JAHONGIR
MUHAMMAD
O’ZBEKISTON UCHUN
TURKIYA TOPISHMOG’I
Turkiyada 2002 yilning 3 Noyabrida o’tgan parlament saylovini
millatning isyoni deyish mumkin. Chunki millat bugunga
qadar o’zlarini aldab kelgan milliyatchi ko’rinishdagi so’lchi kommunist Bulent
Ejevitdan tortib, "biznesmen" Masud Yilmasga qadar hammasidan yuz
o’girdi. Saylovda mo’tadil-islomiy (har holda liderlari shu ko’rinishni
bermoqdalar, agar amalda teskarisi bo’lsa ularni ham harbiylar tarafidan
supurib tashlangan Erbaqanning qismati kutadi) platformadagi Adolat va Taraqqiyot partiyasining yutib chiqishini ko’pchilik
taxmin qilgan edi, ammo koalitsiya hukumatlari a’nanasini buzib, yakka boshiga
mamlakatni boshqaradigan darajada kuchli natijaga erishishini hech kim kutmagan
edi.
Izoh o’rnida aytib o’tish kerak-ki, Turkiyada parlament tizimi
hukmron bo’lib, mamlakatni Prezident emas, balki parlamentda ko’p ovoz
to’plagan kuch boshqaradi. Lekin mamlakat demokratik
izdan chiqa boshlasa harbiylar darhol bunga nodemokratik nuqta qo’yishni
biladilar.
Amaldagi qonunlarga ko’ra saylovda 10 foizdan ko’p ovoz olgan
partiya parlamentga kira oladi. Bu to’siqni faqat ikki partiya, ya’ni
Adolat va Taraqqiyot hamda Jumhuriyat Xalq partiyasi ( Bu
Ota Turkdan qolgan so’lchi partiya) oshib o’tgani uchun majlisga kira olmagan
partiyalarning ham to’plagan ovozlari bu ikki partiya hisobiga o’tdi.
Shu bois hali
rasman e’lon qilinmagan natijalarga ko’ra Adolat va
Taraqqiyot partiyasi 35 foizga yaqin ovoz to’plagan bo’lsada 550 o’rinli
parlamentning 360 dan ziyod joyini qo’lga kiritdi. Qariyb 20
foiz ovoz olgan Jumhuriyat Xalq partiyasi esa 180 ga yaqin o’ringa ega bo’ldi.
Rasmiy natijalar e’lon qilinganda bu raqamlarda ko’p emas,
bir yoki ikkitaga o’zgarish bo’lishi mumkin. Shuningdek,
10 nafar mustaqil deputat ham saylandi. Parlamentga
kira olmagan sobiq bosh vazir Bulent Ejevit "Biz muddatidan oldin saylov
belgilab o’z jonimizga suiqasd qildik" deb aytdi. U keyingi paytlarda ko’p kasal bo’lib, hukumatni boshqarishdan
uzilgan, "yurolmagan qariya" nomini olgan bo’lsada haliga qadar
xalqning hukmini mensimagani juda qiziqdir. ejevit
qirq yildan beri partiyag raislik qilsa qittaygina ham aqli yo’q ekan, degan
bir turkning gapida jon bor. Bu odam, xotini va ayni paytda partiyadagi
o’rinbosari Ravshan Ejevit bilan demokratiyani turk xalqi ko’z oldida sharmanda
qilgan kishidir. Uni shoir ham deyishadi. Birorta she’rini o’qib ko’rmaganim uchun qanday shoirligini
bilmayman, lekin o’z manfaatini xalqqdan ustun qo’yishda hammaga ibrat
ekanligini aytish mumkin. Uning bundan olti oy oldin, "O’lsam
o’lamanki, is’efoga ketmayman" degan gaplari ham buning isboti va bu qo’lbola siyosatchiklarga yog’dek yoqadigan gap.
Turkiyaning
ko’zga koringan siyosatchisi Tansu Chillar partiyasi parlamentga kira olmagani
uchun bayonot berib, tez orada quroltoy chaqirishini va
o’zi partiya raisligiga nomzod bo’lmasligini bildirdi. Hukumatning
asosiy sherigi bo’lgan Milliyatchi harakat partiyasining lideri sobiq Bosh
vazir o’rinbosari Davlat Bog’chali ham yangi yilda qurultoy o’tkazib yangi rais
saylayajagini ma’lum qildi. Masud Yilmaz esa
siyosatdan chekindi.
Turkiya
siyosatining shu kech kunduzdagi qahramoni bo’lgan Adolat va
Taraqqiyot partiyasining lideri Rajab Tayyub Erdo’gan Istanbul hokimi bo’lganda
katta obro’ qozongan, ammo uning bir mitingdagi so’zi uchun qamab, siyosatdan
uzoqlashtirishgandi. U qamoqdan chiqib, yangi partiya tuzdi va
qisqa vaqt ichida bu partiya Turkiyaning asosiy kuchiga aylandi. Bu partiya
liderlari hozir Avropa bilan yaqinlikni asosiy yo’l qilib olishni aytayotgan
bo’lsalarda amalda partiya Sharqqa qarab yo’naladi va
ko’proq Kavkaz va Markaziy Osiyoga intiladi. Zotan
Erdo’g’anning kelib chiqishi ham asli kavkazlik cherkaslarga borib taqaladi.
Lekin Markaziy Osiyoda Islomiy kuchlarning hukumatga
kelishiga mutloq qarshi bo’lgan O’zbekiston kabi o’lkalar bilan munosabati
qanday bo’lishini taxmin qilish qiyin emas.
Faqat shuni ham aytish kerakki, Rajab Tayyub Erdo’g’anning ishi hali ham mahkamada. Uning bosh vazir bo’lishi uchun siyosatga kirishini man etgan hukm bekor bo’lishi uchun esa anchagina ish qilish kerak. Osongina davlat to’ntarishi qilish tajribasiga ega harbiylar mamlakatida yo’talish uchun ham izn kerak bo’ladi.Shu bois uning o’rinbosdari Abdulla Gulning ( agar harbiylar bu taklifni qabul qilishsa)bosh vazir bo’lishi mumkinligi aytilmoqda. Abdulla Gul esa Erbaqan hukumatida Turkiy jumhuriyatlar boyicha vazir bo’lgan.Sobiq Refaq partiyasi lideri Najmiddin Erboqanga Bosh vazirlik paytida O’zbekiston Islomiy Harakatiga yordam ko’rsatishida ham Abdulla Gulning vositachilik qilgani aytiladi. Rajab Tayyib Erdo’g’an ham o’zbek "islomiy" muxolifat kuchlari va chechenlar bilan yaqin aloqada bo’lgan.Bu Toshkentga ayon narsa.Shu bois Turkiya- O’zbekiston munosabatlarida tabiiyki muhim rol o’ynaydi. Xullas, bugungi Turkiya aslida topishmoq bo’lmasada O’zbekiston uchun yana bir topishmoq holiga keldi.
(Vashington, 2002 yil, 4 Noyabr)