JAHONGIR MUHAMMAD

 

 

TURKMANISTON

va

MEN TANIGAN KARIMOV

 

 

 

 

 

Turkmanboshi ham Karimov ham yakkahokimlik, diktatorlikda bir-biridan qolishmaydigan zotlardir. Bunday odamlar xalqning ko’z o’ngida og’iz-burun o’pishsalarda orqada bir-birlariga hasad qilib "xanjar" ham sanchaveradilar. Bundaylar paranoya kasalining mubtalosi bo’ladilar va nima qilayotganlarini o’zlari bilmaydilar. Bu birinchi xulosa.

Diktatura hukmron bo’lgan mamlakatda biror-bir rahbar o’z xohishi bilan, mustaqil holda biror ish qlimaydi. U har tarafda diktatorning "quloqlari" va "qo’llari" borligini biladi, hushida emas, hatto tushida ham mustaqil odim otishga cho’chiydi. Bu ikkinchi xulosa.

Diktator har kuni, har tarafdan maqtov eshitaverib, o’zini dunyoning eng kuchli odami deb his qilib qoladi. Yuksalib ketgan "reytingi’ga ishonib qo’shni davlatlarni ham o’z viloyatlari o’rnida ko’radi va "hokim’larini almashtirishga harakat qiladi. Bu uchinchi xulosa.

Ana endu bu xulosalarni keltirib chiqargan savollar.

Agar bir voqea yuz bersa va diktator bundan bexabar bo’lsa, o’sha zahotiyoq yuzlab odamlarning boshi sapchadek uchib ketmaydimi?

Turkmanboshi va uning bosh prokurori O’zbekistonni ayblagandan keyin ham Toshkent bir necha kun "mum yutib", nega jim turdi?

Nega na MXX, na IIV, na Chegara qo’shinlari safida hech qanday o’zgarish bo’lmadi?

Terrorizmga qarshi urush borayotganini bahona qilib, qush uchsa oyog’idan urib tushirilayotgan O’zbekistonning chegaralari Shuxmurodovlar uchun "kirdi-chiqdi" joyiga aylangan bo’lsa nega darhol Xavfsizlk kengashi chaqirilib chorasi olinmadi?

Moskvada yoki Chukotkada bir gap bo’lsa "hassoslik" bilan tadbir oladigan president bu safar qayerda edi?

Buning ustiga Toshkent xuddi Boris Shixmuradovning chegardan o’tganini o’zi boshqargani kabi Tashqi ishlar vaziri A. Komilovning Shixmurodov Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri bo’lgan va uning O’zbekistonda tanishlari, do’stlari ko’p bo’lishi tabiiy va u bu yerga kelib- ketgan bo’lsa bizning xabarimiz yo’q, deyishi "Bu ishni biz qildik" degani emasmi?

Yoki bugungi kunda O’zbekistonga kirib chiqish shu qadar osonlashtirib yuborildimi?

Ayniqsa qiduruvda bo’lgan Shixmurodov kabi bir odam O’zbekistonga kelib, bu yerda emin-erkin yursa, chegardan o’tib Turkmanistonda suiqasdga rahbarlik qilsa va O’zbekiston elchixonasida boshpana topsa va bu ochilib qolgandan keyin ham Karimov hech kimni jazolamasa… yo’q bu men tanigan Karimov emas! Men tanigan Karimov bunday paytda devonni ag’dar to’ntar qilib, maslahatchilaridan boshlab vazirlarga qadar bir qancha odamni do’pposlash bilan birga ularning "dumini tugib" yuborgan bo’lardi. Nahotki Karimovning bunday diktatorlik "uslublari" o’lib qolgan bo’lsa?

O’zbekistonning Turkmanistondagi elchisi Abdurashid Qodirovning suiqasdga aralashgani ochilib qolgani zahotiyoq nega Karimov hassoslik bilan uni chaqirib olmadi va "nima bo’ldi?’ deb so’ramadi?

Hatto Turkmaniston o’zbek elchisini chiqarib quvganda ham nega Karimov xalqaro protokol boyicha ayni javobni qilib, turkman elchisni chiqarib yubormadi?

Nega O’zbekistonni qurbsiz, iqtidorsiz bir vaziyatga soldi?

O’zbekistonning Turkmanistondagi elchixonasi uning hududi hisoblanadi. Turkmanlar bu joyga bostirib kirishganda nega O’zbekistonning xavfsizligi va bir-butunligi uchun kafolatni bo’yniga olgan prezidenti jim edi?

Undan urush e’lon qilish talab qilingan emas, nega u O’zbekiston hududini himoya qila olishi mumkinligini aytib chiqmadi?

Bunday holatlarda darhol prezidentning o’zi bayonet berishi kerak emasmi?

Ashgabatda Turkmanboshi O’zbekistonni ayblar ekan, Toshkentda Karimovning sadosi chiqmayotganing boisi nimada edi?

Jimlik alomati gunohmidi yoki?

Ikki gapning birida qo’shnilarini ayblab turadigan Karimov nega bu safar kabinetidan maydonga chiqmadi?

Ashgabatda Boris Shixmuradov qo’lga tushishi bilanoq Karimov apal- tapal Qashqadaryoga borib, o’zining eng yaqin odamlaridan bo’lgan Baxtiyor Hamidovni kutilmaganda ishdan olib qaytgani nimani anglatadi?

Hali Turkmaniston Shixmurodovni Karimovning o’zi qabul qilib, keyin Ashgabatga jo’natgan ekan, deb aylab qolmasin tag’in?

O’shanda "Men emas, sobiq hokim qabul edi", deyish uchun zamin hozirlash emasmikan bu?

Yoki boshqa sirlar o’chib qolgan taqdirda "aybdor" ni tayyorlab qo’yish uchun hechdan ko’ra kech bo’lsa ham bir odim otildimi?

Turkmanlar suiqasd rejasi Qarshida tayyorlanib, e’lon qilinadigan barcha farmonlar matni shu joyda yozilganini ma’lum qilganidan keyin barcha ayb Hamidovga yuklanib, uni yo’qotishga qaror qilindimikan?

Ashgabatda Afg’oniston va Pokiston rahbarlari turkman gazini dunyoga olib chiqish borasida bitim imzolgan kun Shixmurodov va Iqlimovning qo’lga tushishi ortida qanday sir bor edi?

Balki O’zbekiston rahbari bu bitimga qarshi bo’lgan Rossiyaning "oyinni buzish" borasidagi sherigiga aylanib qoldimi?

Bo’lmasa Ashgabat tarfidan kelib chiqishi turkman emas, armani deb aytilayotgan Shixmurodovga yaqinlik ko’rsatishdan maqsad nima edi?

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirining bayonotida Shixmurodovni hurmatli shaxs qilib ko’rsatishga urunishni qanday izohlamoq kerak bo’lmasa?

Nega senzura bekor qilingan O’zbekistonda turkman voqelari haqida yozilmadi?

Hatto hukumatning "to’ti qushlari" ham nega jim edilar?

Bu sirli sukunat nimani yashirayotgan edi?

Bu ishlarning hammasidan Karimov bexabar qolgan deb tasavvur ham qilaylik. U holda O’zbekistonda diktaturaning tagiga suv ketgan degan xulosa kelib chiqmaydimi?

Yoki MXX degan tashkilotni darhol isloh qilinishi va yoki Prezident devoni qoshida tuzilgan va birinchi MXXni kuzatib turadigan ikkinchi "MXX"ni tarqatib yuborishi kerak emas edimi?

Shixmuradov Rossiyada edi va shu yerdan O’zbekistonga borgan bo’lsa Karimovning ikki "MXX" sidan bittasi Rossiya bilan birga ishlamoqda, degan xulosa chiqmaydimi?

Turkmaniston va Karimov deganda mening xayolimga anashunday savollar keldi. Balki oshirib yuborgandirman? Lekin bir oddiy odamning savollari bular. Kim biladi sizning ko’nlingizdan yana ham ko’proq savollar kechgandir?

Savollar fosh qiluvchidir va xulosaga olib boruvchidir….

Darvoqe, kirib kelayotgan yangi yilingiz muborak bo’lsin va yangi yilda bunday savollarga ehtiyoj tuymaylik.

Xayr- savollar ko’lankasi 2002 yil!

Salom javoblar umidi 2003 yil!

(Vashington, 2002 yil, 28 Dekabr)