JAHONGIR MUHAMMAD 

 

 

ISLOM KARIMOV

ENDI O’ZINI ALDAMOQDA

 

 

2003 yilning 25 Aprel kuni, ya’ni bugun Oliy Majlisning 11 sessiyasida kutilmagan voqea yuz berdi. U ham bo’lsa, oldin kun tartibiga kirilmagani va e’lon qilinmagani holda to’satdan "O'zbekiston prezidenti vakolatlarining asosiy kafolatlari haqida"gi qonun qabul qilinishidir. Bunday qonunlar ko’p mamlakatlarda qabul qilingan. Ammo O’zbekistondagisi hech biriga o’xshamaydi. Qizig’i shundaki, bu qonun Islom Karimov xasta ekan, ana ketarmish, mana ketarmish, degan mishlar tarqalgan bir paytda qabul qilindi.

Agar Islom Karimov 2007 yilda ketishga tayyorgalik ko’rayotgan bo’lgan taqdirda oldinda o’nlab sessiyalar bor va buni qoidalarga solib, toshu tarozisini ko’rib chiqib qabul qilish mumkin edi. Apal-tapal qabul qilinishiga ko’ra, boshqa bir gap borga o’xshaydi. U ham bo’lsa, Islom Karimovning o’zi o’z salomatligiga ishonmay qolgan. Doktorlar uni jiddiy ogohlantirishgan. Shu sababdan ham yangi qonunda "salomatligi tufayli" degan kalima alohida o’rin olgan. Lekin gap bunda ham emas.

Qabul qilingan qonun Xalqaro normalarga ziddligi bilan ajarlib turadi. Ko’plab davlatlarda mamlakat rahbarlari vakolat muddati davrida daxlsizlikka egadirlar va vazifalarini bajarishdagi harakatlari uchun vakolat muddati tugagandan so’ng adolat huzuriga chiqarilishlari mumkin. Zotan shu narsa ularning diktatorlik qilmasliklari, qonunlarni oyoq osti etmasliklari uchun bir ogohdir. Ammo diktatorlar o’zlariga yuqoridagi kabi qonunlarni qabul qilib olganlar, Masalan, Chilida Pinochet anshunday umrbod daxlsizlik qonunini qabul qildirgandi.

Agar Oz’bekistonda qabul qilingan qonunga nazar solinsa, prezident istagan odamini qamab, istganini o’ldirib yuborishi mumkin, ammo buning uchun javobgar emas, degan xulosa chiqadi. Buning ustiga u umrbod Senat a’zosi bo’lib qolarmish. Bunday holda senat parlamentning bir bo’lagi emas, kolxozdan farqi yo’q ekanda. Chunki parlament degani bu ma’lum bir muddatga xalq tomonidan saylanadigan vakillarning anjumani degani. Agar Oz’bekiston yakkahokimlik yo’lida qoladigan bo’lsa, tabiiyki bu iddaolarimiz o’z kuchini yo’qotadi. Ammo O’zbekiston demokratik yo’lni tanlagan ekan, uning parlamentida umrbod a’zolar bo’lmasligi, balki xalq tomonidan saylangan a’zolar bo’lishi shart.

Yangi qonunga ko’ra prezident ishdan ketgandan keyin ushlanmas, so’roq qilinmas va shaxsiy kuzatuvdan o’tkazilmas ekan. U Shovruq Ro’zimurodov kabi yuzlab fidoyilarni o’ldirtirgan bo’lsa hammi? Ozbekiston oltinlarini chetga olib chiqib ketgan va ketayotgan bo’lsa hammi? Narkotik kontrabandasi bilan shug’ullanayotgan bo’lsa hammi? Yo’q, bu qonun emas, bu o’z o’zini axmoq qilishdir.

Karimov bugunga qadar o’zbek xalqini aldab keldi, endi esa o’zini aldamoqda. Bugun u o’zi haqida qonunni qanday qilib bir zumda tasdiqlatgan bo’lsa, ertaga bir kun kelib, xuddi shunday bir zumda bekor qilnadi bu qog’oz!

Darvoq, Karimov ham Yeltsin yo’lini tanladi, deyishmoqda. Yeltsin Rossiyaning birinchi prezidenti edi va baholi qudrat demokratiyani boshlab berdi. Sovetlar qulashida esa u demokratiyaning bayrog’iga aylangan inson edi. Ammo Karimov borini ham o’ldirdi. O’zbekistonni botqoqa itqitdi.

Karimovdan keyin O’zbekiston qayta tug’iladi va uning birinchi va haqiqiy prezidenti ham o’shanda paydo bo’ladi. Karimov esa O’zbekiston tarixidagi qora kunlarning ramziga aylanadi. Y’ani zulmat elchisi, deb yodga olinadi.

(Vashington, 2003 yil, 25 Aprel).