JAHONGIR MUHAMMAD

 

 

TARIXNI MILLATNING QONI

BILAN RETUSH QILAYOTGANLAR

 

 

 

Gazetachilar RETUSH kalimasini ko’p ishlatadilar. Tush ya’ni Hind siyohi bilan rasmlarning muhim nuqtalarini qayta bo’yash ishiga retush deyiladi. Bu yo’l bilan foto tasvirdagi odamning qoshini qalin, labini do’rri va yoki o’zini suratdan butunlay yo’qotib yuborish mumkin. New Yorkda chiqqan va muallifi David King bo’lgan "Yo’qolgan komissar"lar deb nomlangan albom-kitobda Lenin hamda Stalin davrida yuqori lavozimdagi shaxslar nafaqat hayotdan, balki "dohiy"lari bilan yonma-yon tushgan suratlardan qanday yo’qtib yuborilganlari ko’z oldingizga keltiriladi.

Kitobning muqovasi uning butun mohiyatini anglatib beradi. "Kommunistboshilar" Antipov, Stalin , Kirov, Shvernik birgalikda tushgan suratlari. Matbuotda dastlab e’lon qilingan bu suratdan ikkinchi marta nashr etilishida Antipov g’oyib bo’lgan. Uchinchi marta e’lon qilingan ayni suratda Stalinning yonida faqat Kirov qolgan va bu surat keyingi marta Kirov ham retush qilingani holda chiqqan. Stalinning bir o’zi savlat to’kib turibdi.

Xuddi anashunday manzarani Lenin bilan birga suratga tishgan safdoshlari taqdiri misolida ham ko’rsatib berilgan. Otilgan, dom-daraksiz yo’qotilgan komissarlarni rasmlardan o’chirish Sovet rejimining oddiy odati bo’lgan. Ammo eng diqqatni tortadigani kitobdagi rasmlarning aksar qismi O’zbekiston bilan bog’liq ekanligidir.

Gap shundaki bunday retushbozlikda O’zbekiston o’sha paytda ham peshqadam bo’lgan ekan. Kitobinng "O’zbekiston 10 yoshda" deb nomlangan bo’limida Fayzulla Xo’jayev, Akmal Ikromov va boshqalar hayotda qanday yo’qotilgan bo’lsalar tasvirlardan ham xuddi shunday g’oyib bo’lganlari tilsiz fotosuratlar guvohligida ko’z oldingizga keltiriladi.

Yana bir diqqatli narsa esa, Leninga birinchi ordenni Xorazm respublikasi bergani kabi uning portretini ilk bor gilamga tushirish ham Turkistonda "kashf" qilingani ekan.

Bu ana’ana bugunga qadar yashayongani esa yana ham qiziqdir. O’zbekiston tarixidan tortib, O’zbekiston ensiklopediyasiga qadar ochib varaqlasangiz 1990 yillar boshidagi tarix retush qilib yuborilganini ko’rasiz. Rasmlarda esa Islom Karimovning yonidan dastlab Shukrulla Mirsaidov g’oyib bo’lgan bo’lsa, keyin Mirzaolim Ibrohimov, Adham Fozilbekov, Po’lat Abdurahmonov, Shavkat Yo’ldoshev, Rahim Rajabov va boshqa kazo-kazolar retush qilinganlarini ko’rasiz.

Mustaqillik kunlarida prezident bir yosh qizaloqni ko’tarib rasmga tushishi ham O’zbekistonda ana’naga aylangan. Bu ham yangilk emas ekan. Kitobda Stalinning bayram kunlari yosh qizaloqni ko’tarib tushgan rasmi keltirilgan va bir kun kelib bu rasm ham retush qilingani aytiladi.

Ha, bu Lenin va Stalindan qolgan "o’lmas" merosning bir bo’lagi, xolos.

"Yo’qolgan komissarlar" kitobida yana bir falsafiy nuqta bor. Stalin bilan birga suratga tushgan odamlar tasvirlardan bir-bir g’oyib bo’lib qolaveradilar va barcha rasmlarda Stalin yakka o’zi savlat to’kib ko’zga tashlanaveradi. Bu diktaturaning birlamchi belgisi. Shu kunlarda O’zbekistonda klanlar bor, hamma gap samarqandliklar, farg’onaliklar va toshkentliklar o’rtasidagi tortishuvda, deb jar solayotganlar diktaturaning anashu asosiy ramzini bilmaydilar, deb o’ylaysizmi? Juda yaxshi biladilar. Ammo ularning bir qismi Karimovning zulmini shu yo’l bilan oqlasa, ikkinchi qismi Turkistonni parchalab, chegaralarni portlovchi nuqtaga aylantirilishini yopib yubormoqchilar.Turondan Turkistonga, Turkistondan mustaqil davlatchalarga va endi samarqanliklar, farg’onaliklar va toshkentliklarga bo’lish tarafdorlarining ishi bu. Bo’l, parchala va boshqar- ularning maqsadi shu! Ziyolilar ham bu aravaning ortidan yugurib ketayotganlari esa eng katta fojedir.

Mazuga qaytadigan bo’lsak, bu maqolaga bois bo’lgan kitob oxirida Stalinning tobutda yotgan rasmi keltiriladi va ramziy xulosa qilinadi. Ya’ni u dunyoga ustun bo’lib qololmadi. Ming afsuski, bu falsafadan xulosa chiqarish oson ish emas ekan, aks taqdirda bugun Karimov, Turkmanboshi, Lukeshenko... lar zulmi, tarixni millatning qoni bilan retush qilish davom etmagan bo’lardi!(

 

(Vashington, 17 Yanvar, 2003 yil).