JAHONGIR MUHAMMAD
O’ZBEKISTONDA
“KLAN”LAR BORMI?
Shu yilning fevral oyida
Toshkentda portlagan bombalar orqasidagi sirni tahlil etishar ekan, Amerika
matbuoti bir necha taxminlar haqida to’xtalib jumladan, O’zbekistonda “klanl”ar
mavjudligi va mudhish voqeada ularning ham qo’li bo’lishi mumkinligini yozishdi.
E’tibor bersam o’zimizning qo’lbola siyosatchilar ham O’zbekistonda klanlar bor
va juda kuchlu degan fikrni tinmay gapirishmoqda. Avvalo “klan” degani
o’zbekchada urug’-aymog’chilik bo’lganini etiborda tutib, bu so'zni qo’shtirnoq ichida ishlatishga qaror qildik
Xo’sh bugun O’zbekistonda
klanlar bormi? Bu savolga javob qidirgan Rossiya fanlar Akademiyasining
mintaqaviy tadqiqotlar markazi ilmiy xodimi Zurab Todua O’zbekistondagi barcha o’zgarishlarni klanlarga bog’lashga urinandi. Hatto 1992 yil yozida( bu yerda u voqealarni 1991 yilning kuzidagi 7-sessiya bilan chalkashtirgan-JM) O’zbekiston parlamentida Karimov siyosatiga qarshi chiqilganini ham Mirsaidov boshchiligidagi Toshkent klanining muvaffaqiyatsiz urinishi, deb talqin qiladi.
Aslida mazkur sessiyadagi muvaffaqiyatsizlik Mirsaidovning “Menga mansab kerak
emas" degan bayonoti va muxolifat liderlaridan biri Salay Madaminov(Muhammad Solih)ning bu kommunistlar uyushtirayotgan to’ntarish shaklidagi chiqishi tufayli tug’ilgandi.
Bugun endi parlament raisi
Erkin Xalilovni Toshkent, Bosh vazir O’tkir Sultonovni Farg’ona va Prezident
Islom Karimovni Samarqand klanlarining yetakchisi deb talqin qilishmoqda. Bular
bo’lmagan gap.To’g’ri Xorazm va Qashqadaryoning ba'zi jaoylarida
urug’-aymoqchilik saqlanib qolgan, lekin bu mamlakatni boshqaradigan kuch emas.
Hamma narsani o’z oti bilan
aytadigan bo’lsak O'zbekistonda mahalliychilik bor. Lekin bu ham institutlar
darajasida. Hali hukumat pog’onalariga yetib borgan emas. Ba'zi korinishlarda yetib
borgan bilan davlatni boshqaradigan kuchga aylangan emas.
Biz bugungi vaziyatni
klanlar yoki mahalliychilik kabi illatlar bilan oqlashga urinsak juda katta
siyosiy xatoga yol qo'ygan bo’lamiz. Bu bilan O’zbekistonda chuqur idiz otgan
poraxorlik yani saraton kabi tuzalmas xastalikka aylanib borayotgan
korrupsiyani yashirgan bo’lamiz. Bugun puli bor kishi har qanday odamni, har qanday
mansabni sotib olish qurbiga ega. Pul bugun har qanday klan va har qanday
mahalliychilikni bir zumda yenga oladi.
Ba'zilar hukumatda
Samarqandliklar ko'payganini Karimovning klanlari deyishdi va adashdilar. Karimov
ularni paypoq almashtirgandek juda tez yo’qotdi. Chunki ular hukumatdagi
vazifani sotib olgandilar va o’z haqlarini kvadrati bilan yig’ib olgach
ularning ish bermasliklarini Karimovning ozi ham bilardi.
Ha, bugunga kelib pul, ya’ni
poraxorlik, korrupsiya hamma narsani hal qiladigan kuchga aylandi. Buning
qarshisiga chiqadigan mard qolmadi. Hatto Prezident ham bu xususda ojizdir, u
o’tgan yili Samarqand va Navoiy viloyat sessiyalarida O’zbekiston korrupsiya
sariqpechagi bilan o’ralganini tan oldi va korrupsiyaga qarshi kurash
boshlatganini e’lon qildi. Ammo juda qisqa vaqta chekindi. Yana bir ikki odim
otganda korrupsiya uni taxtdan uloqtirib tashlashini sezdi.Chunki korrupsiya
padarkush farzandga o’xshaydi. Agar uning yo’liga chiqadigan bo’lsa u o’z
otasini ham tanimaydi.
Biz klanlar va
mahalliychilik deb o’zimizni ovutib, Amerika matbuotini ham chalg’itmay ochiq
gapirishimiz kerak. O’shandagina xalq bizni anglaydi.
“Ozodlik radiosi” 1999 yil 13 Iyun.