JAHONGIR MUHAMMAD

 

 

DIKTATURA O’Z RASMINI

O’ZI CHIZMOQDA

 

 

 

Keyingi kunlardagi uch voqea diqqatimni tortdi.

Birinchisi: O’zbekiston televideniyesining keksa rejisserlaridan Ahmadjon Ibrohimov "o’z arizasiga" binoan ishdan ketkazilgani. Uning aybi Avropa Tiklanish va Taraqqiyot bankining Toshkentda 3-5 may kunlari o’tgan yillik yig’ilishining ochilishida Islom Karimovning mudrab o’tirgani, bank boshqaruv raisi uni tanqid qilayotganda yuzlarini burishtirib, quloqlarini bekitgani. Karimov gapirayotganda zaldagilar uxlab o’tirgani kabi holatlar efirga ketib qolgani ekan.

Ikkinchisi, O’zbekiston radiosida 13-may kuni Xolida Tojiboyeva va Sharoffidin To’laganov matbuot haqida bevosita muloqot o’tkazar ekanlar, o’zini Qoraboyev deb tanitgan tinglovchi hukumat rahbalarining korrupsiya botqog’iga botganini aytar eka, gap prezidentga yetib borganda dastur to’satdan uzib qoyilgani.

Uchinchisi, mustaqil iqtisodchi G’ulomqodir Tursunovning prezidentga yozgan maktubi. Unda muallif O’zbekiston iqtisodini oyoqqa qo’yish uchun o’z takliflarini O’zbek televideniyesi yetti marta yozib olgani va biror marta ham efirga bermagani haqida so’z yuritadi.

Ko’rinib turibdiki, har uch voqea ham O’zbekiston prezidenti va O’zbekiston Teleradikompaniyasi bilan bo’gliq.

Ma’lumki, O’zbekiston televideniyesi Avropa Tiklanish va Taraqqiyot banki yig’ilishini bevosita ko’rsatish uhcun udan mo’maygina pul olgandi. Qolaversa O’zbekiston rahbarining shaxsan o’zi bank direktoriga bevosita ko’rsatuv haqda va’da bergandi. Shulardan kelib chiqadigan bo’lsa, ishdan quvilgan rejisserda nima ayb? Qozonda bori cho’michga chiqqan.

Ahamadjon Ibrohimovning matbuotga bergan suhbatlarida u "Bu voqeani prezidentimiz bilmasalar kerak: deydi. G’ulomqodir Tursunov ham najotni prezidentdan kutadi. Bu esa zehniyat xuddi 1990 yillar boshlaridagi kabi qolganini ko’rsatadi. O’shanda ham "bu ishlarni prezident bilmaydilar", deganlarning ko’pchilgi prezidentning buyrug’i bilan ishdan olingan yoki qamalgandi. Ular buni bilar edilar va bilib turib bilmaslikka olardilar.So’nggi umidni ham o’ldirmaslik yoki butunlay yo’qolib ketmaslik uchun shunday der edilar. Lekin diktaturaning eng katta ishi odamlarning zehniyati bilan birga ularning so’nggi umidlarini ham o’ldirishdir.

Sobiq rejisser Ahmadjon Ibrohimovning xorijiy matbuotga bergan suhbatidan ma’lum bo’lishicha unga O’zbekiston televideniyesining direktori Ahmad A’zam ariza yozdirgan. Avvaliga "ERK" partiyasining, so’ngra "Fidokorlar" partiyaisning tashkilotchisi, nafaqat tashkilotchisi balki asosiy rahbarlaridan ham biri bo’lgan Ahmad A’zam va O’zbekiston Prezidentining iqtisodiy siyosatini "o’zbek yo’li" deb jar solgan Telerediokompaniya raisining o’rinbosari Farhod Ro’ziyev, va qolaversa kompaniya raisini bu faoliyatlari uchun tanqid qilish emas, balki maqtash kerak. Chunki ular o’zlari o’tirgan shoxni arralamoqdalar.

Boshqacha aytganda, Avropa Tiklanish va Taraqqiyot bankining yig’lishi bevosita ko’rsatilgani ham jumlasida bo’lgan ba’zi jarayonlar bois O’zbekstonda demokratik o’zgarishlar bo’lmoqda, senzura bitdi, degan fikr ilgari surilmoqda edi. O’zbekiston Teleradiokompaniya rahbarlari esa bu g’irt yolg’onligini, O’zbekistonda senzura gullab yashnayotgani va diktatura sakkiz oyoqli axtapotdan ham o’tib o’rgimchak kabi kabi hammayoqni chirmab olganini isbotlashdi.

Shunaqa, o’rgimchak ham oxir oqibat o’z oyog’idan osilgani kabi diktatura ham o’z rasmini o’zi chizmoqda.

(Vashington, 17 May, 2003 yil).