Jahongir.Org                                                            

 

 

 

 

 

 

 

ZEHNIYAT

JUMBOG’I

                                                                          JAHONGIR MUHAMMAD

 

 

 

VASHINGTON: 2004-2005

 

 

 

 

O'NG SO'Z ORNIDA

 

Kim kimdir?

Nima? Qachon?...

Islom Karimovdan Shukrullo Mirsaidovga qadar...

Erkin Vohidovdan Yusuf Jumaga qadar...

Amerikadan O'zbekistonga qadar...

Xullas, bugun siyosat maydonida bo'lganlar va bo'lmaganlar, tanishlar va bilishlar, ya'ni kim kimga yoki nimaga qiziqsa o'sha haqda yo'llagan ochiq savollariga ochiq javoblar. Jumladan, siz ham bu yerda o'z nomingizni uchratishingiz mumkin.

Ushbu to'plamga Internetdagi web sahifamning o'quvchilari 2004 yilning May-Sentyabr oylarida yuborgan savollariga mening baholu qudrat bergan javoblarim  kiritildi. Oldin ham juda ko'p savollar olgan va ularga deyarli elektron maktublar orqali javob qilar edim. O'quvchilardan birining taklifi bilan bu "Savol...Javob" sahifasi ochildi va qiziqishlarga bois bo'ldiki, murojaat qiluvchilar ko'payib ketdi. Bilmadim, davomi yana nechta kitob bo'ladi? Zotan bir necha oydagisi manashu kitobni to'ldirdi.

Savol bergan o'quvchilarning faqat ismlari e'lon qilingani ularning tahlika chiqib qolmasligi nuqtai nazaridan bergan takliflari bilan boshlandi va an'ana o'laroq saqlab qolindi.

Mazkur kitob va “Oqsaroy sirlari” kitobiga kirgan mavzular yuzasidan ham sizda fikr tug'ilishi tabiiy va bahsga kirsangiz, murojaat qilsangiz, javob berishga harakat qilaman.

Matnni komputerga o'tkazishda ko'zdan qochgan harfiy xatolar  bo'lsa, ma'zur tutasiz.

Oldindan tashakkurlarimni qabul etgaysiz.

 

Muallif.

-1-

 

SAVOL: Kuzatishimcha sizning dushmanlaringiz juda ko'p ekan. Hatto muxolifat orasida ham. Garchi sizning jasoratli ekanligingizga tan berishsa ham baribir siz haqingizda yaxshi fikr bildirmaydiganlari ham anchagina ekanligini ko'rdim. Buni nimadan deb o'ylaysiz? O'z kamchiliklaringizni ham ko'rasizmi yoki faqat boshqalarning kamchiligini qidirasizmi? (Aslambek, 17 May).

 

JAVOB: "Do'st achitib aytadi" degan ham biz, "Tandiq otangga ham yoqmaydi" degan ham biz...

Men  birovning kamchiligini ko'rib, aytmay ketmaslikni o'sha odamga nisbatan dushmanlik qilish deb bilaman. Bu hisni ko'tarib yurolmayman. Aytaman va yengil tortib yo'limda davom etaveraman.  Bu mening xarakterim va buni o'zgartira olmasligimni ham bilaman. Mening kamchiligimni aytganlardan birortasidan xafa bo'lgan emasman, aksincha hurmat qilaman. Lekin menga to'hmat qilsa, nohaqlik qilsa bunga ham ko'z yumib ketmayman. Ko'z yumish qo'rqoqlik.

Ammo bugunga qadar kim menga to'hmat qilgan bo'lsa,  jazosini Allohdan oldi va olmoqda. Bu menga kuch beradi. Demak, buyuk ADOLAT mavjud. Shunday bo'lsada menga to'hmat qilganlarning basharasini ko'rgim kelmaydi. Shundaylardan biri "Siz siyosatchi emas, kulib, quchoqlashib, yaqin bo'lib yuravermaysizmi, vaqti kelganda oyog'ining ostidan norvonni olib qo'yasiz" degandi. Agar shu siyosat bo'lsa, demak rostdan ham men siyosatchi emasman!

Men orqadan fitna qilishni emas, ochiq kurashni tanlaganman. Sirtdan gapirganlarning gapiga emas, yuzimga, ochiq gapirganlarning gapiga e'tibor qilaman.

Inson o'z kamchiliklarini o'zi ko'ra olganda u mukammal zot bo'lur edi. Afsuski, shunday emas. Shu bois har kimning ham  boshqalarning ko'rganlariga ehtiyoji bor.

 

-2-

 

SAVOL: Siz bugun muxolifat yo'q debsiz. Lekin ba'zilar “Bugun butun xalq muxolifatdir” deb yozishmoqda. Bunga nima deysiz? (Baxtiyor, 21 May).

 

JAVOB: Albatta bunday gap o'zlari muxoliflikni uddalay olmagan kishilardan chiqadi. Keyingi 15 yilda bu gapni men ham ko'p eshittim. Lekin hech qachon  rejimlarni  butun xalq o'zgartirmagan, uning bir qismi o'zgartirgan. Hatto keyingi paytda eng ko'p misol qilinadigan Serbiya va Gurjistonda ham inqiloblarda xalqning faqat bir qismi, juda oz qismi ishtirok etdi. Shuning uchun butun xalq muxolifat va rejimni uning o'zi o'zgartiradi deyish bu manga nima, degandek gap.

Bugun erkin saylov bo'lganda ham xalqning anchagina qismi Karimovga ovoz berishi turgan gap, chunki xalq juda ishonuvchan va Karimovchilar esa yolg'onni rostdek qilib gapirishga juda usta.

Bir esingizga keltiring, bolalar ota-onasiga ishonmasligi mumkin, lekin o'qituvchisiga ishonadi. "Bu gap yolg'on" desangiz ham, "Yo'q. o'qituvchim aytdi, bu rost" deb turaveradi. Xuddi shunday gazetalarga, radio va televideniyelarga ham ishonuvchan odamlar talaygina. Stalin o'lganda endi nima qilamiz deb ho'ngir-ho'ngir yig'laganlar bo'lgani kabi Karimov o'lganda ham aza tutadiganlar topiladi. Bugun Karimov anashundaylarga "stavka" qilmoqda.

Shu muxoliflik haqida gap ketganda xalq deb emas,  baz'ilar yoki xalqning bir qismi, yo bo'lmasa xalqning aksar qismi degan iborani ishlatishlari kerak deb o'ylayman. Karimovning  "Butun xalqning nomidan gapirayapman" deganidek ko'zbo'yamachi vaziyatga tushib qolmaslik zarur.

Muxolifat xalqning siyosiy jihatdan yetishgan bir bo'lagidir. Muxolifat harakati esa xalqning siyosiy jihatdan yetishgan qismini birlashtirish uchun urinishdir.

Birlashtirgan gavhardir, parchalagan gav-xardir!

 

-3-

 

SAVOL:O’zbekistonda “Birdamlik xalq harakati” tuzilganiga qanday qaraysiz?(Alisher, 13 Iyun).

 

JAVOB:Dunyoning turli qonunlari bor. Shulardan biri bo’shliqning to’ldirishi haqidagi qonundir. O’zbekistonda muxolifat qatag’on qilinishi bilan uning o’rnida bo’shliqlar vujudga kela boshladi va turli tuman kuchlar buni to’ldirishga urinmoqdalar. Bu masalaning birinchi tomoni.

 

Ikkinchi jihati esa shuki, tarsaki tarsakini, musht mushtni olib boshlab keladi, degan gap bor. Zulm keyingi vaqtda o’ziga qarshi zulmni yaratamoqda. Bu esa unga qo’l keladi. Ana shuni tushunganlar o’z noroziliklarini tinch yo’l bilan ifodalashga urinmoqdalar.

Uchinchi jihati esa mavjud muxolif kuchlarning faoliyatidan qoniqmaslik ham boshqa bir harakatning paydo bo’lishiga yo’l ochadi.

Xullas, qanday jihatlarga bog’liq bo’lmasin yangi bir demokratik, ta’kidlayman demokratik harakat paydo bo’lsa, uni qo’llash va dastaklash kerak.

 

-4-

 

SAVOL:Bugun hech qayerga qo’shilmay turgan yoshlar juda ko’p. Shularni birlashtirib, bir partiya tuzib Karimov rejimiga qarshi yurish boshlatmaysizmi? (Ubaydulla, 30 Iyun).

 

JAVOB:Mening o’zimni rais deb e’lon qilib bundan rohatlanish yoki gadoy kabi eshikma-eshik yurib grant izlash ishtiyoqim yo’q. Bu gapning po’st kallasi. Qolaversa men 1994 yilda siyosiy faoliyatimni to’xtatganman.Shundan beri biror partiya yoki harakatga qo’shilganim yo’q.

Aslida yangi bir partiya tuzish takliflarini ko’p olaman va sizning ham bildirgan ishonchingiz uchun katta rahmat. Oldingi takliflarga yozgan javob xatlarimdagi gaplarimni qisqartirib yana bir bor aytmoqchiman. Kechagi va bugungi sharoitda bir partiya tuzib, a’zolarining ro’yxatini hukumatga topshirish bu o’z farzandlarining boshini jallodning kundasiga qo’yish bilan barobardir. Ayniqsa o’zim chetda bo’lgan holda mamalkatdagi navqironlarning hayotini tahlikag solish mening vijodinimga mos emas. Afsuski shunday hollar boshqlar tomonidan bo’ldi va bo’lmoqda.

Bugun Karimov rejimi bilan partiya tuzib, demokratik yo’lda kurashning hech qanday imkoni yo’q. Imkoni bor deb safsata sotib yurganlar ham buni biladilar va tirikchilik uchun bu gapni aytib turishga majburlar. Demokartik yo’l bilan kurashning imkoni yo’q ekan, nodemokratik, qurolli yo’l qoladi, men bunga qarshi bo’lganman va bundan keyin ham bu yo’lni tanlamayman. Chunki qurol gunohkor va gunohsizni ajrata olmaydi.

Shu sabab menga murojaat qilgan yoshlarga hozir butun diqqatni o’qishga, bilim olishga, oq va qorani tansihga sarflang, deb maslahat berishdan boshqa ilojim yo’q. Chunki jamiyatning kelajagi sizlarning qo’lingizda.

Xo’sh, kecha imkon yo’q edi, bugun ham yo’q, ammo bu  ertaga ham bo’lmaydi degani emas. Shu bois o’zingizni ertangi imkoniyat kuni uchun hozirlang. Jallodlik abadiy emas, ezgulik abadiydir va sizning imkoniyatingiz ham ertaga oldingizga chiqadi. Ana o’shanda biz 1990 yillarning boshida boy berganimiz kabi siz ham dovdirab qolmasdan, bir-biringizni yoqavayron qilmasdan, jallodning oyog’i ostiga itqitmasdan ish ko’rsangiz bayroqni olib ketasiz.

Tayyorgarliksiz hech narsa bo’lmaydi. Shart emas nomi partiya bo’lishi. “Do’stlik klubi” deb atashingiz mumkin, “Gurung” deyishingiz mumkin, xullas, sizni birlashtiradigan bir guruh tuzing va ishni demokratiyani, dunyoni, asl tarixni o’rganishdan boshlang va bir kun kelib siz demokratiya o’rnatuvchisi bo’lasiz. Bugungi avlod kabi alamzada bo’lib, bir-birining go’shtini yeguvchi to’daga aylanib qolmaysiz.

Nasib etib, Vatanga qaytish imkoniyati mening ham oldimda paydo bo’lsa, o’shanda balki taklifingizni o’ylab ko’rishim mumkin. Chunki lider tashqarida emas, ichkarida bo’lishi kerak.

 

-5-

 

SAVOL: Siyosatga aloqasi bo’lmagan bir narsa so’ramoqchiman, Amerika filmlarini yoqtirasizmi yoki hind filmlarinimi?(Kamola, 5 Iyul).

 

JAVOB:Bolalikdan hind filmlarini tomosha qilib ulg’ayganmiz. Amerikaga kelib ham Bollivudda chiqqan har bir filmni ko’rishga harakat qilaman. Bugun chiqayotgan filmlar oldingilaridan mutloq farq qiladi. Hozir hindlar filmlarga katta ijtimoiy, siyosiy va madaniy muammolarni yuklashga intilmoqdalar va bu ularni dunyoda birinchi o’ringa olib chiqmoqda. Masalan, "Bog’bon", "Ashok", "Qafas", "Dev" filmlari kabi klassik bo’lib qoladigan asarlar yaratishmoqda. Hind filmlari hali Hindistonda namoyish etilmasdan Amerikaga yetib keladi va ularni olib uyda tomosha qilsih imkoniyati juda ham qulay.

Bu degani Hollywood filmlarini ko’rmayman yoki yoqtirmayman degani emas. Aksincha deyarli barcha yangi filmlarni ko’rib boraman. Hind filmlarida maqsad asosan sizni dam oldirishga, hordiq chiqarishga qaratilgan bo’ladi. Shu bois ham ularni tez unutasiz. Amerika filmlari esa sizni o’ylashga, tarix, bugun va kelajak haqida bosh qotirishga undaydi. Keyingi paytda tarixiy, falsafiy filmlar juda ko’p chiqmoqda va ularni tomosha qilish yaxshi bir kitob o’qigan kabi huzur beradi.

Masalan, “Troya”, “Uzuklar ilohiysi” “Iso payg’ambarning hassosiyati”, “Qirol artur” kabi epik filmlar qatorida “Ertadan keyingi kun”, “Faranget-911” kabi dunyoviy dolzarb muammolar haqidagi filmlar qatorida ko’ngilochar asarlar ham borki, hind filmlaridan qolishadigan joyi yo’q. Shu o’rinda bir narsani eslatmqochi edim. Internet va Televideniye rivojlanishi kino san’atini o’ldiradi, degan taxminlar bor edi. Ammo bunday bo’lmadi. Raqobat yaxshi asarlar paydo bo’lishiga olib keldi. Televideniyelar ham bugun kinofilmlardan qolishmaydigan asarlar tayyorlamoqdalar. Shunga qaramay, Amerikada ming-minglab kinoteatrlar bor va ular doim liq to’la. Chunki film industriyasi mutloq erkin bo’lgani uchun xalqning dardi va tashvishlari bilan hamohang yashaydi. Hatto biroz oldinlab, ertangi kunni bashorat ham etadi.

Bir kun o’zbek filmlari haqida ham anashunday gapirishni juda va juda orzu qilaman. Lekin Sovet davrida o’zbek filmlari kommunistik g’oyaga xizmat qildirilgan bo’lsa, bugun esa bachkanalashib ketgan. Balki dunyoning eng buyuk kino asarlarini ko’rib borganim uchunmi Toshkentdan kimlar orqalidir keltirilgan filmlarni ko’rib, xuddi yuz yil oldin olingan filmlarni tomosha qilayotgandek bo’laman, yirik madaniy tarixga ega bo’lgan bir millatning san’ati hamon xor bo’layotganiga achinib ketaman.

 

-6-

 

SAVOL:O’zbek san’atkor, shoir, yozuvchi va  jurnalistlaridan sizga ma’qul bo’lganlari ham bormi?(Otamirza, 9 Iyul).

 

JAVOB: Bor va oz emas.  Har kimning o’z tanlovi bo’ladi. Masalan, bir taom kimgadir yoqadi va kimgadir yoqmaydi. Bu masala ham shunday, shaxsiydir. Men boshqalarning ham tanlovlarini hurmat qilaman.

Mening tanlovim: Masalan, san’atkorlardan Komiljon Otaniyozov(rahmatli), Faxriddin Umarov, Bobomurod Hamdamov, Dadaxon Hasan, Nasiba Abdullayeva, Ozoda va hokazo.

Yozuvchilardan, Mamadali Mahmudov(Evril Turon), Zohir A’lam, Hamid Ismoil, Sobit Madaliyev va boshqalar.

Shoirlardan, Yodgor Obid, Yusuf Juma,  Jamol Sirojiddin, Abduvali Qutbiddin va hokazo.

Jurnalistlardan,  Ahmadjon Muxtorov(rahmatli), Ahmad Ismoilov(rahmatli), Gulchehra Nurullayeva,(shoira sifatida ham ulug’dirlar-JM), Nosir Zokir, Karim Bahriyev va boshqalar.

Ismlarini sanashning o’zigina ko’p joy oladi. Ammo kelgusida ular haqida ham imkon qadar yozish niyatim bor.

 

-7-

 

SAVOL:Kitoblaringiz qaysi mamlakatlarda chiqqan?(Oysara, 14 Iyul). 

 

JAVOB:Kitoblarim AQSH, Turkiya, Ozarbayjon va mustaqillikdan oldingi O’zbekistonda chiqqan. Bugun mana endi kitoblarimning ba’zilarini Internetda dunyoning istagan nuqtasidan turib o’qishingiz mumkin.

 

-8-

 

SAVOL:Internetdan qanday foydalanasiz va Internetni suiiste’mol qilayotganlar haqida nima deya olasiz?(Otabek, 2004 yil, 17 Iyul).

 

JAVOB:Internet… juda katta erkinlik maydoni.

Hayotda hamma narsaning meyyorini bilgan odam o’z maqsadlariga erisha oladi. Interenetni ham suiiste’mol qilmaslik kerak.  Men Interenetga mukkasidan ketgan odam emasman. Ish yuzasidan va qiziqish yuzasidan kirib turaman va bu ko’p vaqt olmaydi. Men prinsip sifatida chatlar va mehmonlar kitoblarida qatnashmayman. Chunki u yerdagi mehnat suvga oqadi, yo’q bo’lib ketadi. Sarflagan vaqtingiz, chatnagan asabingiz qoladi. Oltin berib, axlat olgan bo’lasiz.

Internetdan foydalanish umumiy vaqtim bilan ham bog’liq. Ikki joyda ishlayman. Haftada kamida 60 soatlik rasmiy ishim bor va vazifamni birovlarga yuklamasdan bajaradigan odatim bo’lgani uchun deyarli bo’sh vaqtim yo’q.  Uyda esa ijodiy ishlarimga ko’proq vaqt ajrataman.  Filmlar ko’rish, yangi chiqqan kitoblarni o’qish va oila yumushlari deganday vaqt yetmay qoladi. Shu bois juda ko’p xabar og’irlikli web sahifalarga obuna bo’lganman va ular har kungi yangilik, tahlillarni elektron pochtamga yuboradilar. Bu mening web sahifalararo “yugurib” yurmasligim uchun katta imkoniyat.

Internetdan bugun odamlarning shaxsiyatiga hujum, nafsoniyatga tegish, haqorat, g’araz maqsadlarda qo’llanish, do’stlarning orasini buzish, nifoq sochish, nafrat uyg’otish, fitna  uchun foydalanadiganlar ham  bor.  Jamiyat borki, uning sariq pechaklari ham bor. Jamiyat borki, uning andilari ham bor. Undaylar  hatto o’zlarining kim ekanliklarini unutib, o’zlarini ham suiiste’mol qiladilar. O’zini suiiste’mol qilgan odamdan qanday qilib Internetni suiiste’mol qilmaslikni kutasiz?

Internet ham madaniyat ko’zgusi. Men Sovet davrida odamlarni so’kish bilan kun o’tkazadigan kazo-kazo joylarda ishlagan va o’ta madaniyatsiz bo’lgan bir kishini bilaman. U  web sahifalarning mehmonlar kitoblariga kirib kurakda turmaydigan so’kinishlarni yozadi. Eski kasbidan kelib chiqib, birovlarning nomi, uslubini ishlatib yozadi. Ammo  uni allaqachon ko’pchilik tanib oldi. Avvaliga uning qopqoniga tushganlar ham bugun uni bildilar. Undan hazar qiladigan bo’lishdi. Lekin u “kasbini” tashlamadi. Eshitishimcha, bugun ham “vazifasini” bajarib yurgan ekan. Bu kasallikka aylandi.(bu haqda o’qing-jm). Qush uyasida ko’rganini qiladi. Odamlarning iltimoslari, pandu nasihatlari va gaplarini olmadi. Navoiy hazrat iboralari bilan aytganda, “It birlan xo’tukka qancha qilma tarbiyat, it bo’lur eshshak bo’lur, bo’lmaslar aslo odamiy!”  yoki. Zahar solmoq erur kasbi ilonning” degan gaplar unga aytilgandek edi. Lekin so’z erkinligi, demokratiyani bahona qilib minbarni anashundaylarga berib qo’yganlarning ham “narxi” ular bilan tenglashib qoladi.

Bugun o’zbek tilidagi yaxshi web sahifalar deyarli yo’q hisobi. Bu jabhada yoshlarga o’zlarini ko’rsatishlari uchun juda katta maydon bor. Internetga kirish imkoniyati bo’lganlarda mamlakatga, Vatanga, millatga, internetga kiraolmayotgan ming-minglab, millionlab  odamlarga xizmat qilishni istaganlarga Internet cheksiz hududdir.

 

-9-

 

SAVOL:Amerikadagi o’zbeklar o’zaro uchrashib turasizlarmi?  (Ma’rufjon, 19 Iyul).

 

JAVOB:Men ilgari Internet haqida yozganimda biroz bo’lsada vaqt masalasiga ham to’xtalgan edim. Amerikada odamligimni yo’qotmasdan yashayman deganlarda bekorchi vaqt, bo’sh vaqt bo’lmaydi. Bu yerda yashash darajasini o’zingiz tanlaysiz. Istasangiz hech qayerda ishlamasdan gadoylik bilan ham kun ko’rish mumkin. It yotish, mirza turish bilan ham bu dunyodan o’tib ketish mumkin. Ammo o’z uy-joyingiz, qulay transport vositangiz, texnik imkoniyatlardan foydalanish orzuingiz, har yili dam olishga borib kelish sharoitingiz, Amerikani tomosha qilish,  bolalarni yaxhi oliygohlarda o’qitish niyatingiz  bo’lsa,  tinmay ishlash kerak. Chunki bularning hammasi pul va juda katta pul! Shuning uchun ham bu yerda “vaqt–pul” degan iborani tez-tez ishlatadilar. Bu masalaning bir tomoni.

Ikkinchi tomoni esa, xo’sh uchrashuvlar nima beradi?  Quruq oldi qochdi gaplar, keyin orqavarotdan ig’volar, bir-birining ustidan bo’htonlar uyushtirishmi? Bir-biri bilan quchoqlashib, bir-biriga qarab jilmayib, birga ovqatlanib keyin bir-biriga dushmanlik qilsihmi? Tabiiyki buni siyosat deb bilguvchilarga masalaning ahamiyati yo’q. Ammo nafsoniyatingiz va g’ururingiz, o’z qarashingiz va o’z yo’lingiz bo’lsa bunday uchrashuvlarga qo’l siltaysiz.

Men ilk bor Amerikaning Oregon shtatiga kelganman. Keyin Virginia shtatiga ko’chdim. Bu yerda o’zbeklar, ayniqsa Afg’oniston va Turkiya orqali kelgan o’zbeklar ko’p edi. Dastlab bir hamkasbim bilan Turkistonliklar jamiyatini qurish uchun ko’p yugurdik. Jamiyatning asosini qurib bo’lganimizda har tomondan ta’na dashnomlar kela boshladi. Kimlardir bu jamiyatni Karimov rejimiga xizmat qildirishga kirishdi. Kimlardir jamiyatning qiroli bo’lishni istadi. Kimlardir bizni o’z manfaatini o’ylab ish qilmoqda deb aybladi. Yana kimlardir jamiyatni o’zlarining diniy maqsadlari yo’liga burmoqchi bo’lishdi. Qarasam bu jamiyatning istiqboli yo’q. O’zimni chetga oldim.  Oradan to’rt yil o’tdi, ammo jamiyatning asosi o’sha holicha qoldi.  Uzoqroqqa ko’chib ketdim.

Shundan beri bu yerdagi o’zbeklar bilan to’y va yoki ma’rakalarda ko’rishmasak, aloqamiz yoq.  Bevosita O’zbekistondan kelgan o’zbeklar bilan ham shunday. Masalan, men taniganlardan, Abdurahim Po’latovni keyingi uch yilda deyarli ko’rganim yo’q.  Uning ukasi Abdumannop Po’latovni esa shu davr ichida yaqinda bir kishining dafn marosimida ko’rib qoldim. U shu yilning boshida to’y qilgandi. O’sha kun uch joyda to’y bo’lgani va bir-birining orasida 50-100 kilometr masofa borligi bois uning to’yiga ham borolmagan edim. Bobur Malikovni esa to’rt yil avval bir ma’rakada ko’rgan edim, o’shanda bu yerda o’zbeklar to’planib turaylik, deb kelishdik, ammo bora olmadim. Sharoit istakdan ustun keldi va endi o’ylasam sharoit mendan yona bo’lgan ekan.

Boshqalar bilan bilan esa yaqin 3-4 yilda hatto to’y ma’rakalarda ham ko’rishganimiz yo’q va bu Amerika turmush tarzi nuqtai nazaridan juda normal hol. Bu haqda mening “O’zbeklar va o’zbeklar” deb nomlangan kitobimni o’qib chiqsangiz ko’p narsani tasavvur qilishingiz mumkin.

Ammo O’zbekistondan kelayotgan odamlar juda ko’p va ularning aksariyati bilan uchrashib turaman. Gohida uyda, gohida tashqarida bir piyola choy ustidagi suhbatlar soatlardan kunlarga ulanadi. Tejagan bo’sh vaqtlarimni anashunday uchrashuvlarga sarflayman. Men kelgan mehmonlarni eshitishga harakat qilaman, ular esa meni. Haftada bir shunday uchrashuv bor va bu menga juda ko’p narsa beradi, ayniqsa Vatan ruhi, Vatan nafasi bilan bog’lab turadi.

 

-10-

 

SAVOL:Siz O’zbekistonda yashayotgan eroniylar haqida ma’lumot berishingiz mumkinmi?(Mehribon, 20 Iyul).

 

JAVOB: Ma’lumki, dunyoda barcha xalqlar  ko’chmanlikni boshdan kechirganlar. Bugun “Markaziy Osiyo” deb atalayotgan va qadimda yanada kengroq joyni o’z ichiga olgan Turonzaminda ayniqsa, ko’chmanchilik odat bo’lgan.  Masalan, Turkning O’zbek qabilasi 15-16 asrlarga qadar ko’chmanchi bo’lgan va hokazo.

Bugun muqumiyat davrida Samarqand va uning yaqinlarida, (Jizzax, Buxoroda) “Eroniylar” deb bilingan  turklar yashaydilar, ular azaldan va hozir ham turkiyzabondirlar.  Uylaridagi so’zlashuvlarda Turkiya turkchasi kabi o’ziga xos lahchani saqlab qolganlar.

Erondan Turonga kelib joylashganlarning yana biri guruhiga “pirsionlar” deyishadi va ular bugunga qadar ham fors-tojik tilida gaplashadilar. O’zbekistonda bu masala yaxshi o’rganilmagani, tarix mukammal emasligi natijasida  ba’zilar anashu nuqtada  chalkashib qoladilar va tojik tili yoki fors madaniyati haqida gap ketayotganda  “Eroniy”larni qo’shib yuboradilar.

Nafaqat  Samarqandda, balki O’zbekistonning aksar qismida ham  tarixning zayli bilan  “Eroniylar” kelib joylashganlar. Xuddi  “Qrim turklari” iborasi kabi “Eroniy” kalimasi ham bu xalqning o’ziga xos bir nomiga aylangan va ular buni yashirmaydilar, bundan uyalmaydilar, balki iftixor qiladilar. Chunki bu nom ularning bu zaminda tub aholi ekanliklarini ko’rsatib turadi.

Ularning bu zaminda muqim joylashganlarini to’rt davrga bo’lish mumkin.

BIRINCHI DAVR: Eron-Turon to’qnashuvlari davri. Hali Samarqand Sug’diyona, Maroqand kabi nomlar bilan atalgan kezlarda  bu zaminga Erondan turklar ko’chib kelgandilar. Qadim Afrosiyob tarixi buning bir misolidir.

IKKINCHI DAVR: Bu   Amir Temurning Eron, Iroq orqali Turkiyaga yurish davri. Bu davrda mazkur mintaqalarda yashagan turkiyzabonlar uning armiyasiga qo’shilganlar va shu mintaqadagi juda ko’p olimlar, ziyoli turklarni Amir Temur Samarqandga ko’chirgan. “Zafarnoma”, “Zafar yo’li”, “Temur Tuzuklari”da bu haqda juda ko’p ma’lumotlar bor.

UCHINCHI DAVR: Shayboniyxon Samarqandni bosib olishi va  Mirzo Boburning Eron turklaridan, xususan Shoh Ismoildan yordam so’ragan  payti. Bobir Mirzo Shoh Ismoilga maktub yo’llab, yordam so’rashlari natijasida qarib sakson ming Eron turki Samarqandga kelib, Boburiylar saltanatini, madaniyatini himoya etganlar. Bu haqda O’zbek Ensiklopediyasining yangi nashrida ham batafsil ma’lumot berilgan.

TO’RTINCHI DAVR: Bu Nodirshohning Samarqandni ishg’ol qilgan yillari. Nodir shoh chiqib ketarkan, bir qancha  Eron Turklari va bir qism forsiyzabonlar ham bu yerda qolganlar. “Samarqand tarixi” kitobida yozilishicha ularning bir qismi Xorazm tomonlarga ko’chib ketishgan. Lekin ularning aksariyati bugunga qadar o’zlari dastlab joylashgan mintaqalarda yashayotganlarini kuzatish mumkin.

Abu Tohirxo’janing “Samariya” (Samarqandnoma) kitobida yana ham ilgarilab ketiladi va Samarqand shahrining paydo bo’lishi Eron shohi Kaykovus hukmronligi davriga bog’lanib, ilk ko’chishlar o’sha paytda bo’lgani aytiladi. Nima bo’lganda ham Eron Turklarining Samarqandga  yirik-yirik ko’chishlari tarixda o’z izini qoldirgan.

Turon zamin aholisi tarixan ko’chmanchi bo’lganini hisobga olsak, bugunga kelib O’zbekistonda “Eroniylar’ deyilgan turklar tub xalqlardan biri ekanligini inkor qilish mumkin emas. Zotan Samarqandning O’zbekiston tarkibida qolishi ham ular bilan bog’liq. O’zbekiston tarkibida bo’lgan Tojikiston Avtonom respublikasi ajralib chiqishi jarayonida Samarqandni poytaxt qilib olishni so’rashadi va  Eron Turklari bunga qarshi bosh ko’taradilar. Shundan keyin Stalin bu shaharda aholi ro’yxatini (1929 yilda) o’tkazadi va  Eron Turklarining ziyolilari katta kampaniya yuritadilar va ular o’zlarini O’zbeklar deb yozdirishadi. Bu Samarqandning O’zbekiston tarkibida qolishida muhim rol o’ynaydi. Bu yerda yashagan tojiklar va eroniylar o'rtasida davom etib kelgan kuchli ziddiyat anashunga borib taqaladi.

Eron Turklari O’zbekistonning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida juda katta rol o’ynab kelishgan. Birinchi O’zbek “Alifbo”sini yaratishdan tortib, turklik tuyg’usi va madaniyatini saqlab qolishga qadar ularning hissalari beqiyos. Shu boisdan ham mustaqil O’zbekistonning yangi  tarixchilari uchun bu soha izlanishlar hududidir.

 

-11-

 

SAVOL:Boymirza otaning ahvollari qanday, bilasizmi?(Munira, 24 Iyul)

 

JAVOB:Turkiston milliy ozodlik kurashchisi Boymirza Hayit 86 yoshdalar va salomatliklari yaxshi emas. Telefonda gaplashib turamiz, gohida gaplari aniq va ravon, gohida anglash mushkul. O’zlarining aytishlariga ko’ra, bir qo’l va oyoqlari ishlamay qolgan. Insult bo’ldilar. Umr yo’ldoshlari ham og’ir kasal. Ikkalalari ham bir necha martadan jarrohlik amaliyoti kechirdilar. Olmoniya hukumati ularni xizmatchilar va doktorlar bilan ta’minlagan. Orada bir kasalxonada ham yotib chiqadilar. Men telefon qilishim bilan O’zbekistonda qanday yangiliklar bo’lganini so’raydilar va yozolmay qolganlaridan tashvishda ekanliklarini aytadilar.

Og’ir xasta ekanliklariga qaramasdan May oyi oxiri Iyun oyi boshida (2004) Turkiyaga borib keldilar. U yerdagi muhandislik Universitetining taklifini rad etolmasdan, nogironlar aravachasidan tusha olmasalar ham borib keldilar. U kishiga professor, doktorlik unvonini berishibdi. Shuni qabul qilib, qaytdilar.

Men kundalik ishlar bilan mashg’ul bo’lib qolsam, o’zlari telefon qiladilar va “Xavotir oldim, telefon qilishingizga o’rganib qolibman” deydilar. Boshqalar telefon qilayaptimi, desam, “Ba’zan New Yorkdan Anvarbek Turkistoniy telefon qiladi, boshqalarga esa keraksiz bo’lib qoldik” deb o’kinadilar.

Inson keksayganda yosh boladek bo’ladi va mehrga zorlanadi. Shu bois ularga e’tibor berish, bir og’iz iliq so’zimizni aytib turishimiz kerak. Agar imkoningiz bo’lsa u kishiga bir telefon qiling, telefon raqami Olmoniya kodi bilan boshlanadi:49-221-89-5378

Men bugun telefon qilsam, negadir hech kim olmadi va telesekretardagi magnit lentasiga yozilgan ovozda u kishining umr yo’ldoshi “Biz uyda emas” degan “gap” qoldiribdi. Ko’nglim g’ash bo’ldi. Ilohim, omon bo'lsinlar!

 

-12-

 

SAVOL:Men Amerikaga bormoqchiman, u yerda birorta odam menga yordam berishi mumkin-mi?(Qobiljon, 25 Iyul).

 

JAVOB: Bu “yordam” kalimasining Amerikada va O'zbekistonda ikki xil ma'ni tashiganini hisobga olib, sizning qanday yordan so'rashingizga bog'liq.

O'zbekistonda bir telefon qilib, o'qishga kiritib qo'yish, yotoq bilan ta'minlash, imtihonlardan o'tmaganda domlasiga ta'sir qildirish kabi tushunchalar ham "yordam"ga kiradi.

Amerikada esa bu "yordam" deganda birov non-suvsiz, och qolsa uni bir muddat oziq-ovqat bilan ta'minlash, yangi ko'chib kelgan odamga qo'llanilgan kiyim-kechak, mebel, tovoq-qoshiq to'plab berish, mashinasi bo'lmasa manziliga olib borib qo'yish tushunchalarini o’z ichiga oladi.

Bu narsa bu yerdagilarning madaniyatidan emas, balki turmush talabidan kelib chiqadi.  Chunki bu yerda odamlar yakka, mustaqil saxs sifatida yetishgan va o'zining aksar muammolarini o'zi hal etadi.

Ammo Afg'oniston, Turkiya va O'zbekistondan kelib bu yerda yashayotganlar sizga yordam berishni istaydilar, lekin turmush talablari  va bugunga qadar "yordam" berganlaridan eshitgan dashnomlari ularning qo'llarini "bog'lab" qo'ygan. Shu bois ularning yordamlari ham men sanagan darajada bo'ladi. Agar turmush talablaridan besh-to'rt dollar orttirsalar turli mamlakatlarda  qiyin vaziyatlarda qolib ketgan qarindoshlari, tanishlariga ko'maklashishga intiladilar.

Yaqinda bir yigit keldi. Internetdan institut adresini topib, o'qishga kiribdi. Kelsa unga yotoqxona berishmabdi. Buning ustiga "O'qish uchun yiliga falon dollar berasan", deyishibdi. U hatto bu yerda ovqatlanish uchun qancha pul ketishini yoki transport xarajatini ham nazarga olmagan. Vizasi bo'yicha ishlashi mumkin ekan. Ammo turar joy olishi uchun ijtimoiy sug'urta hujjati talab qilishadi. Bu hujjatni olishga kamida 15 kun kutishi kerak. Muammolar  ichida qoldi. Ham uning jasurligiga havasing keladi ham uning mummolar bilan yuzma-yzu qolganiga rahming keladi. Bir muddatdan keyin oyoqqa turib oldi, lekin u omadli ekan, uni tasodiflar qutqazdi.

Ammo boshqa odam hech kimni tanimasligi yoki  hech kimni topa olmasligi  va ko'chada qolishi, yomon yo'llarga kirib ketishi hech gap emas. Shu bois kelar ekan, bu masalalarni hal etib, keyin yo'lga chiqish kerak.

Bu birinchidan, ikkinchidan esa ko'chadan kelgan tasodifiy bir odamga  hamma ham eshik ochavermaydi. Kimdir uni josus deb o'ylashi, yana kimdir biror radikal diniy guruhga a'zo deb  xayol qilishi mumkin va hokazo. Ayniqsa, bugun Amerikada bu masalaga jiddiy e'tibor beriladi.

Qisqa muddatli viza bilan kelib bu yerda qolib ketadiganlarga esa hozir hech kim yordam bermaydi. Ular o'z kelajaklarini xarob qiladilar. Chunki ularning ishi qonunlarga xilof harakat va  bu yerda qonunni buzish og'ir oqibatlarga olib keladi. Qonunni buzib qo'ygan  bo'lsangiz tanishingiz, hatto prezident bo'lsa ham oraga kira olmaydi. Anashunaqa gaplar!

Yana ham ko'proq narsa bilishni istasangiz mening "O'zbeklar va O'zbeklar" kitobimga nazar soling.

 

-13-

 

SAVOL:Siyosat jonimga tegdi. Siyosiy bo’lmagan bir savol bermoqchiman. Yaqinda bir xabarda 25-30 yilda dunyodagi 60 foyiz til yo’qoladi, deyilganini o’qidim. O’zbek tili nima bo’ladi deb o’ylaysiz? (Rustam, 8 Avgust).

 

JAVOB: Aslida bu eng katta siyosiy masala. O’zbek tili 25-30 yilda yo’q bo’lmasa ham  uning bugungi ahvoli o’zgarmasa kelajagi fojealidir.

Bundan 30-35 yillar chamasi oldin dunyodagi eng yirik oltita tildan bir mushtarak til-Esperanto tili vujudga keltirilgan edi. O’shanda yarim asr ichida bu til dunyoning yagona gaplashiladigan tiliga aylanishi bashorat qilingandi. Lekin Esperanto “o’smay” qoldi. Ammo bu soxta til bilan ayni davrda Internet tili ham tug’ila boshladi va juda tez rivojlanmoqda. Bugunga kelib, Internet tilidagi so’z bo’yligi O’zbek tilining so’z boyligidan besh marotaba ko’pdir va bu tilni bemalol qo’llanadiganlar dunyodagi o’zbeklarning umumiy sonidan 2-3 marotaba ortiq.

Internet tilining bir qismini Ingliz tili tashkil etadi.  O’tgan yillar davomida Fransiya, Xitoy va Rossiya Internet tilidagi kalimalarni o’zlarining tillaridagi so’zlar bilan almashtirishga urindilar. Lekin bu bilan “ulkan ishg’ol”ni to’xtata olmayaptilar va to’xtata olmasalar ham kerak.

Kelajakda dunyoda umumiy bir til vujuda kelishining zamirida Interent  mavjud va shuning uchun ham yuz yillardan keyin butun dunyoda odamlar yagona Internet tilida bir-birlarini bemalol tushuna oladigan darajaga yetadilar. Bu o’z navbatida  ularning ona tillarini tahlika ostiga qo’yadi.

O’zbek tiliga kelsak, bu til bugunning o’zida tahlika ostidadir. Biz til nuqtai nazaridan dunyodagi eng chalasavod guruhlar safiga kirishimiz mumkin.

Xalq tili, adabiy til va rasmiy til orasidagi keskin farq bu chalasavodlikning bir boisidir.

Internetdagi istagan bir o’zbek sahifani ochib ko’ring, istagan mehmonlar kitobiga kirib ko’ring, qani O’zbek tilining talab darajasiga javob beradigan yozuvlarni topa olasiz-mi? Imloviy xatolar yozuvlarni kompyuterga kiritish davomida yuz berishini inobatga olsak, qolganlari-chi? Oddiy jumlani tuza olmaslik, zamon fellaridagi chalkashlik, qo’shma gaplarning qovushmasligi, so’zlarni noto’g’ri o’rinlarda, noto’g’ri ma’nolarda qo’llanish, o’z fikrini ochiq tushuntira olmaslik… kabi manzarani nafaqat Interenetda balki kundalik matbuotda ham ko’rmoqdamiz. Afsus. Bu fojeaning bir jihati.

Ikkinchi jihati esa: ozgina aqlini tanigan o’zbeklar bugun Internetda asosan Rus tilida yoki Ingliz tilida muloqot qilishga o’tdilar. Ya’ni o’z gaplarini O’zbek tilida aytishdan ko’ra, boshqa tilda aytish ularga osonroq kelmoqda.

Fojeaning uchunchi jihati alifboga, yozuvga munosabat bilan bo’g’liq. Dunyoda biror-bir xalq o’z yozuvini 100 yilning ichida besh marta o’zgartirmagan. Lekin bizning xalqimizdan chiqqan siyosatchilar bu xalqning qadriyatlarini, o’zligini oyoq osti qilganlari kabi, ona tilini nafaqat himoya eta olmadilar, balki toptadilar, ruslarning talabi bilan yozuvini qayta-qayta o’zgartirdilar va bugun ham lotinu kiril yozuvlari orasida jonimiz talvasada. Bu esa ommaviy chalasavodlikka olib keldi.

Men har kuni turli odamlardan o’nlab “elektron” maktublar olaman. Hatto O’zbekistonda  eng muhim idorada ishlaydigan tanishim ham xatini eplab yozolmaydi. O’zini bosh vazirlikka, oz qolsin prezidentlikka loyiq ko’radiganlardan olinadigan xatlar ham shu ahvolda. Keyingi bir yil ichida faqat Muhiddin degan yigitdan O’zbek tilining go’zal va mukammal yuzini ko’rsatadigan bir necha maktub oldim va havas qilib, odamlarga ko’rsatib yuribman. Ona tilimizdan anashunday uchqunlar qolayotgani achinarlidir.

Buning ustiga o’zbek ziyolilarining bugun yozgan asarlari bilan qilgan ishlari bir-biriga zid tushib qolgani xalqning matbuotdan, kitobdan yuz o’girishiga, ona tili xazinasidan uzoqlashishiga olib keldi.

Anashularning hammasini bir nuqtaga jamlaydigan bo’lsak, O’zbek tilining kelajagi zulmat ichida ekanligini tasavvur qilish qiyin bo’lmaydi. Ammo umid o’lgan emas. U holda nima qilish kerak?

Ishni O’zbek tilini o’rganishdan boshlash kerak. “Gaplasha olaman-ku!” deyishingiz mumkin. Bu esa “Tilimizdan “votti-votti”, asta sekin ketivotti” degan kinoyni eslatadi.

 

-14-

 

SAVOL: Shoir sifatida juda qisqa qilib, ayolga va uni kamsitganlarga qanday baho bergan bo’lar edingiz?(Zulfiya, 9 Avgust)

 

JAVOB: Ayyol… bu kalima qarshisida kishining ilhomi jo’sh uradi.
Ayolni ardoqlagan arshi a’loning zoti,
Ayolni kamsitganlar bu dunyoning isnodi!

ya’ni bizni shoiri zamon, oshiq’i jahon, komili davron, olimi karvon, hazrati inson, sohibi ehson, mardi mardon etgan ayoldir, uni kamsitmoq borliqni kamsitmqodir.
Ayol… ko’lzarida yosh tinmas ekan,
Ayol… ko’zlariga nur inmas ekan,
Erkakning erligi savoldir savol,
Ayolning boshiga baxt qo’nmas ekan.

Yani erkaklarning zug’umi bois bozorda mardikor, uyida nonga zor, qo’llari o’ziga dor, benomus dunyoda goh beor, goh nochor, o’tmishi zulmat, g’or, istiqbol yo’li tor, dilida o’lmagan kuni bor, erini tutgan yor, o’g’lini kutgan zor ayol! Uni kamsitmoq uchun odamlikdan chiqmoq kerak!

 

-15-

 

SAVOL:Davlat kotibi Kolin Povel bir musuhukni qabul qilmoqchi ekanligi haqida eshittim. Shu tog’rimi? (Dilshod, 10 Avgust).

 

JAVOB: To’g’ri. Mushukning ham nomi Kolin Povel. Davlat kotibiga hurmat sifatida mushukka uning nomi berilgan. Bugun 2004 yilning 10 Avgust, Juma kuni Davlat kotibining “qabulida bo’lishi”dan oldin bu “Bombay” turidagi hayvon “Yilning mushugi” unvonini ham olgan ekan. Bu borada xabarlar ham chiqdi.

Bilasizmi, G’arb va Sharq o’rtasida juda ko’p sohalarda farq bo’lganidek, hayvonlar masalasida ham jiddiy farqlar bor. Masalan, Amerikada bir kishi yaqin do’stini bemalol “It” deyishi mumkin. Bu uning yaqinligiga, sodiqligiga ishorat bo’ladi. Endi tasavvur qiling, bizda bir kishi boshqasini “It” deganini…

Sobiq prezident Reyganning motam marosimida uning farzandlaridan biri otasini xotirlar ekan, bolaligida balig’i o’lib qolganda, buning uchun dadasi maxsus ko’mish marosimi o’tkazganini, duolar o’qiganini eslagandi.

Yaqinda Demokratik partiyaning qurultoyida prezidentlikka nomzod Kerryning xislatlari haqida gapirib bergan qizi, bolaligida uning sichqoni nafas olmay qolganda, otasi CPR (Cardiopulmonary resuscitation -yurak urishi, nafas olishi toxtagan odamni ko’kragiga bosim berish bilan birga, uning burnini bekitib, og’ziga o’gizni qoyib havo yuborish tibbiy usuli, bu haqda makatblarda o’qitiladi)ni qo’llagan ekan.

Bizda bunday holni jirkanib, nafrat uyg’otish uchun aytish mumkin. Bu yerda bu hol hurmat uyg’otish uchun aytiladi. Masalan, bu yerda prezidentni “It” yoki “Eshak” desangiz maqtagan bo’lasiz, bizda esa shunday desangiz eng ozi umringiz qamoqda bitadi.

Amerikada har yil Shukron bayrami kuni kurka(qal-qal tovuq)lar so’yiladi. Shu kuni prezident Oq uyda maxsus marosim o’tkazib bu yerga olib kelingan bitta qal-qal tovuqni afv etadi. Yoki bu yerda prezidentlar doim o’z kuchuklari bilan yurganlari (bu kuchuklar Oq uyning eng aziz jonzoti hisoblanadi) mamlakat rahbarlarining hayvonot dunyosiga yaqinliklari deb baholanadi.

Ular kuchukning yuzidan o’padilar, kuchuk ham ularning yuzlarini yalab qo’yadi…

Xullas, bunday holga ajablanish kerak emas, balki tushunishga harakat qilsih lozim deb o’ylayman.

 

-16-

 

SAVOL: Siz nima uchun buncha Amerikani himoya qilib yozasiz? Men ham shu yerda yashayman, muslimaman, lekin Amerika uchun siz kabi advokatlik qilmayman. Nahotki siz Amerikani tushuna olmasangiz? (Iroda, 13 Avgust).

 

JAVOB:Malayziyadan bir O’zbek elektron xat yozdi: “ Menga maslahat bersangiz. Dunyoda 9-11 dan tashqari yana qayerda Ingliz tilini biladigan bir musulmon uchun erkin joy bor”. U 9-11 deganda AQSHni nazarda tutgan edi. Men darhol javob yo’lladim.” Hali ham 9-11 dan erkinroq joyni topa olmaysiz”. Javob yo’llaganimdan so’ng musulmon hamkasblarimdan biriga shunday maktub olganimni aytdim. U ham aynan men kabi javob qildi. Buni ko’pchilik ichi-ichidan e’tirof etadi. Ammo negadir amalda sir saqlashadi.

Boshqa davlatlardan kelib Amerikada yashayotganlarning ko’pchiligi bu yerga quyidagi maqsadlar bilan kelganlar.

-O’zi va oilasining hayotini diktatorlar zulmidan, urush girdobidan, diniy, etnik ta’qiblardan qutqarib qolish uchun.

-Erkin dunyo, rohat farog’at dasturxon va o’z mehnatiga yarasha haq olish uchun.

-O’qish, ilmli bo’lish, boylik orttirish, zamonaning oldingi odami bo’lish uchun.

Har uch toifa ham Amerikaga joylashar ekan, uning fuqaroligini qabul qilar ekan, endi bu zamin uning ham vatani ekanligini yurakdan his etadi. Ammo mardlik qilib buni ochiq aytadiganlar kam. Sababi esa u taniganlar va u bilganlarning okean naryog’ida qolganlari AQSHni sevmasliklarida yoki ertaga meni ham xoin, deb atashmasin, deb cho’chiganlarida.
Agar sizni Amerika qoniqtirmasa u holda nega bu yerdam ketmaysiz? Uni ichdan buzish uchun-mi? Unga ziyon yetkazish uchun-mi? Agar siz falastinlikni haq deb bilsang, u holda nega Amerikani tanladingiz, Falastinni emas? Bu ziddiyat. Bir tomondan Amerika sizni tahlikadan asrab qoldi, uni vatan qildingiz, ikkinchi tomondan undan hazar qilasiz. Bu sizning bugungi kundagi eng katta fojeangizdir. Bu bilan siz nafaqat o’zingizni, balki boshqa musulmonlarni ham yomon otliq qilayapmiz.
Toshkentaa yashab turgan muhojirlar to’planib, O’zbekistondan hazar qilib, miting o’tkazishini tasavvur qila olmayman. Hukumat u yoqda tursin, ko’chada o’tib qaytayotgan o’zbeklar bu muhojirlarning ta’zirini berib qo’yishi, “Uyinga yo’qol!” deyishi turgan gap. Ayni holatni barcha musulmon davlatlarida ham tasavvur qilish mumkin. Shunday ekan nega biz Amerikaga sevgimizni yashiramiz?

Axir mamlakatimizga xat yozganda, telefon qilganda u yerdagilar mehnatiga yarasha haq ololmayotgani, zulm ostida ezilayotgani, uy-joy, boylik orzu bo’lib qolayotganiga achinib “Amerikaga kelsang-chi!” demaymizmi? Lekin AQSH uchqichlari Afg’oniston uzra uchganda badbaxtlar musulmonlarni o’ldirishmoqda, deydigan ham ko’p. Vaholanki badbaxt aslida Usama bin Laden va uning tarafdorlari. Ularning AQSH ga qarshi nafratlari Islom bilan bog’liq emas, yo’qotgan boyliklari bilan bog’liq. Ular alamzadaliklarini yashirib o’z atroflarida odamlarni birlashtirish uchun ummatchilik o’yinini qildilar. Agar Usama Bin Laden samimiy bo’lganda “Butun Amerikaliklar dushmanlarimiz va ularni ko’rgan joyingizda o’ldiring” deb buyurmagan bo’lardi. Amerikada bir necha million musulmon borligini nima, u bilmaydimi? Bilardi va sizu bizdan yaxshi bilardi. Bu yerdagi musulmonlar dunyodagi eng erkin musulmonlar ekanligi va eng tez ko’payotganini ham yaxshi bilardi. U shuningdek, qonli hujumlaridan keyin bu musulmonlarga oson bo’lmasligini ham yaxshi bilardi. Shunday ekan, bu yerda Islom va binladenchilarni ajratib olish kerak.

2001 yilning 11 Sentyabr hujumi asli mohiyati bilan Amerikaga qarshi emas, Islomga, musulmonlarga qarshi hujum bo’lgandi. Mening maqsadim bunday battol hujumning muallifi Usama Bin Laden haqida yozish emas. Maqsadim Amerikadagi musulmon muhojirlar haqida yozishdir. Saudiya Arabistoni bo’ladimi, Liviya bo’ladimi, Suriya va yoki Eronu Iroq bo’ladimi, asl kelib chiqishingiz qayerdan bo’lsa o’sha joyni seving, bu sizga Amerika tarafidan berilgan erkinlik, lekin ayni paytda siz kelgan, quchoq ochib kutib olgan, qorningizni to’q, egningizni but qilgan Amerikaga ham sevgingizni darig’ tutmang!

O’zbeklarning bir maqoli bor: “Bir kun tuz yegan joyingga qirq kun salom ber”. Siz bu yerda qir kun emas, qirq yildan va undan ko’proq muddatdan beri non yemoqdamiz va bundan keyin ham yeysiz. Bu yerni siz vatan deb qabul qila olmasangiz, farazandlaringizning, nevaralaringizning vatani bu. Shunday ekan, o’zimiz tug’ilgan, ota bobolarimiz tug’ilgan zaminga mehrimiz bir chandon bo’lsa, bu zaminga sevgimiz o’n chandon bo’lishi kerak emasmi?

Bugun Amerika anashu sevgimizga muhtoj va biz uni ko’rsatishimiz kerak. Amerikadan nafrat qilsak, demak o’zimizdan nafrat qilgan bo’lamiz. Amerikada yashab, undan nafrat qilgan odam bir paytlar oz’i tashlab chiqib kelgan mamlakatini ham seva olmaydi. Uning gaplari yolg'o’n. Unday odamning samimiyatiga men shubha qilaman.

Men Malayziyadagi o’zbekka yana bir bor takrorlayman: agar siz erkin bir joy izlasangiz hali ham Amerikadan erkinroq joy topa olmaysiz. Faqat kelishingizdan oldin o’ylab ko’ring. Bu yerga kelsangiz, nafrat bilan emas, balki sevgi bilan keling.

 

-17-

 

SAVOL: Afinada o’tayotgan Olimpiada o’yinlarini ko’rib borayapsizmi? Amerika va O’zbekiston misolida nima deyishingiz mumkin? (Rasul, 18 Avgust).

 

JAVOB: Men hamma narsaga mantiq ko’zi bilan qaraganim uchun sportning ba’zi turlariga unchalik qiziqishim yo’q. Sport ham hayotning bir bo’lagi, hayot emas mening uchun.

Ammo Olimpiada o’yinlarini deyarli  kuzatib boraman. Juda ko’p mamlakatlar qatori O’zbekistonda ham sportni siyosiy maqsadlarda  foydalanish odat bo’lib bormoqda. Amerikada esa sport eng avvalo sportchining shaxsiy ishi, uning pul topish manbai. Shu bois ham xalqaro o’yinlar oldidan amerikalik sportchilar vatanim sharafini himoya qilishga bormoqdaman, deb ko’kraklariga urmaydilar. Bunday gaplarni ko’proq askarlar aytadilar. Sportchilar nima qilsam fam yutaman, bu mening hayotim, bu mening kelajagim, bu mening taqdirim, deb o’ylaydilar. Shu bois ular jo’nab ketar ekanlar, prezident yoki hukumat rahbarlari nutq so’zlamaydilar, yutganlarida  telegrammalar yubormaydilar, xat yozmaydilar, ordenlar berish haqida farmon chiqarmaydilar, ularning ishiga aralashadigan Sport komiteti ham yo’q.

Bu degani sportga e’tibor yo’q degani, emas. Sport erkin soha va mustaqil tashkilotlar bajaradilar hamma ishni. Maktablar, oliy o’quv yurtlari bu masalaga katta e’tibor beradilar.

Olimpiada o’yinlarida Amerikaning eng ko’p yutuqlarni qo’lga kiritishi u yerga borgan har bir amerikalikning o’zi bir erkin Amerika ekanidadir. Qachonki Olimpiadaga boradigan har bir o’zbekistonlikning o’zi ham bir erkin O’zbekiston bo’lganda balki oltin, kumush, bronza medallari Toshkentga tomon “oqishi” mumkin.

Afina Olimpiadasida bunga qadar hali “vatan sharafini himoya qilayotgan” birorta o’zbekistonlik biror medal sovrini bo’lmadi. Bu yog’iga omad!

 

-18-

 

SAVOL: Yangitdan www.bbc.co.uk/uzbek sahifasi ochildi va www.ozodlik.org web sahifasi ham ishlamoqda. Ular haqida qanday fikrdasiz? (Nodira, 20 Avgust).

 

JAVOB:  BBC radiosining o'zbek tilidagi web sahifasi yaqindan boshlab kundalik xabarlar, tahlillar, dolzarb ma'lumotlar bilan to'ldirila boshlangani quvonchli voqea va buni tabriklash kerak. Web sahifani yuritish oson ish emas, bunda BBC radiosining O'zbek xizmati zahmatkashlariga kuch-quvvat tilaymiz.

"Ozodlik" radiosining web sahifasi ham yaxshi va kundalik yangiliklar bilan to'la.

Bugun o'zbek tlidagi web sahifalariga ehtiyoj juda katta va bu bo'shliqni xolislik bilan to'ldirish uchun anashunday web sahifalar qancha ko'paysa shuncha yaxshi.

Ayni paytda mening bir taklifim bor edi.  Har turli fikrlar bildirilishiga va qonunning amali kechiktirib kelinayotganiga qaramay O'zbekistonda baribir lotin alifbosiga o'tilmoqda va o'tiladi. Bu jarayonni to'xtatish mumkin emas.

Qolaversa, bugun Internetga kirayotgan yoshlarning ko'pchiligi lotin alifbosini o'rganishgan. Shuningdek, lotin alifbosidagi xabarlar dunyoning hamma joyida qiynalmay ochilishi imkoni ham mavjud.

Shularni hisobga olib, "BBC" va "Ozodlik" asta-sekin lotinga o'tishni ham yo'lga qo'ysalar, nur ustiga a'lo nur bo'lar edi. Buning yana bir ahamiyati shunda bo'lardi-ki, bugun Internetning o'zbek tilidagi web sahifalarida lotincha yozilgan matnlardagi chalasavodlik chuqurlashib ketmoqda. Agar "BBC" va "Ozodlik"  lotinga ham boshlasalar bu chalasavodlikni tugatish uchun katta xizmat  bo'lar edi.

 

-19-

 

SAVOL:Siz nega web sahifangizda “survey”-so’rovnomalar qo’ymaysiz, masalan qaysi partiyani qo’llaysiz, degan yoki boshqa mazmunda? (Zaynobiddin, 22 Avgust).

 

JAVOB: Men so’rovnomalarga ishonmayman. Ular haqiqatni aks ettirmaydilar. Hatto demokratik va rivojlangan davlatlarda ham so’rovnomalarga javob beruvchiar o’z manafaatlarini nazarda tutgan holda savolga boshqa javob berib, amalda boshqa ish qilishlari mumkin.

Internetda esa bu bir g’irrom siyosatga o’xshaydi. Y’ani boshqalarni ham, o’z-o’zini ham aldash. Masalan, so’rovnomani e’lon qilgan web sahifalarga kirib ko’ring va birortasida o’sha sahifa egalarining maqsadiga qarshi ko’proq ovoz berilganini ko’rmaysiz. Aksincha “o’zlarini” qo’llaganlar ko’p va raqiblarini qo’llaganlar kam. Buning sababi esa oddiy. Ular har kuni o’z sahifalariga kirganlarida o’zlari uchun ovoz berib qo’yaveradilar…

So’rovnomalar ikki xil bo’ladi. Birida siz faqat bir marta ovoz bera olasiz va siz ovoz bergan komputerdan boshqa signal qabul qilinmaydi. Ammo bu cheklov web sahifani yurituvchilarga taalluqli emas. Ikkinchisi esa juda sodda o’quvchilar uchun mo’ljallangan va istagan odam istagani qadar ovoz beraveradi.

Endi demokratiyaga o’tayotgan mamlakatlarda siyosiy partiyalar turli so’rov tashkilotlari orqali xalqni o’z orqalaridan ergashtirishga urinadilar. Masalan, so’rov natijalariga ko’ra falon partiya ko’p ovoz olibdi, mening ovozim nimani ham hal qilar edi, men ham unga qo’shilman, degan fikr uyg’otishni istaydilar. B’azan bunga muvaffaq bo’ladilar, ammo bora-bora odamlar so’rovlar natijalariga ishonmaydilar. Bu esa mazkur ish bilan shug’ullanadigan tashkilotlarni adolatli ishlashga chorlaydi. Amerikada shunday tashkilotlarning ishiga asosan saylov natijalariga qarab baho berishadi. Agar o’rtada katta farq chiqib qolsa, bu tashkilotning kelajagi bitadi.

Ana shularni hisobga olganda web sahifamda yolg’on minbarga hojat yo’q, deb providerim tomonidan taqdim etilgan “survey”-so’rovnomani o’rnatmadim.

 

-20-

 

SAVOL: Sizga yozish qiyin... yozmaslik oson... Nima uchun ovozingiz mungli? (Nizomiddin, 25 Avgust).

 

JAVOB: Yozish qiyin, yozmaslik oson bo'lishiga qaramay qiyin yo'lni tanlaganingiz meni quvontirdi. Ba'zan juda qisqa maktublar ham juda katta ma'nolarni tashiydilar.

Ovoz masalasida: xalqimiz o'zining eng og'ir kunlarini yashayotgan bir paytda memga yuzlanib,  ovozingiz mamnuniyat bilan to'la,  deganingizda balki ranjigan bo'lardim. Men quvonadigan holatni ko'rmayapman. Balki ko'rolmayotgandirman. Bir kun kelib ovozim mungdan ajralsa ne baxt?! Kim ham mungga bog'lanib qolishni istaydi? Kim ham quvonishni istamaydi?

Oddiy narsalardan quvonib, oddiy narsalardan ranjib yurish haqida gap borayotgani yo'q. Gap kishining o'zligiga rangi inuvchi  ulkan dard haqida bormoqda.  Bu biz ham bir parchasi bo'lgan xaqlning dardidir. Uni ko'ra olish, his qila bilish, yelkaga yuklash, uning azoblari qo'ynida ezilish ne darig’ki bizga "nasib etgan" etgan ekan.

Niyatimiz sof: kelajak avlod bu darddan, bu azobdan forig' bo'lsin!

Ha, bizga yozish qiyin… yozmaslik oson… Lekin qiyin yo’lni tanlayotganlar soni ko’payib bormoqda. Bu esa yorug’ kunlarning, dardning chekinishining ibtidosidir.

 

-21-

 

SAVOL: Men bugunga qadar to’rtta savol yubordim va birortasiga ham javob bermadingiz. Nega? (Xurshid, 2004 yil, 26 Avgust).

 

JAVOB: Savollariga haliga qadar javob berolmaganim hurmatli o’quvchilardan uzr so’rayman. Hozir qo’limda ikki yuzga yaqin savol to’planib qolgan. Javob berishda dolzarblari, oldingi mavzu bilan bog’liqlari va darhol javob bergim kelganlari oldingi chiqmoqda. Savollarning yaqin orada eskirmaslari, ancha-buncha o’ylab ko’rishni yoki tadqiq qilishni talab etadiganlari, orada sovuqchilik uyg’otadiganlari, ilgari shu mavzuda javob berilganlari to’planib qolmoqda.

Ammo bular javob bermaslik uchun asos bo’la olmaydi. Shu bois hammasiga imkonim qadar javob bergim bor va meni to’g’ri tushungan holda uzrimni qabul qilishingizga umidvorman.

 

-22-

 

SAVOL: Siz Amerikaga kelgan juda ko'p o'zbeklar bilan uchrashib turaman, deb yozibsiz. Ular siz bilan uchrashishga qo'rqmaydilarmi?(Go'zal, 27 Avgust).

 

JAVOB: Men ham ko'plar qatori bir oddiy odamman, har holda qo'rqinchli bo'lmasam kerak.

Bu masalaning bir tomoni, bir  tomoni esa shu-ki, men xalqimga, Vatanimga, insoniyatga qarshi biror jinoyat qilgan emasman va biror jinoyati uchun qochib yurgan odam ham emasman.

Bugunga qadar vijdonimga qarshi va vijdonimni qiynaydigan biror nomaqbul harakatga ham qo'l urganim yo'q. Vijdonim buyurganini aytganim, xalq va vatanga yaxshilik keladigan yo'lga tomon odimlaganim uchun kimlargadir yoqmadim. Quvg'in etishdi, to’hmat qilishdi, qora chaplamoqchi bo'lishdi. Ammo vaqt ko'rsatdi-ki, men jinoyat, qabihlik, adolatsizlik tomonida emas, balki adolat, haqiqat, rostgo'ylik tomonida turgan va shu yo'ldan hech qaytmasdan, ikkilanmasdan o'z so'zimni aytib kelayotgan bir oddiy fuqaro ekanman.

Hamma vaqt odamlarga jinoiy yo'lni emas, qonuniy yo'lni tavsiya etib keldim. Hamma vaqt diktaturani emas, diemokratiyani yoqladim. Bundan keyin ham shunday bo'ladi va buni bilganlarning ba'zilari men bilan uchrashishga qo'rqadilar va ba'zilari qo'rqmaydilar.

Ilgarilari "Uchrashib qolsak, keyin hukumat avlod-ajdodimiz bilan qiritib yuboradi" deb mulohazaga borganlar bo'lgan va bugun ham bor. Qo'rqqan hatto o'z soyasidan ham qo'rqadi. Menga bir kishi doim "Nega unday qilmaysiz? Nega bunday qilmaysiz?" deb xat yozadi. Ammo o'zi bir narsa yozish u yoqda tursin, hatto menga ismini ochiq aytishdan ham qo'rqadi. Albatta, bundaylar bilan uchrashishga menda ham xoxish yo'q.

Men bugunga qadar uchrashgan o'zbeklarning hammasini tergovga tortish, quvg'in qilish bilan shug'ullanganda hukumatning boshqa ishga vaqti qolmagan bo'lardi.

Qolaversa, keyingi paytda menga O'zbekistondan ochiq maktub yozayotganlar juda ko'payib ketgani va Amerikaga kelayotgan o'zbeklar men bilan uchrashishga intilayotganlari bu odamlarda ichki qo'rquv sinmasa ham sinish tomon borayotganini ko'rsatadi.

Yaqinda bir telejurnalist yigit keldi. Uning qaytib ketgandan keyin yozgan elektron xatidan bir parcha keltirmoqchiman, bu ko'p narsani oydinlashtiradi:

"Vatanga yaxshi yetib keldim. Hammasi joyida. Faqat qaytishim bilan bu yerdagi muhitga yana qayta moslashishim juda qiyin bo’ldi, rosti. Chunki O’zbekistonda aytarli o’zgarish bo’lmagan, xalqning ahvoli avvalgidan-da xaroblashgan, iqtisodiy qiyinchiliklar hamon davom etyapti. Kelib ko’rdimki, odamlar mavjud tuzumdan nihoyatda norozi, sabr kosalari to’lib borayotir. Hozirda 2 ta odam yig’ilsa, darrov siyosatdan gap ochiladi va ochiqchasiga yozg’irishayotganiga guvoh bo’lyapman. Oddiy qishloq odamidan tortib, manaman degan olim-u ziyolilargacha—hamma-hamma mavjud rejimdan nihoyatda norozi va buni yashirmaydilar ham. Xullas, vaziyat tobora izdan chiqib boryapti.

Mayli, bu gaplar siz uchun yangilik emas. Vatandan uzoqda bo’lsangiz-da bularni mendan yaxshiroq bilasiz. Sizni yaqin kelajakda Vatanda ko’rishni Xudodan so’raymiz, barchamiz. Shu jabrdiyda xalqning ahvolini o’z ko’zingiz bilan ko’rish nasib etsin, iloyim.

Siz bilan uchrashib, uyingizda mehmon bo’lganim haqida dadamga aytdim. Avvaliga qo’rqib ketdilar, keyin judayam xursand bo’ldilar. Jahongir Mamatovday odam bilan uchrashibsan, zo’r ish bo’pti, faqat buni hech kimga aytma, deb qattiq tayinladilar. Keyin siz haqingizda gapirib ketdilar. Bildimki, hali o’zbek xalqi sizni juda yaxshi eslarkan, eslagandayam minnatdor bo’lib, haqiqatgo’y odam edilar, deb xotirlarkan.

Men qattiq ishonamanki, vaziyat shundayligicha qolib ketmaydi. Hali haqiqiy ma’nodagi dorilomon kunlar albatta keladi".

 

-23-

 

SAVOL: Xudoga, dinga ishonganini pesh qilish ham siyosat emas-mi? (Nazira, 28 Avgust).

 

JAVOB: Aslida hamma narsaning siyosiy tomonlari bo’ladi. Hatto nafas olish ham siyosat bo’lishi mumkin. Agar uning ortida qandaydir manfaat bekingan bo’lsa.

Xudoga ishonish masalasiga kelganda kimning qay darajada ishonishini Xudoning o’zi biladi. Bu xususda bandalari hakamlik qilish vakolatiga ega emas. Shunday ekan, “Men bu qadar ishonaman, sen esa u qadar” deyish ham Xudoning vakolatiga sheriklik qilish, ya’ni shak keltirish demakdir. Ammo bu masalani siyosiy maqsadlarda qo’llanuvchilarga buning farqi yo’q. Ular o’zlarini hakami mutloq deb hisoblaydilar va hatto bir begunohni ham dinsiz deb hukm  chiqaraveradilar.

Bir rivoyat yodimga tushdi. Bandalardan biri har kuni ibodatlarini vaqtida qilar va boshqa farzlarni ham qoidasi bilan ado etar ekan, ammo qo’shnisi beparvo, o’z ishi bilan band ekan. Ibodatgo’y  har kuni qo’shnisiga dakka berib, “Sen Xudoga ishonmaysan” der ekan va bu gapini mahalla kuyda ham takrorlab “Men ibodatimni vaqtida qilaman, falonchi esa qilmaydi” der ekan. Ular o’lganlaridan keyin ulamolardan biri, “Har holda ibodatgo’y  jazosini olgan bo’lsa kerak?’ debdi. Uning bu gapiga hayron bo’lishibdi. Shunda fozil kishi:  “U Xudoga ishonishini siyosatga aylantirgan edi-da. Agar vaqtida ibodat qilsa, bu, jumladan, Xudodan o’zining gunohlarini avf etishni so’rash, u dunyodan yaxshiroq joy olish uchun intilishdir, ya’ni mutloq o’zi bilan bog’liq vaziyat. Bu har kimning haqqi. Ammo u buni pesh qilib, qo’shnisini ayblagani bilan gunohga botdi” degan ekan.

Bu bir rivoyat. Lekin bir kishi Xudoga ishonganini, dinga ishonganini pesh qilib, amalda odamlarga yomonlik ravo ko’rsa, ig’vo bo’htonlarga zamin yaratsa, yaxshilikning ko’chasidan o’tmasa, faqat o’zini o’ylsa va boshqalarni Xudoga ishonmaydigan deb bilsa, u odamning siyosiy, oniy manfaatlari bordir. Yaxshilab o’rganib chiqsangiz u o’tmishda Xudoga qarshi chiqqan bo’lishi va kelajakda yana shu yo’liga qaytishi, yoki aksi bo’lishi mumkin.

Xullas, mening nazarimda Xudoga, dinga ishonganini pesh qilaverish kattagina siyosatdir.

 

-24-

 

SAVOL:Yaqinda Amerikaga san’atkor Yuldiz Usmonova borib keldi. Uning Amerika gastrolini qanday baholaysiz? (Abdurasul, 29 Avgust).

 

JAVOB: New Yorkda yashaydigan bir o’zbekdan Yulduz Usmonova kelib ketgani haqida eshitgandim. U Yulduzning “O’zbekiston demokratiyasi dunyodagi eng ibratli demokratiya ekani” haqidagi intervyusi borasida kuyunib gapirgandi. Bu shaharda yashaydigan buxorolik yahudiylar jamoasi tez-tez O’zbeksitondan san’atkorlarni olib kelib turadilar. Bu ularning an’anasiga aylangan. Shu bois bu gastrol emas.

Mazkur konsertida Yulduz Usmonova vatandan chiqib ketganlarni “xoinlar”, “vatanfurushlar”, “tuproqgadolar” deb atagan qo'shig’ini ham ijro ettimi, yo’qmi, bilmayman. Har holda ijro etmagan bo’lsa kerak…

Mening nazarimda Yuldus Usmonova san’atkorlar safidan chiqib, maddohlar sirasiga kirganiga bir necha yil bo’lgan. Faqat men uning bugunga qadar “O’zbekiston qahramoni” unvoni olmaganiga ajablanaman. Chunki madohhlik borasidagi xizmatlari oldingi “qahramon”lardan oshsa oshadi-ki, kam emas.

Uning bir paytlar “Shohni ham gadoni ham bir yo’lda ko’r, bir yo’lda” degan qo’shig’i bo’lardi. Bu qo’shig’i bilan hammani aqlga chaqirib, o’ziga qolganda boshqa yo’lni tanladi. Ya’ni mullaning aytgani boshqa, qilgani boshqa, degan kabi…
Xalq san’atkorlar, adiblar, ziyolilarga juda ishonadi. Buni bilgan zolim rejimlar xalqni aldashda ularni qo’llanadilar. Shu bois bir millatning boshiga og’ir kunlar tushgan bo’lsa, bu ofatning aravasini tortib kelganlar begona emas, shu millatning “gullari”, “yulduzlari” ekanligini ham bilish kerak.