JAHONGIR MUHAMMAD

BIRINCHI O’LIM

 

 

Namanganlik ishbilarmon Mahmudjon Hojiyevning jasadi Kanadada o’zi yashagan Regina shahridagi ko’lda 2002 yilning 13 Oktyabrida topilishi O’zbekistondan chetga chiqqan yangi muhojirlar hayotidagi ilk o’lim voqeasi edi. Bugunga qadar ularning O’zbekistondagi yaqinlari o’limi hodisalari ro’y bergan va bu ayriliq azobini anchagina odam his qilgandi.

Lekin bugunga qadar aksariyat muhojirlar yurtga "ana qaytamiz, mana qaytamiz" degan umidda yurganlari uchun bu og’ir zarba bo’ldi. Ya’ni yurtga umuman qaytmaslik, jasadlari olis o’lkalarda qolib ham ketishi mumkinligini his etdilar.

O’zbekiston Islomiy Harakati haqida turkum dasturlar hozirlaganimda(2002 yilning boshida) Mahmudjon Hojiyev bilan ham ancha gaplashgandik. Fikri tiniq, o’z qarashiga ega, masala mohiyatini anglaydigan odam edi. Uning qarashlari bilan "Islom lashkarlari" kitobimda tanishishingiz mumkin.

Mahmud akani adshmasam, ilk bor 1996 yilda Turkiyada ko’rgandim. Ishbilarmonlik qilib, boyib ketgani, "Birlik"ka ham qarashib turgani, keyin hukumat odamlari uyiga bosib kelishgani va katta mablag’ talab qilishgani uhcun ketganini aytgandi. Orada Qirg’izistonga ham borib kelib, tijorat bilan shug’ullanib yurdi. Avval qizlari, keyin umr yo’ldoshi keldi, Turkiyaga. Nima bo’ldi, nima qo’ydi, umr yo’ldoshi bolalari bilan birga qaytib ketdi. Kanadaga 2000 yilda siyosiy muhojir o’laroq yonida bir urus ayol kelganini,(unga uylangani aytiladi) u ayolning voyaga yetgan bolalari borligini eshitib uncha ishonmay yurdim. Chunki Mahmud aka dindor va o’z e’tiqodida ancha mustahkam odam edi. Bunday odamning bir rus ayoli bilan yashab ketishiga u qadar ham ko’zim yetmagandi. Keyin eshitsam, u ayol bulg'or ekan asli. Mahmud akani yaxshi tanigan, uyida mehmon bo'lgan Zokir Alining ta'kidlashicha, Mahmud aka u bilan Qirg'izistonda oila qurgan, keyin uni qizi bilan birga Turkiyaga olib kelgan, namoz qiladigan musulmon ayol ekan.Lekin keyinchalik ajralishgan va Mahmud aka yolg’iz yashayotgan ekan.

Muhojir yigitlardan birining aytishicha esa keyingi vaqtlarda Mahmud aka ancha radikal guruhlarga yaqinlashgan, kerak bo’lsa uncha-buncha odamni o’ldirtirib yuboradigan kuchim bor, degan ekan. Yolg'izlik unga qattiq ta'sir qilgani aytiladi. Xullas, o’limi sirli. Mahalliy matbuotda esa o’z joniga qasd qilgan bo’lishi mumkinligi aytiladi.Har kuni machitga borgani va dindorlar bilan birga bo’lgani uchun uning o’z joniga qasd qilganiga ishonib bo’lmaydi. Nima bo’lganda ham bir muhojir bu dunyoni tark etdi, uning yaxshi-yomonligi, gunohu savoblarini biz emas, o’lchaydigan boshqa endi. Bizdan esa duo qilish: Alloh rahmat aylasin!

Achchiq haqiqat esa, bu Karimov rejimining yana bir "mevasi"...