JAHONGIR MUHAMMAD

SUVIGA QARAB ILONI...

 

Bundan bir necha kun oldin Toshkentda matbuot erkinligi va korrupsiya masalasida bir anjuman o’tkazildi. Bu yig’ilish ham shuni ko’rsatdiki, O’zbekistonda poraxo’rlik zarpechak singari hukumatni chirmab olgan va undan qutulishining faqat bitta yo’li bor, u ham bo’lsa, bu pechakni ildizi bilan qo’porib tashlashdir. Ildizi bilan qo’porish esa hukumatni ham o’z orqasidan sudrab ketishi, degani uchun bu gapni birov yurak yutib ochiq ayta olmaydi. O’zbek matbuoti esa aslo!

Ikki oy oldin esa dunyo davlatlari korrupsiya masalasida qanday vaziyatda ekanliklari haqidagi xalqaro hisobot e’lon qilinganda, O’zbekiston korrupsiya markazlaridan biriga aylanganini ko’rsatuvchi raqamlarga ba’zilar ajablangandi. Xalqining o’rtacha daromadi 4-5 dollar atrofida bo’lgan holda pora berish uchun bir nech nol raqamli katta miqdordagi dollarlar rishvat o’laroq qanday aylanib yurishi, ularni taajubga solgandi. Hamma narsa ko’rpasiga qarab bo’lishi kerakligiga ishongan g’arbliklar O’zbekistonda ham pora olish o’z darajasida bo’lsa kerak, deb o’ylashganda.

Lekin keyingi kunlarda xorijiy va mahalliy matbuotda chiqayotgan bir qator xabarlar O’zbekistonda haqiqatdan ham xalqning ahvoli orqaga ketgani holda, poraxo’rlik G’arb ko’rsatkichlari darajasidan ham o’zib borayotganini ko’rsatmoqda.

"RIA Novosti"ning xabar berishicha, Toshkent shahridagi bir tumanda uy-joylarni foydalanishga topshirish boshqarmasida rahbar bo’lgan Ochilov degan shaxs 7.200 dollar miqdorida pora olayotganda qo’lga tushgan. Bu o’rtacha maosh oladigan 35 mingdan ziyod kishining bir oylik ish haqi miqdoridagi pul. Boshqacha aytganda bir katta tuman aholisining bir oylik maoshini hukumat idorasidagi kichkina to’ra bir daqiqada olmoqda.

Hukumat zinalaridan yuqoriga qarab chiqib borsangiz, demak bundan ham dahshatli vaziyatni ko’rish mumkin.Yoki o’t uchirish idorasiga ishga olish uchun bir kishidan 2000 dollar pora olgan(Bu ham RIA Novosti xabari-JM) Orifboyev degan shaxs misoli esa O’zbekistonda nafaqat yuqori mansablar va balki ko’zga korinmaydigan ish joylari ham katta pullarga sotilayotganidan darak bermoqda.

New York Times gazetasining yozishicha prezident Karimovning qizi Gulnora Karimova Amerikaga sudga chaqirilganda "Sobiq turmush o’rtog’im, agar mening nomimga chet eldagi banklardan biriga 5 million dollar qo’ysagina mahkamaga boraman" degan. Oddiy odamning maoshi besh dollar bo’lgan bir mamlakat rahbarining qizi 5 million dollardan gapirib tursa, tabiiyki ko’p narsa ravshan bo’lib qoladi.

O’zbekiston mustaqilligi uchun kurashganlar 1990-1991 yillarda dallilar asosida bu mamlakat kelgusida jannat kabi diyorga aylanishini isbot etishgandi. Uning qazilma boyliklaridan tortib, paxtasiga qadar hammasi dollarga pullanayotgani uchun xalqining turmush darajasi yuksak bo’lishi kerak edi. Lekin o’tgan 11 yilda anshu daromad oddiy xalqning emas, bir to’da to’ralarning cho’ntagiga kirayotganini yuqoridagi misoldan ham ko’rish mumkin.

Hokim, prokuror bo’lish uhcun Sovet davrida ham o’rtada millionlab dollarlar o’ynagani sir emas. Bugun oddiy bir ish joylari uchun pora shu qadar katta miqdorda bo’lsa, hokim yoki prokurorlik mansablari uchun beriladigan rishvatni tasavvur qilish mushkul emas.Muxtasar qilib aytganda, oddiy xalq tobora qashshoqlashib borgan holda, bir hovuch to’ralarning pora olishi bu qadar yuksalishi jamiyatdagi cho’kishning darajasini oshkor etmoqda. Ha, tog’iga qarab sirtloni, suviga qarab iloni.

(Vashington, 5 Oktyabr)