JAHONGIR MUHAMMAD
OROL FOJIASI
Orol... keyingi 20-30 yilda yilda eng ko’p gapirilgan va majlislarning eng ko’p mavzui bo’lgan masala. Orol uchun million-million dollarlar to’plandi va qayerga gum bo’lganini hech kim bilmaydi. Orolni oyoq osti qilganlar, ya’ni uni qum oroliga aylantirganlar bugun qahramon va ularning insoniyat oldidagi jinoyatlariga haliga qadar baho berilgan emas.Balki shu boisdan ham bugun Orol haqida gapirish modaga aylangan va ish qilmaslik esa odatga.
Bundan ikki oy muqaddam Dunyo suv forumida nutq soz’lagan siyosatchilar 21-asr suv muammosi va suv uchun uruhslar asri bo’ladi, degan gapni bot-bot takrorlagan edilar.Aslida esa Orol fojeasi 21-asrning eng katta dahshati bo’ladi, deyishmoqda olimlar. Buning yonida Chernobil voqeasi kabi fojilar ummondan qatra bo’lib qoladiganga o’xshaydi.
Shu bois 2003 yilning 2 Iyun kuni Fransiyaning Evian sharida o’tadigan eng oliy darajali uchrashuvda Orol taqdiri ham ko’riladigan bo’ldi. Ya’ni "Rivojlangan yettilar va Rossiya" deb nomlangan hamda qisqa qilib G-8 deyilgan Summitning ham diqqatini tortdi bu masala. Balki yana pullar ajratilar va yoki tadbirlar izlash uchun yo’llar ochilar. Ammo "Financial Times" shu kunlarda yozganidek, baribir masalaning yechimi Markaziy Osiyoda qolaveradi. Orolning o’tmishi O’zbekiston, Qirgiziston, Turkmaniston, Tojikiston va Qozog’istonga qanchalik bo’g’liq bo’lsa, kelajagi ham bu davlatlarga shunchalik bog’liqdir.
Orol 1960 yildan boshlab quriy boshladi. Amu daryo va Sirdayoning o’zanlari boshqa tomonga, oniy manfaatlarga burilgandan keyin katta fojiaga yo’l ochildi. Sovetlar yiqilib o’rnida mustaqil davlatlar paydo bo’lgandan beri Orol yana ham kichrayib, qumliklar, ko’chkilar, kasalliklar maskaniga aylandi. Sovet davrida Orolni quritganlar mustaqillik davrida ham bu ishlarini davom ettirdilar. O’zbekiston Davlat planlashtirish idorasida o’tirib, Orol taqdirini Qudrat Axmedov, Islom Karimov va Ismoil Jo’rabekov hal qilganlarini tarix yashirgan emas. Ammo bugungi avlod yashirmoqda. Bunday jinoyatlarni yashirish uchun Orol masalasida Markaziy Osiyoda yo’liga bir qo’mita ham tuzilgan va prezidentlar navbati bilan bu qo’mitani boshqarib turadilar. Ammo ularning butun harakatlari Orolning ziddiga bo’lmoqda.
O’zbekiston Qirgizistonni energiya girdobiga itarar ekan, Qirgiziston buning chorasini gidroelekrtostansiyalar insho etishda deb bilmoqda.
Bu esa suv degani degani.
Bu Orolning rizqiga chang solish degani.
O’zbekistonda Iqtisodiy boshqaruv Sovet usulida qolib, o’rta sinfga yo’l berilmas ekan, sanoat rivojlanmay qolmoqda. Bu hayotni yana butunlay yerga bog’lamoqda.
Bu esa suv degani.
Markaziy Osiyo davlatlari bilan o’rtada sim to’rlar tortilib, bir-biriga turli tadbirlar qo’llanilar ekan, chorasiz qolgan Tojikiston va Qirg’iziston O’zbekistonga qarshi boshqa tadbir topolmagani uchun sivni qurol qilmoqda va hokazo va hokazo.
Shunday ham bo’gilgan Orolni bugun yana bo’gmoqdalar.
Bir so’z bilan aytganda, o’z qo’llari bilan o’zlarining kelajaklarini bug’moqdalar.
(Vashington, 2003 yil, 31 May)