JAHONGIR MUHAMMAD
ISTE’FO
TALABI
VA
QO’RQUV
7- mart kuni Toshkentda "Amerika ovozi" va "Ozodlik" radiosining muxbirlariga hujum qilindi. "Amerika ovozi"ining Toshkentdagi hamkori Behruz, Ya’ni Yusuf Rasulov va "Ozodlik" radiosining hamkori Husniddin Qutbiddinov poytaxtning Eski shahar qismida jurnalistik vazifalarini bajarayotgan bir paytda kaltaklandilar.
Bu joyda 8- mart xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida prezident Karimovning iste’fosini, qamoqlardagi qiynoqlarni to’xtatishni, begunoh qamalgan bolalari va turmush o’rtoqlarini ozod qilish talabi bilan bir guruh musulmon ayol namoyishga chiqqan va ular militsiya xodimlari tomonidan kaltaklanib olib ketilgandi...
Qo’li va kiyimlari qon bo’lgan mirshabga "Ayollarga nima bo’ldi, ularni qayoqqa olib ketishdi?", deb savol bilan murojjat qilgan jurnalistlar oradan ko’p o’tmay o’zlari ham kaltaklar zarbi ostida qoldilar.
Bunday, namoyishni yoritish uchun mahalliy jurnalistlar jur’at eta olmasliklari aniq. Ammo xalqaro jurnalistlar qiyinchilik bilan baholi qudrat bu ishni bajarib kelayotgan edilar. Endi ular ham zulmning tegirmon toshiga duch keldilar. Lekin bu tosh ularni eza olmasligini zulm idrok eta olmayotir.
Shu o’rinda aytish kerakki, O’zbekistonda keyingi paytda jurnalistlarni qo’rqitib qoyish mexanizmi izga tushmoqda. Masalan, oxirgi bir oyning ichida G’ayrat Mihliboyev qamab yuborilgani, Olim Toshev, Lutfullo Mamasoliyev ustidan ish qo’zg’atilgani, Tox’tamurod Toshev, Murod Kalonxonov qamoqqa olingani, Ergash Bobojonov sud qilingani xalqaro jamoatchilikda jiddiy tashvish uyg’otdi. Jumladan, AQSH Davlat departamenti bu borada bayonot berib, O’zbekistonda jurnalistlarga ta’qib to’xtatilishini talab qildi va hukumatga matbuot erkinligi borasida bosim o’tkazish yo’lida qarorli ekanligini bildirdi.
Ammo mazkur bayonotdan keyin oradan to’rt kun ham o’tmay xalqaro jurnalistlar kuppa kunduz kuni, ahli ayonning ko’z oldida kaltaklanib, qo’llaridagi ish qurollari tortib olindi. Bu voqea bugun dunyoning diqqat markaziga tushdi. AQSHning nufuzli gazetalari terrorizmga qarshi kurashda Qo’shma Statalarning yaqin hamkori bo’lgan O’zbekiston amalda inson huquqlarini toptash bilan birga matbuotni nazorat qilishni kuchaytirgan holda jurnalistlarga nisbatan mutlaqo toqat qilib bo’lmaydigan faoliyat ko’rsatayotganini yozmoqdalar.
Jumladan, "The New York Times" gazetasi bugungi sonida "O’zbek to’dasi ikki jurnalistni kaltakladi" degan maqolani chop etgan. Unda qiynoqlar odat tusiga kirgan O’zbekistonda "Bu qiynoqlarni to’xtating!", deb ko’chaga chiqish nooadatiy hol ekanligi, ammo bir guruh ayollar bunga jura’t etishgani ta’kidlanar ekan, bu voqeani yoritishga uringan jurnalistlar kalatklangani, ularga tan jarohati yetkazilgani va ularning ish qurollari tortib olingani mamlakatning qaysi yo’lda ekanligini ko’rsatuvchi dalil bo’lganini ta’kidlanadi.
Diniy erkinlik bug’ilgan, saylovlar adolatsiz bo’lgan O’zbekistonda matbuot xodimlariga bunday munosabat tashvishli ekanligi urg’ulanadi.
"The Washington Times" gazetasi ham mazkur masalada bugun katta bir maqola bergan va uni "Mirshablar jurnalistlar kaltaklanishini tomosha qildilar" deb nomlagan. Maqolada, o’zbek rasmiylari, jumladan Islom Karimovning o’zi sovetlar davrining "m’erosi" ekanligi qayd etilgan holda uning rejimi korrupsiya va repressiya botqo’g’i ustida turgani yoziladi.
Yuz bergan voqeaga boshqa nashrlarda ham anashunday keskin munosabat bildirilar ekan, bir qator xalqaro tashkilotlar ham bu voqeani qoralamoqdalar. O’zbekistonning ichida ham bu ishni hukumatga oid odamlargina amalaga oshirishi mumkinligi ochiq aytilmoda. Mustaqil jurnalist, "O’tyuraklar" tashkilotining asoschisi Mo’tabar Tojiboyevaga ko’ra hukumat bunday ishlarni tap tortmay qiladi va so’ngra xabarim yo’q deb turaveradi. "Ozodlik" radiosining muxbiri Husniddin Qutbiddinov esa ualrni urgan kishilarni turli namoyishlar bo’lgan kunlarda ko’p bor ko’rganlarini va qolaversa ular Ichki ishlar vazirligining korrupsiyaga qarshi kurash bo’limida ishlagan xodimlar ekanligini aytgan guvohlar bo’lganini qayd etadi.
Ha, O’zbekiston rahbariyatining ko’rsatamasi bo’lmagan holda jurnalistlarga hujum qilish, ularning "ish qurollarini" tortib olish hodisasi yuz bermasligi hammaga ayon. Ba’zi manbalardan olingan xabarlarga ko’ra 6- mart kuni Nezavisimiya gazetasida Karimovning "salomatligi yomonlashgani va hatto o’lgan bo’lishi mumkinligi" haqidagi maqola uning qattiq jahlini chiqargan va xorijiy muxbirlarning jazosini berib qo’yishni talab qilgan. Ammo ilk hujumga Amerika matbuotining vakillari tushib qolishini esa xayoliga ham keltirmagan. Shu bois jurnalistlarga hujum qilganlar "kuyib" qolishlari ham hech gap emas. Shunaqa, rejim quturganda nima qilayotganini o’zi ham bilmaydi.
Bu voqeadan esa ikki jiddiy xulosa kelib chiqadi.
Birinchidan, bu voqea O’zbekistonning yaqin kunlarida prezident Karimovning is’tefosini talab qilib o’tkazilgan ilk siyosiy namoyish ekanligi bilan ajralib turadi. Shu bois hukumat namoyishchilarga shavqatsizlarga munosabatini yana bir bor ko’rsatishi bilan birga ba’zi ayollarning bo’lgan voqea haqidagi gaplarini yozib olishga ulgurgan jurnalistlarga nisbatan ham zo’ravonlik qildi. Iste’fo talabi va bu talabdan qo’rquvning manzarasi bu.
Ikkinchidan, hali yaqindagini O’zbekistonda jurnalistlarning ma’lumot olishlarini kafolatlaydigan yangi qonun prezident Islom Karimovning imzosi bilan kuchga kirgan edi. "Amerika Ovozi" va "Ozodlik" radiosining muxbirlariga nisbatan yuz bergan bu voqea esa O’zbekistonda qonunlar nimayu hayot nimaligini yana bir isbotladi. Rejimning so’zi va yuzi ikki ekanligini ko’rsatdi.
(Vashington,8-Mart, 2003 yil)