JAHONGIR MUHAMMAD

 

BOYMIRZA HAYIT HAQIDA SO’Z

 

Boymirza Hayit Turkiston tarixining 20 asrdagi chinorlaridan biridir. Yana ham aniqroq aytsak chinoridir. Chunki Turkistonning 20 asrning birinchi yarmidagi tarixini yoritishda unga teng keladigan bohsqa olim yo’q. O’sha davrda yo’q edi va haliga qadar yo’q. Agar u haqiqatni yozmaganda Sovetlar davrida unga qarshi 2000 dan ziyod buhton maqola bitilarmidi?

Uni "Vatan xoini" dedilar. Bu kalima o’z mazmunini yo’qotdi va vatansevar anglamiga keldi. Chunki Vatanini Boymirza Hayit kabi kuchli sevadigan boshqa odam bo’lmagani va "Vatan xoini" kalimasi doim unga qarata aytib turilgani uchun ham bu ibora o’z mazmumini o’zgartirdi. Boymirza Hayitga qiyosan "Vatan xoini" demak bu vatansevar anglamiga keladi. U anashunday kalimalar mazmunini o’zgartira oladigan hayot yashadi.

Uni tuhmatchi dedilar. Buni oddiy insonlar emas, Sovet davrida eng mashhur olimlar, adiblar, davlat arboblari takrorladilar. Tuhmatchi kalimasi ham unga nisbatan aytilganda o’z ildizidan ayrilib haqiqatgo’y anglamini aks etdi. Chunki u bir umr haqiqatni yozdi. Bugunga qadar hali sovetlar "bosmachilar" deb tamg’a qo’ygan Turkiston milliy ozodlik harakati haqida Boymirza Hayitdan o’tib tushadigan tarix yozgan odam yo’q.

Undan qo’rqdilar. Sovet davrida sho’rolar yashirgan qilmishlari ohskor qilingani uchun undan qo’rqdilar. Mustaqillik yillarida esa sho’rolar boshqa qiyofada turlanganlarini u bilgani uchun yana undan qo’rqdilar. Qolaversa mustaqillik uchun kurahsgan u edi, ammo suv keltirgan xoru ko’za sindirgan aziz bo’ldi.

Boymirza Hayitni muhojirlikda ham sevmaganlar bor edi. Kimdir uni "Yuzaki tarixchi", dedi. Vaholanki, bu gapni aytganlarning o’zlari Turkiston tarixi masalasida ko’zlari ko’r, qalblari so’qir edi. Umrlarini faqat valdirash bilan o’tkazdilar. Kimlardir endi ularning nomlarini ham Boymirza Hayit nomining yoniga qo’yishga intilmoqda. Oltinning yoniga sariq chaqani qo’ygan bilan oltin xazinasi boyimaydi. Oltin oltindir, sariq chaqa esa sariq chaqadir.

Sho’rolar ta’sirida qolgan ba’zi muhojirlar Boymirza Hayitni seva olmadilar, ardoqlay olmadilar, uning hayotidan, asarlaridan nuqs qidirishga urindilar. Lekin pishqirib oqayogan daryoning yo’lini xas bilan to’sihga urinishdek gap edi bu.

Boymirza Hayit quruq valdirash va yoqi maqatnishlar bilan emas, o’zining kamtarona mehnati, o’lmas asarlari bilan o’ziga haykal qo’ydi. O’zbekistondagi to’ralar Boymirza Hayitni Vatanga kiritmasak uning nomini unuttiramiz dedilar. Aksincha uning nomi Vatanda yanada balandror yangramoqda.

U ikkiyuzlamachilk qilib soxta mustaqilchilarni maqtamadi.

U so’zboyamachilk qilib mansabfurushlarga xizmat qilmadi.

U bugun xasta va to’shakka mixlangan. Vatanga qaytaman, dedi, ammo Vatanni onasining mahriga tushgan kabi o’zining shaxsiy tomorqasi qilib olganlar yana unga yo’l bermadilar.Lekin bu bilan Boymirza Hayit nomini ko’ngillardan o’chira olmaydilar. Bizning ko’ngillarimiz uning uchun Vatan bo’lgay!

U umr bo’yi haqiqatani bildi, haqiqatni tanidi va haqiqatga xizmat qildi. Shu bois ham uning nomi haqiqat kalimasi bilan teng mazmun kasb etmoqda bugun. Shuning uhcun u bugun, ertaga ham , undan keyin ham Turkiston tarixining ustuni, chinori o’laroq qolaveradi.

(Vashington, 2002 yil, Avgust).