barcha zulmkorlarga dars bo’lishi kerak.

Saddamning haykaliga tupurganlar, kalishlarini olib uning yuziga otganlar, yiqilgan haykalning ustiga chiqib tepkilaganlar, bayram qilib tunni kunga ulaganlar kabi zulmingizdan ezilganlar sizning ham oxirgi kuningizni kutishmoqda o’rtoq diktatorchalar! Zotan Prezident Bush ham diktatorboshi Saddamni qulatib uning halaflariga saboq makatabi yaratamiz degandi.Endi sabog’ingizni chiqarib oling.

2003 yil, 9-Aprel, Bag’gdod vaqti bilan soat 6.50…

Ming afsus yuzlab o’qqa uchganlar va yigirmaga yaqin jurnalistlar bu daqiqani ko’ra olmadilar. Ammo zulmning zavolidan ularning ruhlari shod bo’lgan bo’lsa ne ajab?!

2003 yil, 9-Aprel, Bag’gdod vaqti bilan soat 6.50…

Sadamning haykali ustiga avval Amerikaning bayrog’i tortildi, ammo bir daqiqadan keyin xato tuzatildi va Saddamning zulmiga uchragan hamda o’n yil oldin hilpirashdan to’xtatilgan milliy Iroq bayroq’i tiklandi. Bu juda ramziydir. Ma’lum, bir muddatdan keyin butun boshqaruv Iroq xalqiga o’tishining ifodasi bu!

Zulming zavoli Iroq xalqiga muborak bo’lsin!

Demokratiya bu ezilgan xalqning yorug’ kunlarini boshlab kelsin!

Qolgan diktatorchalarning ham tizzalariga qaltiroq tushsin!

Zotan "Borarg’a ne maskan muyassar, Turarg’a ne davlat muqarrar!

(Vashington, 2003 yil, 9-Aprel, Bag’dod vaqti bilan soat 6.55…)