JAHONGIR
MUHAMMAD
AMIR OLIMXON
XONADONIDA TO’Y
Bu yil qish og’ir keldi. Muz ostidan chuchmomolar arang bosh ko’targan kabi odamlar ham bahorda tizza boyi qor kechib charchoq ko’rpasiga yopingandilar. Shunday kezda bu holatning hamma narsaga ta’siri bo’ladi. Hatto to’yga ham. Raqsga tushayotgan qizlarning Amerikaga xos bo’lmagan holda bahorni aks ettirgan ko’ylaklar kiyganlari, soqoli sabza urmagan o’smirlar ham kuyovlarga qiyosan kostumlariga gul taqib olganlari, keksa momolar esa boshlariga qalin ro’mol emas, balki harir matolar tashlaganlari… xullas , hammasi dillar bahorga tashnaligidan darak edi.
Poytaxt Vashingtonning shundaygina biqinida Pentagon shaharchasidagi hashamatli mehmonxonlardan birining to’yxonasi o’ziga xos ravishda ikkiga ajratilgan edi. Bir tomonda Buxoroliklar (asli kelib chiqishlari Buxoro amirligi hududiga kirgan joylardan bo’lganlar) va ikkinchi tomonida Afg’oniston janubidan kelganlar…
O’rtada Amir taxti kabi ko’shk. Taxtda kelin bilan kuyov. Kiyov Amir Olimxonning kenja nevarasi Tamim va kelin Qandahorning sobiq hokimining qizi Ro’yo…
Tanim "Amerika Ovozi" radiosida ishlaydi. Afg’onistonga dastur uzatadigan bo’limida. Shu yerda Amir Olimxonning kenja qizi Shukriya Olimi- Raad ham uzoq yillardan beri faoliyat ko’rsatadi. U ilgari Hindistonga dastur uzatadigan O’rdu bo’limida diktor bo’lgan bo’lsa, hozir Dari bo’limida ishlaydi. Shukriya Olimi kuyovning xolasi bo’ladi. Radioda Amir Olimxon xonadoniga kuyov bo’lgan ozbek jurnalisti Nusratulloh Laheeb ham ishlaydi. Shu boisdan ham to’yda radiodan mehmonlar ham o’ziga xos bir guruh edi.Janubiy va Markaziy Osiyo idorasining rahbari, filologiya fanlari doktori Muzzam Siddiqiy va ilgari o’zbek bo’limini boshqargan Abdulla Chig’atoy, AQSHdagi turkistonliklar jamiyatining ilk raislaridan biri bo’lgan Ne’mat Begish va hokazo.
Bugun O’zbekistonda ulug’lanayotgan Fayzulla Xojayevchilarning talablari bilan kommunist ruslar Buxoroni bombardimon qilgan, qonga botirgan 1920 yilning birinchi sentyabridan keyin Amir avval Surxondaryo hududlariga va keyin Afg’onistonga o’tib ketgan, 1944 yilda 64 yoshida olamdan o’tgandi. Shuni aytish kerak-ki, Amir Olimxon turkiy qavmlarning eng yiriklaridan biri bo’lgan mang’itlar sulolasiga mansub edi. Sho’rolar tarixida otasi Amir Abdul’ahadxondan keyin Buxoro taxtiga o’tirgan Olimxon paytida ruslarga qaramlik kuchaygani yoziladi. Ammo uning ruslar tomonidan hujumga ma’ruz qolgani ham sir emas. Tarixning bu ziddiyati keljakda haqiqiy tarixni yozadiganlarga havola.
Ma’limki, Amirning bir qancha xotini bo’lgani aytiladi. Darhaqiqat, to’yga kelgan-ketganlarni Abdulla Chig’atoy tanishtirib turar ekan, chalkashib ketdim. Keyin Nusratulloh akaning yordamida aniqlab oldim. Chunki bu ham O’zbekiston tarixining yozilmagan oq sahifalarini to’ldirish uchun xizmat qilsa ne ajab?!
Said Amir Olimxonning xotini (yoki xotinlaridan biri) Sabo aya 93 yoshda ekanlar. Bizning yonimizda o’tirgandilar. Shukriyaxonning onasi. Ular birgalikda yashar ekanlar. Shukriyaxonning bir o’gli va bir qizi bor ekan, eri Azimjon olamdan o’tgan ekan.
Amirning Xursanda degan xotinidan bo’lgan qizi Shojon ham shu yerda. U To’y boshi. Shojon ayaning turmush o’rtog’i Sayid Islom olamdan o’tgan ekanlar.
Amirning qizi Shojon ayadan Nurjahon, Fathiya, Simo, Nafisa, Nazifa, Hasina degan qiz nevaralari va Aslam, Salim, Tamim degan o’g’il nevaralari bo’lib, kenchasi uylanayotgan edi.
Hamkasbimiz Nusratulla Laheeb Amirning nevarasi Fathiyaga uylangan, uning bolalari, boshqacha aytganda Amirning chevaralari Nazohat, Fariha, Faridun ham shu yerda.
Said Amir Olimxonning Sultona degan xotinidan valiahd o’g’li Umarxon to’yga kirib kelar ekan, ko’pchilk uning huzuriga oshiqdi. Valiahdning harakat va odimlarida hali ham amirona uslub saqlanib qolgani qiziq edi. Korinib turibdiki, Amirning Amerikadagi xonadoni uning uch xotini bilan bog’liq.
Amirning xos soqchisi Hasan shohning o’gli Muhammadshoh (Shukriya Olimi bilan sut emishgan) ham davrda…
Amir xonadonining bir qismi Kanadaga uzangan ekan. Zotan kelin ham kanadalik.
To’yning oxiri yaqinlashib kelar ekan, Buxoro, umuman Sharq an’analariga xos udumlar boshlandi. Kelinning qo’liga hino qo’yishdan, chimildiq tortib kelin va kuyovga shirinlik yedirishu oynaga qaratishga qadar…
Xuddi og’ir qish chekinib bahor kirib kelganidek, Amir xonadoni ham uzoq yillik sarsongarchiliklardan keyin endi bir oraga kelgan, qayta boshdan bahorni yashayotgandek edi.
…Tarix kimgadir yoqishi yoki kimgadir yoqmasligi mumkin.
Tarix o’z mustaqilligini saqlagandagina tarix bo’la oladi. Unga zug’m qilis, uni o’z xoxishiga qarab yozdirish uning umrini yemiradi va bir kun kelib tarix qaytadan yoziladi. Anashu qayta yoziladigan tarixda oqning ham, qoraning ham, yaxshining ham yomonning ham o’rni bo’lmog’i shart. Oshandagina u tarix bo’ladi.
Xorijga, hijratga ketgan har bir o’zbekning taqdiri O’zbekiston tarixining bir sahifasidir. Amir Olimxon xonadonining tarixi esa yana ham kengroq o’rin tutmog’i kerak bu tarixda.
Xullas, bu maqola kelajakning qaysi bir olimi uchun yozilmagan tarix borasida ilzanishlarni boshlashga debocha bo’lsa ne baxt?!
(Vashington, 2003 yil, 12 Aprel)