JAHONGIR MUHAMMAD

 

 

 

QULLIKNING ALOMATLARI

 

 

 

Qullik faqat  quldorlik davridagidek birovning qo'lida hayvon kabi ishlash ma'nosinigina  anglatmaydi. Bugunga kelib  bu kalima boshqa ma'nolar ham kasb etmoqda. Masalan,  kimningdir yo'lidan chiqa olmaslik, podshohlarga tobe bo'lish, o'z fikriga ega bo'lmasdan o'zgalarning chizig'an chiqa olmaslik, mustamlakada bo'lish zehniyatidan qutula olmaslik va hokazo holatlarda ham qullik kalimasi ishlatilmoqda. 

Anashundan kelib chiqadigan bo'lsak, Sovet davri ham quldorlik jamiyati edi. Bu jamiyatning uslub va usullari kishilarning ongiga, hayotiga shu qadar singib ketgan ekanki, mana O'zbekiston mustaqil bo'lganiga 11 yil bo'layati hali ham qullik  alomatlari gurkirab yashamoqda. Masalan deysizmi?

-Karimovga tobe bo'lganlar...

-Karimovning rejimini qo'llab-quvvatlayotganlar...

-Karimovning siyosatini ko'r-ko'rona targ'ib qilayotganlar...

 Bular chin ma'nodagi qullardir.

Yoki:

-1990 yillarda lotin harfi uchun kurashib o'zlari bugunga qadar kirilda yozayotganlar...

-Mustaqillik yillarida o'zbek tilini davlat tili qilish uchun hayqiib, ozlari bugunga qadar rus tilida yozayotganlar...

Yaqinda Internetda "Usmon Haqnazarov"  degan "vatanparvar"ning nomi bilan O'zbekiston haqida bir qancha maqolalar e'lon qilindi. Agar u vatanparvar bo'lsa nega maqolasini rus tilida yozdi?- hech kim so'ramadi ham. Vaholanki yozishdan maqsadi o'zbek xalqini ogoh etish eknaligini bir necha  marta takrorlaydi. Eng qizig'i uni tanqid qilganlar ham rus tilida yozdilar. Yana ham qizig'i tortishuvlarda rus mustamlakasi, uning asoratlari haqida  to'lib-toshib gapirilar ekan, yana yozuvlar rus tilida edi. Kirilda ekanligi borasida gapirmasak ham bo'ladi. Hatto kimdir, "Lotinda yozmanglar tushunish qiyin bo'lmoqda" deb yozdi ham. Bu zehniyat, o'zligini anglashdagi muammo  masalasi.

Turkmanboshi jallod, lekin uning o'rniga ko'z tikkan Boris Sixnazaryan (ukasi Konstantin, opasi Larisa) rus zehniyatli, turkman tilini bilmagani holda  uni qo'llaganlar ko'p bo'ldi. Men esa har ikkalasiga ham qarshi edim. Karimov ham Turkmanboshidan qolishadigan joyi yo'q. Ammo uning  o'rniga  millatni samarqandliklaru toshkentliklar va farg'onaliklarga bo'ladigan "haqnazarov"lar kelsa nima o'zgaradi?

Yana ham achinarlisi  o'zlarini keljakning "reformatorlari" deb  tanishtirayotgan yoshlar ham ingliz tili bir yoqda tursin, rus tilida yozmoqdalar va gapirmoqdalar. Bular mustaqillik yillarida ulg'aygan nihollardir."Haqnazarov"lar esa ularni rus tilida yoshishga va gapirishga rag'batlantirmoqdalar.

Shu bois bugunga qadar to'la o'zbekcha bo'lgan web sahifalar yo'q hisobi. Chunki o'zbekchani qoyillatadigan, qullik alomati bo'lgan kirilni bir chetga surib qo'yib lotinda yozadigan o'zbek bugun anqoning urug'i. Hatto hukumat tashkil qilgan web sahifalarda ham bu ishni yo'la qo'ya olishmaypti.

11 yildan beri mustaqil bo'lib o'z ona tilida gapira olmagan, yoza olmagan odamlar chin ma'nodagi quldirlar. Rus tilining, rus alifbosining qullaridirlar.

Istasalar rus tilida, ingliz tilda yozsinlar, bu ham hunar, deydiganlar bo'ladi va ularni ham qo'llayman, lekin, avvalo o'z ona tillarida qoyil qilib yozsinlar, ana undan keyin boshqalrida.U holda bunday insonlarni qobiliyati odamlar deyish mumkin.

Agar  bir amerikalikka  "Men falon-falon  tillarni bilaman" desangiz, " Bu sen uchun yaxshi, men esa faqat ingliz tilini bilaman" deb javob berish odati bor. Buning ostida katta kinoya ham yotadi.

Bu: "Men  o'z tilimni mukammal bilaman!" degani.

Bu "Boshqa tillarni bilganim bilan maqtanmayman, men o'z tilimni bilganim bilan g'urulanaman!" degani. Bizga ham anashunday shuur kasb etarmikam?!

Menga ba'zi  muxlislar "Internetdagi sahifangizni o'qish qiyin bo'layti-da, keyingi yozganlaringzi ham kirilda bo'lganda edi, yaxshi bo'lardi", deb ko'p shikoyat qiladilar. Men uchun  lotinda yozish kirilda yozishdan qiyinroqdir. Ammo qiyinini tanladim.Chunki bu erkinlik, ozodlikning belgisi. Ha, O'zbekistonda qabil qilinga lotin harflarida ba'zi muammolar bordir. Ammo bu kirilda yozish uchun sabab bo'lolmaydi.

Menga lotindagilarni bir tugmani bosib kirilga aylantirish imkoni bor. Ammo buni qilmayman, chunki bu  menga qullikka qaytishdek tuyuladi.

Bugun o'zbek tilini, o'z ona tilini bilmagan holda bir- birini sen "o'zbek emas" deb ayblashlar ko'payib qolgan. Bu xuddi"Men qul, sen nega qul emassan" deganga oxshaydi.

Ziyolilardan biri radioda yuqoridagi mavzuda  gapirib, bular qullikning asoratlaridir  dedi.  Anashu gap mazkur maqolani yozishimga sabab bo'ldi.

Yo'q bular qullikning asoratlari emas!

Bular QULLIKNING ALOMATLARI dir!

(Vashington, 28 Yanvar, 2003 yil).