JAHONGIR MUHAMMAD

 

 

OYNADA OY EMAS, OLAM KO’RINAR

 

Paydo bo’lgan imkoniyatdan hukumat ham muxolifat ham foydalana olmagani haqida

 

 

 

"Moskovskiye Novosti" haftaligi "Islom Karimov Avropani laqillatdi" deb yozdi.

Boshqa bir ro’znoma esa "Anjuman kunlari muxolifatga minbar yaratildi" dedi.

"Financial Times" "Diktaturaning jozibasi Avropani o’ziga mahliyo etdi" degan fikrni ilgari surdi.

Inson haqlari bilan shug’ullanuvchi Human Rights Watch tashkiloti "Bu anjumanning Toshkentda o’tishi dunyoda demokratiyaning ildizlariga bolta urishdir" degan qat’iy xulosa bilan chiqdi.         

"O’zbekiston bu bankdan yarim millirad dollar olishi mumkin, ammo uning yig’ilishiga tayyorlanish uchun 2 milliard dollar sarfladi" deb yozganlar ham bo’ldi.

Xullas, Avropa Tiklanish va Taraqqiyot bankining 3-5 May(2003) kunlari Toshkenta bo’lib o’tgan yillik yig’ilishi anashunday turli qarashlarni, bahs va tortishuvlarni o’rtaga qo’ydi.

Nega?

Birinchidan, bu bank sarmoyalarini siyosiy jarayaonlarga bog’lab beradigan dunyodagi yakkayu yagona ochiq siyosiylashgan bankdir.

Ikkinchidan, xalqaro maydonda sarmoyadorlar bu bank bilan ish qilib, uning izidan borishni kafolatli yo’li, deb bilayotganlari.

Anashu omillarni hisobga olganda "Moskovskiye Novosti’ning Karimov uchun bu anajuman Toshkentda o’tishi muhim edi, degan xulosasiga qo’shilish ham mumkin, qo’shilmaslik ham. Chunki O’zbekiston iqtisodi nurab bitgan binoga o’xshab qolgan bir pytda demokratik jarayonlarni kuzatib, so’ngra pul beradigan bankning yig’ilishi Toshkentda o’tishi qaysi bir ma’noda yutuqdir. Ammo natijalarga qaraydigan bo’lsak, gazetaning "Karimov Avropani laqillatdi" degan gapi unchalik asosli emas. Buning bir qancha sababalari bor.

Masalan, bank yig’ilishi kunlari O’zbekistondagi muxolifat kuchlari o’zlarini sinab ko’rishlari uchun katta maydon paydo bo’ldi. Oz’bekiston Inson huquqlari jamiyati nafaqat Toshkentda, balki barcha viloyatlarda norozilik namoyishlari, piketlar o’tkazdi. Hukumat majlis o’tguncha ko’z yumgan bilan bu hol muxolifat kuchlarida oz’lariga ishonch paydo qildi. O’n yillar davomida quritishga harakat qilingan maysalar birdaniga bosh ko’tardi.Ammo

Shu kunlari "Birlik"ning qurultoyi o’tgani ayniqsa diqqat tortdi. Hukumat deyarli qarshilik qilmagani, katta bir kinoteatrda o’tganiga qaramay qurultoyga 40 kishi ham to’planmagani esa harakatning jamiyatdagi o’rni nuqati nazaridan bahslarga yo’l ochdi. Qolaversa xalqiga qarab podshohi degan almisoqdan qolgan gap yana kun tartibiga keldi. Faqat endi podshohiga qarab muxolifati degan ko’rinishda. Karimov islohotlarni orqaga surayotgan, demokratiyaga yo’l bermayotgan bir paytda unga muxolifman deganlar ham ayni ishni qilmqodalar. Masalan, "Birlik’ uchun islohotchi va demokratchi nomini olishi, qaytadan oyoqqa turib, katta kuchga aylanishi uchun imkon chiqqandi. Ammo bu imkonni qo’llana olmadi. O’n yildan ko’p vaqtdan beri mamlakatdan chetda yashayotgan Abduraim Po’latni yana rais etib saylash bilan buni isbot etdi. Agar "Birlik" imkoniyatdan foydalanib yangi bir lider chiqara olganda edi bu kurashning burilish nuqtasiga aylanardi. Qolaversa "erk"chilarni ham "Birlik" zontigi(shamsiyasi) ostida to’plashga kirishilganligi iddao qilingan bir paytda bu juda zarur edi. Agar "Birlik" yangi lider bilan maydonga chiqsa, Karimov zulmidan ezilgan millionlab insonlar unga qo’shilgan va Sobir Rahimov nomidagi kabi konoteatrlarga sig’may ketgan bo’lardi. Yangi ruh va yangi kuch xalq to’lqiniga aylanib to’g’onlarni buzgan bo’lardi. Muxolifat a’zolaridan biri, "Qurultoy o’tkazish uchun imkon bo’ldi, nega Abdurahim Po’latning o’zi kelishga jur’at etolamdi" degan savoliga achchiq haqiqat bor edi. Darvoqe, Ismoiljon Dadajonov kabi tashkilotchilardan birini nega raislikka saylash mumkin emas edi? Unda "Birlik"ni tetepoya qilgan Abdurahim Po’lat nima bo’lardi? Demokaratiyaning chiqish yo’llari ko’p. U "Birlik"dan ajralishni istamayotgan bo’lsa, uni faxriy raislikda qoldirish mumkin edi. Xuddi Karimov prezidenlikdan keyin abadiy senatorlikni orzu qilayotganidek. Balki o’shanada Yodgor Turlibekov(Qasgadaryolik) kabi "birlik"chilar uning saflarini isyonkorona tark etishmagan va boshqa bir qurultoyga borib qo’shilmagan bo’lardilar?

O’zbekiston dehqonlarining yangi partiyasi ham shu kunlarda o’z ta’sis qurultoyini o’tkazdi.Unda esa qariyb 500 kishi qatnashgani ma’lum bo’ldi. Hatto "Birlik"ni tark etib, bu partiyaga qo’shilganlar ham anchagina edi. Balki bu normal holdir. Lekin gap anashu normal holning ko’rinishiga bois bo’lgan ko’zgu haqida ketmoqda. Qolaversa O’zbekiston Inson huquqlari jamiyati boshlatgan norozilik namoyishlari va piketlariga "Ezguluk", "Mazlum", Mustaqil Inson huquqlari tashkiloti kabi guruhlar rasman qo’shilmaganlari esa umumiy maqsad yo’lida birlasha olmaslik bugun ham muxolifatning umurtqa suyagini tashkil qilayotganini ko’rsatdi.Bu esa imkoniyatalar kelavergani bilan muxolifatga bosh bo’lganlar ojizligicha qolaverishini ko’rsatadi.

Toshkentda o’tgan xalqaro anjumanda bank rahbari O’zbekiston prezidentini ko’ziga qarab siz so’zingizda turmadingiz, deya tanqid qilishi va Toshkentdan qaytar ekan, demokratik islohotlar uchun oxirgi marta bir yillik muddat beramiz va oz’garish bo’lmasa masalani jiddiy ravishda ko’rib chiqamiz, deyishi esa Karimov hukumatining zafari bo’ldi deb aytish mumkin emas.

Xullas, bu anjuman, dunoyda turli qarshlarga yo’l ochgani bir bo’lsa, u ayni paytda ham demokratiya hamda diktatura uchun ko’zgu rolini o’ynadi.Demokratiyaning ko’zgudagi aksini ko’rib qanday xulosa chiqarish sizning hukmingizda bo’ladi. Ammo diktaturaning ko’zgudagi aksini ijobiy xulosa qilish mumkin emasligi ham ayon bir haqiqatdir. Oddiy qilib aytganda, qozonda bori cho’michga chiqadi, yoki oynada oy emas olam ko’rinar...

(Vashington, 10 May, 2003 yil).