JAHONGIR MUHAMMAD

Karimovdan keyin

kim prezident bo'ladi?

 

Birov nomzodlar orasida Zokir Almatov, O'tkir Sultonov, Shavkat Mirziyoyev, Erkin Xalilov, Rustam Inoyatov bor desa, yana birov Abdulaziz Komilov, Elyor G'aniyev, Rustam Azimov deydi. Men o'ylagan nomzod boshqa.

Avvalo Karimov nimani o'ylayotgan bo'lishi mumkin.

Birinchidan, "Kasalligim avjiga chiqsa falonchini o'z o'rnimga qo'yaman", degan fikrda bo'lishi aniq.

Ikkinchidan, "Mamlakatni boshqarishni Bosh vazirga topshirib, falonchini biror bir partiya orqali bosh vazirlikka chiqaraman, yana bir boshqa falonchini esa davlat ramzi bo'lgan prezidentlikka qo'yaman. Ulardan biri menga qarshi chiqsa ham, ikkinchisi baribir mening etagimni ushlaydi" degan xayolda. Shu bois u "valiahdlari"ni bugun bir-birini yeb qo'yadigan qilib tarbiyalamoqda.

Shu kunlarda Islom Karimov haqidagi hujjatli romanning so'nggi bo'limlari ustida ishlar ekanman, "qahramon"imning nafaqat kitobda balki hayotda ham tugab borishi mos tushayotgani qiziqdir.

Bugun nima bo'lganda ham Karimovning ketishiga ishonch paydo bo'lmoqda. Balki u olti oyning ichida, balki ikki yildan keyin ketar. Demak, Karimovdan keyin kim bo'ladi, degan savolga hamma, O'zbekistondagi siyosiy partiyalardan boshlab, muxolifatu oddiy fuqarolarga qadar javob qidirish kerak. Har kim o'z qarashini va o'z taxminini o'rtaga qo'yishi mamlakatning kelajagi uchun qayg'urishini ko'rsatadi.

Lekin Karimovdan keyin kim kelishidan qat'iy nazar u juda tezda, ya'ni ikki uch yilda qiyin ahvolga tushib, Karimov qilmishlarining "qurboni" bo'ladi. Chunki Karimov o'z o'rniga tanlaydigan odam, birinchidan, Amerikani qoniqtiradigan odam bo'ladi. Ikkinchidan esa, islohotchiroq bo'ladi. Anashu ikki omil yangi rahbarni qiyin vaziyatga soladi.

G'arda "Domino effect", ya'ni "Domino ta'siri" degan ibora bor. Bu esa domino toshlaridan tiklangan o'yinchoq uyning bir toshi olinsa, hammasi qulab ketishiga ishora. "Boshqaruv"ning bir shoxi sinib ketishi bilan hammasi ishdan toxtab qolishi nazarda tutiladi. Diktatura sharoitida esa' boshqaruv diktatorga bo'g'langan bo'ladi. O'zbekistonning "domino" tizimidan Karimovning chiqishi butun tizimni shal bo'ladi. Boshqacha aytganda u qurgan q'al'a o'zi bilan yiqilib ketadi.

Buni soddaroq qilib aytadigan bo'lsak, yangi rahbar xalqqa nimadir qilishga intiladi, ammo puli bo'lmaydi. U G'arbdan, jumladan IMF- Xalqaro Valyuta Jamg'armasidan qarz so'raydi. Beramiz , istganingizcha beramiz, ammo siz islohot qilishingiz, bozor iqtisodiga o'tishingiz kerak, degan shart qo'yishadi. U xalqqa "Menga ikki yil berin, men iqtisodni tuzataman", desa, xalq ishonmaydi, chunki 1991 yildan beri "olti oyda jannat qilib beraman" degan prezident uning cho'ntagini shilib ketdi. Islohotni boshlatsa, hukumat jilovini ushlab turgan narx-navo oshib ketadi, pulning qadri tushadi, bu esa g'alayonlarga olib keladi. Ikkinchi tomonda u siyosiy islohotlarga ham yo'l berish majburiyatida bo'ladi. Bu esa uning tanqidchilarini ko'paytiradi, xalqning anashu tanqidchilar tomoniga o'tib ketishiga zamin hozirlaydi. Xullas, yana boshqa omillar ham borki, kim bo'lishidan qat'iy nazar, bunday holga bardosh berolamydi.

Rashidovdan keyingi kunlarni eslang. Yiliga bir rahbar almashgandi. Ozarbayjonda Abulfayz Elchibey perzident bo'lgan davrni tahlil qiling. Gurjistonda Gamsaxurdiya paytini olib ko'ring. Uzoqqa bormang, Gorbachev tushgan vaziyatga nazar soling. Karimov buni biladi va bir muddat o'tib ba'zilar. "Karimov davri yaxshi edi" deb gapirishlariga ham ishonadi. Xuddi bugun Saddamning davri yaxshi edi, deganlar topilgani kabi. Chunki oddiy xalq kelajak bilan emas, balki bugun bilan yashaydi.

Mening nazarimda Islom Karimov "valiahd" etib uch kishini tanlagan. Ulardan biri Sodiq Safoyevdir. Ikkinchisi Rustam Azimov. Uchinchisi esa Shavkat Mirziyoyevdir. Amerika va Xalqaro tashkilotlar Sodiq Safoyev bilan ishlashni istaydilar va uning islohotlar qilishga moyil,deb hisoblaydilar. Rustam Azimovga ham xuddi anashu ko'z bilan qaraydilar. Lekin Karimov Shakat Mirziyoyevni tanlashi mumkin, agar u bilib-bilmay Karimovning oyog'ini bosib qo'ymasa. Menimcha "o'tish'davri, boshqacha atganda, qurbonlik uchun ulardan qaysi birining tanlashi muhim emas. Ularning ham davri o'tadi.Tez. Ammo ulardan keyin katta g'alag'ovurlar va demokratik saylovlarning bo'ronida tug'iladigan yangi bir lider O'zbekistonni Markaziy Osiyoda Turkiston birligining tashkilotchisiga aylantirishi, dunyoda ham e'tibori yuksak davlat darajasiga olib chiqshi mumkin va uning davri O'zbekistonning qayta tug'ilish davri bo'ladi.

(Vashington, 2002 yil, 28 Aprel)