JAHONGIR MUHAMMAD
MILLIY MA'NAVIYATSIZLIK
yoki
JAMOL KAMOL
Mening Jamol Kamol haqidagi fikrlarim uning “Turkiya” gezetasining muxbiri Ihsan Gulchu bilan o’tkazgan suhbatidan keyin o’zgargandi. O’shanda men Turkiyada yashradim va mazkur ro’znomada ishlardim. Ro’znomada aksariyat-ko’pchilk Karimov rejimi haqida, uning xalqqa zulm va zug'umi borasida xabardor edilar va mening qarashlarimni hurmat qilardilar. O'zbekiston haqida yozgudek bo'lsalar, albatta kelib, mendan fikr olardilar. Ammo bir-ikki kishi Toshkentga borib, Karimovdan shaxsan to’n kiyib qaytgach, ularning va ularning gaplariga ishonganlarning fikrlari o’zgara boshladi. Shularning orasida Ihsan ham bor edi. Bir kuni u menga:
-Jahongir abi(aka-JM), ertaga chiqadigan sahifani yaxshilab o’qi, bizlarga ishonmasang, mana Jamol beyga ishonarsan, axir u ham muxolifatdan chiqqan ekan, haqiqatni aytadigan odam-ku!- dedi sensirab.
Turkiyada yaqin olib gapirilganda sensirashadi va sizlash o'rtadagi uzoq masofani ko'rsatadi. Ammo gazetadagilar o'zbek odatlari haqida yozganlarimni o'qiganlaridan keyin va mening ularni "sen" deb gapirishga tilim bormaganini ko'rganlaridan so'ng men bilan sizlab gapirishardi. Shu bois ham Ihsanning sensirashini o'sha daqiqada tushuna olmasamda, keyinchalik uning " vatan xoinlarining gaplariga ishonavermanglar" degan nasihatlardan ta'sirlanganini o'rgandim.
Darhaqiqat, ertasiga, ya’ni 1995 yilning 5 Sentayabr, Seshanba kuni Jamol Kamolning “Turkiya” gazetasining 4-sahifasida to’liq va boshqa sahifada ham davom etgan suhbati bilan chiqdi.
Unda Jamol Kamolning alohida bir suvrati, yana muxbir bilan tushgan surati hamda qizi, nevaralari va ilgari "Ozodlik'da ishlagan va o'sha kunlarda O'zbekiston hukumati bilan yaqin bo'lgan Ziyovuddin Boboqurbon bilan birga tushgan surati ham bosilgandi.O'shanda Jamol Kamolning fikrlariga qarshi maqola yozdim va bir necha gazetada chiqqan ham edi. Bahora Olim qizi bu maqolalarni to'plab, “Ozodlik”radiosi orqali eshittirgandi ham. Demak, javobsiz haq qolmagan, buning ustiga shu suhbati chiqqandan keyin oradan hech vaqt o'tmay Jamol Kamol ishdan olib tashlandi. Shunday, ekan, nega bu suhbatga qaytishga ehtijoy tug’ildi, deb o’ylarsiz.
Gap shundaki, yaqinda, ya’ni 2003 yilning 14 vefralida Jamol Kamolning "Mohiyat" haftaligida "Kitobsiz el...” degan bir maqolasi chiqdi.
Uning maqolasidagi manabu satrlar kishini o'ylatadi:
“…Birov bozorga supurgi olib chiqadi, birov ko’kat, birov kartoshka, sarimsoqpiyoz… Yozuvchining xalqqa taklif etadigani-kitob...
…alam qiladigan joyi shundaki, bizda sandiq yasagan ustadan soliq olinmaydi, kitob yozgan yozuvchiga soliq solinadi…
…hozir O’zbekistonda kitob nashr etish yozuvchi uchun orzu emas, armon bo’lib qoldi…
...Yurtimiz mustaqillikda yashayotgan o’n ikki yil ichida mening bitta ham kitobim bosilmadi. Ajabo, mustaqillik shiorini birinchi bo’lib ko’tarib chiqqan biz, yozuvchilar emasmidik?..
Yoshim oltmishdan oshdi. El oldida hisob berish fursati yetdi…
Loaqal “Saylanma” asarlarimni chiqarib bering, deb qaysi eshikka boray, qaysi ostonaga bosh uray?..”
Ana endi men yuqorida zikr etgan suhbatdagi manabu satrlarni o’qib ko’ring. O’shanda O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining rahbari bo’lgan Jamol Kamol Turkiyaning eng yirik ro’znomasiga quyidagilarni aytgan edi:
“ Adabiyot va san’at azaldan beri davlat va saltanat sohiblarining himoyasida bo’lib kelgan. Sulton G’iyosiddin Mavlononi o’z qanotlari ostiga olgan edi. Sulton Husayn Boyqoro bo’lmasa Navoiy bo’lmas edi. Davlat rahbarining oti istang boshqon, istang sulton va yoki prezident bo’lsa ham masala o’zgarmaydi... O’zbekistonda Islom Karimov anashunday buyuk ishni bajarayotgani holda Turkiyada ijodkorlarga bunday munosabat yo’q"..
Jamol Kamol o'shanda Turkiya bilan O'zbekistonni solishtirar ekan, Turkiyani, uning hukumatini qattiq tanqid qilgani, mashhur latifani eslatgandi. AQSH rahbari Brejnevga " Mana bizda so'z erkinligi bor, odamlar hukumatimizni istagancha tanqid qiladilar" desa, Brejnev, "Bizda ham so'z erkinligi bor, biznikilar ham istagancha tanqid qilishlari mumkin, hukumatingizni..." degan ekan.
Jamol Kamol yozgandi:
"...O’zbekistonda Yozuvchilar uyushmasi raisining mavqei Madaniyat vaziri bilan tenglashtirilgan.
Menga davlat katta maosh beradi.
Men uchun hukumat maxsus mashina ajratgan.
O’tgan yil Prezidentimizning qarorlari bilan yozuvchilarga tarqatish uchun 50 ta kvartira berildi.
Turk hukumati yozuvchilarga shunday mehribonlik qilmoqdami?...
Yoki yana o’tgan yil Toshkent atrofidan 100 gektar yer ajartib berdilar. Istagan uy qursin, istagan bog', dedilar. Bu davlatimizning ijodkorlarga munosabatining bir ifiodasidir.
Ammo Turkiyada ijodkorlarga bunday munosabatni ko’rmadim...
Ya’na O’zbekistonda o’tgan yil hukumatimiz ijodkorlar uchun, ularning oilalari uchun uch qavatli bir poliklinika qurib berdi...”
Shundan keyin O’zbekistonda ijodkorlarning ro’znomalariyu jurnallariga hukumatning mehribonchiligi sanaladi. Hammasi Islom Karimovning munavvar saxiyligi bois bo’layotgani aytiladi. Kitoblar guvvilab chiqib turganidan machitlarda azonlar gurillab aytilganiga qadar hech narsa unutilmaydi va Islom Karimov xalqqa Alloh ino'm etgan bir zot ekanligi urg’ulanadi.
Shunday gaplarni aytgan odam bugun birdaniga jamiyatdan, tuzumdan shikoyat qilib qolsa, quloqqa ancha qiziq tuyular ekan.
Nima bo’lganda ham bugunga qadar Turkiyada biror bir yozuvchi kitobim chiqmayapti, deb shikoyat qilgan emas. Chunki Turkiyada hukumat ijodkorning ishiga aralashmaydi va ijodkor mustaqil. Hukumat rahbariga qulluq qiladigan ijodkorni esa u har qancha talantli bo'lsa ham ijodkor, deb tan olishmaydi, balki maddoh, deyishadi.
Jamol Kamolning mustaqillik deb atalgan yillarda O'zbekistonda kitoblari chiqmagan bo'lsa aslida u faxrlanishi kerak edi. Chunki bu yillarda maddohona kitoblarga doim yo'l ochiq... Karimov rejimining qullariga Jamol Kamolning o'zi Turkiyada baralla aytgani kabi barcha sharoit qilib berilgan. Maddohlik mualliflariga orden, medallar, qahramonlik unvonlari berilmoqda...
Men shu yillarda O'zbekistonda kitobim chiqmaganidan g'ururlanaman. Mening ham kitobimni chiqaring, deya yolvorish esa siz qilayotgan zulmlarga ko'z yumganman, degandek tuyuladi, menga.
Darhaqiqat, "Amerika Ovozi" ga suhbat bergan (21 fevral,2003 yil) taniqli olim, yozuvchi va jurnalsit Botir Norboyev xalqni emas, o'zingni o'ylashni mustaqillik yillarida yanada keng yoyilgan milliy ma'naviyatsizlk, deb baholadi.Qachon anashu ma'naviyatsizlikdan qutulsak, jamiyat o'shanda o'nglanadi.
( Vashington, 2003 yil, 24 fevral).