JAHONGIR MUHAMMAD

 

 

O’ZBEK XALQI

IQTISODIY QAMAL ICHIDA

 

 

 

Daraxtning ildizlariga bolta urilsa yoki ildizlari qurigan holatda ham o’q ildizi baquvvat bo’lsa, bo’ronu dovullar uni yiqita olamaydi. Ammo o’q ildiz chirik bo’ldimi, oddiy shamol ham bu daraxtni qulatishi mumkin. Shu mantiqdan kelib chiqilsa, iqtisod boshqaruvning o’q ildizidir. Xo’sh O’zbekistonda boshqaruvning o’q ildizi qay ahvolda. Taassufki, bu savolga ijobiy javob topib bo’lmaydi.

Eng so’ngi Xabarlarga ko’ra 20 sentyabr kuni Xalqaro valyuta jam’g’armasi O’zbekistonni bozorni erkinlashtirish, so’mni konvertatsiya qilish borasida sust odim otayotgani uchun yana qattiq tanqid qildi. Darvoqe AQSH Moliya vaziri Paul O’Neill Iyul oyining o’rtalarida Toshkentga borganda Prezident Karimov shu yilning oxiriga qadar o’zbek so’mi konvertatsiya qilinadi, degan edi.

Bugun o’zbek valyuta bozoriga qarasangiz, pulni almashtirishning uch korinishi mavjud. Birinchisi, hukumat tomonidan belgilangan kurs bo’lsa, ikkinchisi tijoriy banklar tomonidan o’rnatilgan kursdir. Uchinchisi esa qora bozor. Dollarning O’zbekistonda anashunday uch bahosi bor. Oradagi farq qariyb ikki baravarga borib yetadi. Buning orqasidan millioner bo’lib yurganlar hukumatning eng baland nuqtalariga uzanganlaridan mana o’n yildirki konvertatsiya qilish masalasi yildan-yilga o’tib kelmoqda. Bu esa O’zbekistonga olib kiriladigan investitsiyalar yo’lini bog’lash bilan O’zbekiston iqtisodi taraqqiyotini bir necha o’n yilliklarga orqaga uloqtirib tashladi.

Ma’lumki, O’zbekiston prezidenti bundan 10 yil oldin o’rtaga qo’ygan va doim takrorlab kelayotgan besh tamoyilidan biri "Avval iqtisod keyin siyosat" degan yo’ldir. Bu yo’l yangi emas va lenincha siyosatning ham tamalini shu yo’l belgilagandi.            

Zotan shu yilning olti oylik yakunlari muhokama qilinganda O’zbekiston Vazirlar mahkamasidagi nutqida Islom Karimov o’zidan boshlab barcha boshqaruvchilar kommunistik iqtisodiy boshqaruv asoratlaridan qutula olmayotganlarini, sotsialistik iqtisod tamallari qon-qonlariga singib ketganini e’tirof etgandi.   

Gap boshqa Ish boshqa.Oradan sanoqli kun o’tmay konvertatsiyaga tayyorgarlik yuki oddiy xalqning gardaniga tashlandi. Erkin bozorlar yopildi. Erkin do’konlarga qulf urildi. Chetdan tovar olib keluvchilarning yo’liga to’siq qo’yildi. Televideniye orqali bu harakatlarni tushuntirgan mulozimlar birinchi navbatda o’zimizda ishlab chiqarilgan narsalarni xarid qilinglar, deb shunday qildik deyishdi.

Bu esa bozor qoidalarga mutlaq xilofdir. Bozor qoidalari bo’yicha hamma narsani raqobat hal etishi kerak. O’zbekistonda ishlab chiqarilayotgan narsalarni xalq olmayotgan ekan, demak buning uchun xalqni jazolash emas, balki raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish yo’lini qidirish kerak.

Bu ham hukumatning hamma narsani monopoliya qilib olganiga borib taqaladi. Butun zavod-fabrikalar, ishlab chiqarish korxonalari hukumatning qo’l ostida bo’lgani uchun ham raqobat maydonidan uzoq qolmoqda.

Prezident Karimovning Litvaga safari oldidan Boltiq bo’yidagi mahalliy gazetalar O’zbekiston iqtisodi ustidan masxara qilib yozishdi. Ular yosh bolaning og’ziga u istamagan ovqatni tiqsangiz basharangizga tuflab tashlaydi, lekin o’zbek xalqi bardoshli ekan, O’zbekiston hukumati chetdan mahsulot olib kelishni to’xtatib, o’zimizinikini olasiz, deb tursa ham indamayapti, deb yozishdi.

Aslida indamayapti emas. Barcha viloyatlarda namoyishlar bo’ldi, xalq o’z noroziligini aytmoqda. Lekin namoyishga chiqqanlar yoppasiga ushlanmoqda va jazoga tortilmoqda. Matbuot uchun esa olam guliston, muammolar yoq. O’zbekiston boshqaruvining o’q ildizi iqtisod emas, balki xalqni iqtisodiy qamal holida saqlash ekanligi sir bo’lmay qoldi.

(2002 yil, 24 Sentyabar)