JAHONGIR
MUHAMMAD
QATAG’ON
kunlarining
tarixi
Tarixni kunba kun, soatma soat yozib bormoq lozim.
Aks taqdirda u tarix emas, xotiraga aylanadi.
Men zamondoshimning savollarga aylangan kunlarning
(2005 yilning Fevralidan 2006 yilning Fevraliga qadar, oldingilari “ZEHNIYAT
JUMBOG’I” va “SAROY SIRLARI” kitoblarida) tarixini imkonim qadar kunba kun
yozib borar ekanman, bu ishni siz uchun qildim.
Sizga qolgani uni o’qib, qatag’on kunlarining
dahshatini anglashdir. Umid qilamanki, bunga qodirsiz, aziz nevaram!
Muallif.
Birinchi prezidenti bo’lish
uchun tug’ilgan odam
26 Fevral, 2005 yil
SAVOL: Siz bir joyda “O’zbekistonning birinchi
prezidenti bo’lish uchun tug’ilgan odam” deb Nazir Rajabov ismini keltirgansiz.
Bu odam haqida batafsilroq ma’lumot berishingiz mumkinmi? (Olimjon)
JAVOB: Men Nazir Rajabov haqida
ilk bor 1970 yillarning oxiri 1980 yillarning boshida u Buxoroda (u asli
romitanlik-JM) yong’inga uchragan bir yirik korxona binosini qayta tiklash
loyihasini tayyorlab, SSSR Davlat mukofotini olganda eshitgandim.
Keyin u juda
yosh bo’lishiga qaramasdan juda katta vazifalarda ishladi, Qurilish vaziri
bo’ldi, Namangan viloyat partiya qo’mitasining birinchi kotibligidan Samarqand
viloyat partiya komitetining birinchi kotibligiga o’tkazilganda uni bevosita
tanidim. U yangicha fikrlaydigan, tashabbuskor, tinib-tinchimas, adolat
tomonida mahkam turadigan, adolatsizlikka chiday olmaydigan bir rahbar edi.
Ilgari
Samarqandda xuddi ana shunday bir rahbar bo’lgan-Vladimir Nikolayevich Qodirov.
Uni 43 yoshida zaharlab o’ldirishgan.(Bolalar uyidan chiqqan xalqparvar Qodirov
haqida yozgan kitobim oshkoralik yillarida “Qishloq haqiqati” gazetasida davomli
o’laroq e’lon qilingandi-JM).
Menga Qodirovni
eslatgan Nazir Rajabovning taqdiridan ham qo’rqardim. Kommunistik rejim paytida
ham xalq tomonida bo’lgan sanoqli rahbarlar yetishgan, lekin ularni tezda
yo’qotishgan. O’g’rilar, militsiya, mafiya, hatto partiyaning ichidagilar ham
Nazir Rajabovga qarshi edilar.
U adolatpesha
rahbar bo’lish bilan birga adabiyotsevar ham edi. Mashrab she’rlarini
to’laligicha yoddan biladigan, Navoiy asarlari borasida hammani hayratga solib,
lol etadigan bir inson edi. Men yozgan yuzlab feletonlar bo’yicha u
tekshirishlar o’tkazdirib, begunoh qamalgan yuzlab odamlarni ozodlikka
chiqargan, bukilgan haqiqatni tiklagandi.
Ammo bir kun
qo’rqqanim bo’ldi. Viloyat partiya qo’mitasi binosiga kelsam, hamma sarosimada.
Ideologiya kotibi Farog’at Shukurovaning xonasiga borsam, u hungrab yig’lab
o’tiribdi.
-Nazir akani
qo’liga kishan solib olib ketdilar,-dedi u.
Keyin Nazir aka
hikoya qilishicha, uni qurilish mashinasining beton qorishtiriladigan qutisi
ichiga tashlab, aylantira-aylantira bir joyga olib borib, u yerdan Moskvaga
yetkazib, zindonband etishgan.
Unga
qo’llanilmagan qiynoqning o’zi qolmagan. “Sport bilan shug’ullanganim jismonan
va Navoiy hamda Mashrabni yoddan bilganim ma’nan meni qutqazdi” degan edi u.
Qiynoqlardan har kuni husidan ketib, hushiga qaytgan.
Biz Samarqandda
“Nazir Rajabovni ozod qilish va o’z ish joyiga tiklash qo’mitasini” tuzdik.
Islom Karimov
kelib, uni rosa maqtadi, birga oqiganligi va vatanparvarligini,
millatparvarligini, haqiqatni himoya qiluvchi insonligini aytib, “Mana qamoqdan
chiqdi, Moskvadan oqlangani haqidagi qog’ozni olib kelishi bilan joyiga
tiklaymiz” deya Samarqandda “birinchi”likka Po’lat Abdurahmonovni
tayinladi. Nazir aka to’qqiz oy deganda oqlandi. Ammo Karimov
so’zida turmadi. Mirsaidov va Jo’rabekovni Samarqanga qayta-qayta yuborib,
Nazir aka haqida uni yomon otliq qiladigan targ’ibot yurg’izdi va o’zi kelib
yana Abdurahmonovni qayta tayinlab ketdi.
Nazir aka
Karimovning qarshiliklariga qaramasdan 1990 yilda O’zbekiston xalq deputati
etib saylandi. Ammo Karimov unga nisbatan og’ir zug’umni bir kun ham
to’xtatmadi. Uni hatto Buxoroda o’zi ilk bor ishlagan qurilish tashkilotida ham
ishlashga qo’ymadi.
Keyin uning
Moskvaga ketib qolgani haqida eshittim va bu tashkilotchi hamda adolatsevar
odamning bundan so’nggi taqdiri haqida boshqa ma’lumotga ega emasman.
Omon Matchon
26 Fevral, 2005 yil
SAVOL: Omon Matchon haqida bilasizmi? Yaqinda
uning quvg’inga uchraganini eshittim,
shu rostmi? (Yorqin).
JAVOB: Omon Matchon… men o’zini va ijodini hurmat
qilgan, ajoyib, betakror shoir.
Sovet davrida
uncha-buncga gapni asarlari orqali ayta olgan ikki adib bo’lsa, biri Evril
Turon va ikkinchisi Omon Matchon deb bilaman.
1970 yillarning
boshida bir kuni talabalar shaharchasidagi madaniyat saroyiga borsam, yosh
shoir Omon Matchon bilan uchrasuv bo’layotgan ekan. Uning she’r o’qishi o’ziga
xos va jozibali edi. Meni qoyil qoldirgan yana bir narsa u ikki soat davomida
to’xtamasdan sh’erlarini yoddan aytib berdi. Har bir she’rdan keyin xuddi bu
sohildan u sohilga o’tgan kabi qo’lini bir aylantirib olardi-da davom
etaverardi. Oxirida esa bir dostonini yoddan aytib berdi.
Uning she’rlari
chuqur falsafiy, ayni paytda xalq dardini tashigan og’ir va hazin edi.
Keyinchalik tanishdk, uyida ham bo’lganman. Inson sifatida ham juda kamtar va
ko’ngli ochiq odam.
-Negadir ichkilik menga yoqmayapti, allergiya
qilayapti, ichsam yuzim qizarib, bir narsalar toshmoqda,-derdiyu piyolani
ko’tarib yuborardi.
1990 yillar boshida bir kun televizorda
paxtakorlarga bag’ishlangan dasturda chiqib gapirdi. Uning “Paxta bu siyosiy
qurol” degan gapi Karimovga yoqib qolibdi, u hamma joyda shu gapni takrorlab
yurdi va Omon Matchonni saroyga ishga oldi. U saroy uchun begona odam edi.
Qachon ko’rmayin boshini quyi solgancha, xayolga botib, kabinetiga xuddi begona
ayolga qaraganday savolomuz tikilib o’tirgan bo’lardi. Har holda bir yangi
sh’er haqida o’ylayotgan bo’lardi.
Gapirishda
xorazmcha shevani juda chiroyli qilib ishlatishi va rahbarlarga har kuni
“paxta” qo’yib turishni bilmasligi, turli o’yinlarning ichiga kirib keta
olmasligi, she’rlariga baribir dardni singdirishi uni saroyga begona tutardi.
Haqiqiy
ma’nodagi shoir kimlarningdir ko’ngliga qarab gap to’qimaydi, dilida borini
aytadi, bu esa kimgadir yoqishi yoki kimgadir yoqmasligi mumkin, uning uchun
farqi yo’q.
Shu bois Omon
Matchonning ba’zi gaplari Karimovga va boshqalarga yoqqan, ba’zilari esa
yoqmagan bo’lishi turgan gap. Yoqqanida siylab, yoqmaganida quvg’in qilish esa
zulmdorlarga xos. Umri goho shodlikda, goho quvg’inda o’tish esa shoirning
qismati.
Ha, bugun Omon
Matchonga ola ko’z bilan qaralayotgan kunlar… Bu unga qaysidir ma’noda yomon va
qaysi bir ma’noda yaxshi. Chunki dardli she’rlar, dardli kunlarda tug’iladi,
deydilar. Yaqin orada uning xalq dardini yelkasiga yuklagan yangi asarlarini
yana o’qib yoki yana eshitib qolsak, ajabmas?!
Nima degandim?
28 Fevral, 2005 yil
SAVOL: “Ozodlik” radiosining bugungi, men doim
eshitib boradigan “Qurultoy” dasturida jurnalist Ismat Xushev “Jahongir Mamatovga o’xshab vaqtida bu
odamning (Islom Karimovning) yuziga kimligini aytib, mamlakatni tark eta
olmadik. Buning uchun ham odam juda kuchli, irodali, jasoratli bo’lishi kerak
ekan, nazarimda” dedi. Nima deb ketganingiz haqida ma’lumot berishingiz
mumkinmi? (Odil).
JAVOB: Tabiiyki, Islom Karimovning
zolim ekanligini uning ko’ziga tik qarab aytish oson emas edi. Buni Shovruq
Ro’zimurodov, Toyiba To’laganova, Murod Jo’raev, Samandar Qo’qonov, Meli
Qobulov, Shuhrat Nusratov kabi deputatlar aytishga o’zlarida jasorat topa
olgandilar. Lekin ularning aksariyatini mudhish kunlar, quvg’in, qatl, qamoq
qarshiladi.
Endi mening
nima deganimga kelsak, buning uchun “IAK” hujjatli romani bilan
tanishib chiqsangiz, har holda savolingizga javob topishingiz mumkin.
Shuningdek, “QUVG’IN” romanida ham bu haqda batafsil to’xtalingan.
Avropadagi
O’zbekistonlik O’zbekka
28 Fevral, 2005 yil
SAVOLLAR VA JAVOBLAR: O'tgan safargi savolimga kichik bir o'zgartish
kiritmoqchiman, u erda “Yevropalik O'zbek” deyilgan, aslida men Yevropalik
O'zbek emas, O'zbekistonlik O'zbekman va hozirda Yevropadaman, xullas:
BIRINCHI SAVOL:
-Men ilgari bir
savolimda chet ellik Investorlar haqida qisqa gap ochgan edim va berilgan
javobdan qoniqmadim, balki savol umumiy bo’lganligi uchun qisqagina umumiy
javob berilgandir. Shu uchun yana shu masalaga qaytaman. Hammani esida bo'lsa
kerak, mustaqillikdan keyin 1992-94 yillarda O'zbekistonda chet el Firmalarini
har bir shaharda topish mumkin edi, jumladan Samarqandning o'zida bir
nechta Germaniya firmalari ochilib ish boshlagan edi.
Siz yuqori
davralarga ko'p aralashgansiz va balki shular haqida aniq ma'limotlar bilarsiz:
-chet el Investorlarini
O'zbekistonga taklif qilish qay tarzda amalga oshiriladi va ularga qanaqangi
shartlar qo'yiladi?
-keyingi paytlarda chet el Investorlarining
o'lkamizga kirishdan cho'chib qolganliklarini sababi nimada?
-aksariyat chet
el Firmalari nima uchun O'zbekistonni tark etishga majbur bo'lishdi?
-o'lkamizda arzon
ish kuchidan foydalanib yuqori sifatli mahsulot chiqara olgan firmalar uchun
o'z mahsulotlarini chet elga O'zbekistondan turib export qilish qulay emasmi?
-balki mahsulotni
ishlab chiqarish arzonga tushgani bilan, uni boshqa davlatlarga, masalan
Yevropa va Amerikaga olib borib, sotish qimmatga tushayotgandir, shu uchun
Islom Karimov kuyib-pishib dengizga chiqishimiz kerak deb jar solar?
JAVOB: Bitta
savolingizning ichida yana bir qancha savol bor va har biriga javob berish
uchun kamida bittadan kitob yozishga to’g’ri keladi. Lekin savollaringiz
favqulodda muhim bo’lgani bois muxtasar tarzda bo’lsada javob berishga harakat
qilaman.
O’zbekistonda chetdan erkin investitsiya kelishi uchun hech qachon
qulay sharoit bo’lmagan. Agar shunday sharoit bo’lganda vaziyat bugungidek
ayanchli nuqtaga yetib kelmas edi.
Ha, endi 1990 yillarning boshida chet ellik shirkatlar ko’p edi-ku,
degan gapga kelsak, bunday vaqtinchalik ”mehmon”lar hozir ham kelib-ketib
yuribdilar.
Yaqinda bir tanishim “Turkmanboshini yomonlar edingiz, mana uning
“Ruhnoma”sini Olmon tiliga ham tarjima qilishibdi” deb qoldi. Demak, qaysi bir
shirkatlar Turkmanistonga borib, qandaydir ish qilishmoqchi. Kitob esa
diktatorning sandig’iga “kalit”. Ammo bu vaqtinchalik ekanini ko’p biznesmenlar
tushunmaydilar yoki kech tushunadilar. Balki tushunsalar ham “Ishimni bitirib,
eshagimni loydan chiqarib, keyin ketaman” deydilar. Vaholanki, diktatorlarning
xotirasi unutuvchan, ayniqisa, “hadyalar” masalasida.
Men Istanbulda “Turkiya” gazetasida ishlaganimda (1994-1998)
“Nurchilar” deb tanilgan va Fathulloh Gulan guruhining bir vakili, yozuvchi
Yovuz Qilich bizning gazetaga ham maqola yozar edi. U deyarli har kuni Karimovni
maqtab yoza boshladi. Men u bilan uchrashib, bu qilayotgan ishi xatoligini va
Turkiya jamoatchiligini chalg’itayotganini, dindor birodari qamalganiga ko’z
yumib, Karimovga qulluq qilayotganini aytdim. U esa:
-Sizlar yosh va qiziqqonsizlar,-dedi.-Biz O’zbekistonda litseylar
ochmoqdamiz. Bu esa yoshlar nafaqat ingliz tilini o’rganishlari, balki umumiy
tilimiz bo’lgan turk tilini keng yoyish, o’rta turk tilini yaratish va
O’zbekistonni yuksaltirish uchun xizmat qiladi. Karimov esa tentak. Uni
bir-ikki maqtov bilan aldash mumkin ekan, ulug’ maqsad yo’lida bunday “gunoh’
qilish kechirilishi haqida hadislar ham bor..,-deb ancha vaaz o’qidi.
Men unga:
-Bu vaqtinchalik va bir kuni diktatorga bir narsa yoqmay qolsa, qurgan
qo’rg’oningizni yer bilan yakson qiladi,-dedim.
-Karimov ketadi, lekin bizning ishimiz qoladi,-deya u va televizorda ham Karimov haqida hujjatli
filmlar namoyish etdi.
Ammo bir necha yildan keyin men aytgan narsa bo’ldi va Yovuz Qilich
hozir Karimovni yomonlab yozib yuribdi.
Karimovni hadyalar, maqtovlar, doktorlik unvonlari bilan aldab biznes
boshlaganlarning ko’plari ketib qolib, yangilari kelmoqda. Bundan xalq
yutayotgani yo’q, balki yutqazmoqda. Xuddi yopib tashlangan Turk litseylaridagi
o’quvchilarning aksariyati ikki yo’l orasida qolganlari kabi.
O’zbekiston xalqaro biznes uchun katta imkoniyatlarga ega bo’lgan joy.
Lekin o’z xalqining qo’shni mamlakatlarga borib-kelib, biznes qilishini cheklab
qo’ygan rejim chetdan kelayotganlar uchun qanday kafolat berishi mumkin?
Xullas, bu yerda Karimov uchun ikkita “jiddiy” masala mavjud.
Birinchisi, “Xalq menga qaram bo’lishi kerak, qorni to’ysa quloq
solmay qo’yadi”, deb o’zi yaratgan “falsafa”ga juda va juda ishonadi.
Ikkinchisi esa, “Chetdan kelayotganlar xalqqa ta’sir qilishlari mumkin
va rejim xavf ostida qoladi”, degan fikrga ega.
Ana shu ikki illatdan qutulmaguncha, O’zbekistonda hech narsa
o’zgarmaydi. Bunga o’tgan 15 yil hujjatdir!
Dengizga chiqaylik, biznesga sharoit qilaylik kabi chaqiriq-baqiriqlar
15 yildan beri aytiladi 1996 yilda Qozog’iston dengizga chiqish uchun port
qurishga rozilik berganda, Karimov buni senga qaram bo’lib qolaman-mi, deganday
qabul qilmagandi. Shundan beri dengizga Eron orqali chiqish haqida gapirib
kelmoqda. Qozog’istonga ishonmagan qo’rqoq diktator tahlika bo’rtib turgan
Eronga ishonarmidi?
Xullas, o’zidan boshqa narsani o’ylamaydigan Karimov rejimi
o’zgarmasa, O’zbekistonda hech narsa o’zgarmaydi. Bukrini go’r tuzatadi, deb
bekorga aytmaganlar. O’zbekiston bugun O’rta Osiyodagi eng qoloq mamlakatga
aylandi. Yaqin orada hatto Afg’oniston
rivojlanib ketadi. Agar rejim o’zgarmasa O’zbekiston iqtisodiy qorong’u
o’lka sifatida qolaverishi turgan gap.
IKKINCHI SAVOL:
-Siz Samarqandliksiz va albatta hamshaharlaringizni
yaqindan bilsangiz kerak. Samarqand Davlat Chet Tillar Instituti Rektori Yusuf
Abdullaevning Moskvadan elchilikdan qaytib kelish sabablarini aniq bilasizmi?
Uning o'z atrofiga tanish-bilishlarini yiqqanligi to’g'risidagi gap-suzlar
qanchalik haqiqatga yaqin. Abdullaevning Rektorlikdan chetlatilishi va Koreaga
qochib ketishi haqida nimalarni bilasiz?
JAVOB: Yusuf Ne’matovich
Abdullayevni juda yaqindan bo’lmasa ham, tanir edim. U haqda ilgari bir narsa
yozgan ham edim. Shu narsa aniq-ki u Karimovga astoydil xizmat qildi, ayniqsa,
O’zbekistonning Moskvadagi vakili bo’lgan paytda. U Karimov “topgan” va
Karimovning o’zi “yo’qotgan” diktatura mashinasining minglab “gayka”laridan
biri edi. Shu bois uning shaxsi va keyingi taqdiriga qiziqqanim yo’q. Bunga
ehtiyoj ham bo’lmagandi.
UCHINCHI SAVOL:
-Shu saytga kiradigan insonlar hammasi ancha keng
fikrlaydigan insonlar ko'rinadi, shu insonlarning hammasi, shular jumlasidan
Jahongir Muhammad ham, kelajakda vatanga qaytish va xalqqa chin dildan xizmat
qilish niyatlari bormi?
JAVOB: Bu haqda “Zehniyat jumbog’i” va “Oqsaroy sirlari” kitoblarida batafsil javoblar
mavjud. Shu bois mavzuga yana va yana qaytmaganim uchun uzr.
TO’RTINCHI SAVOL:
-Jahongir aka, agar siz kelajakda vatanga qaytadigan
bo’lsangiz, xoxlaysizmi yo’qmi bu saytda ismlari tilga olingan juda ko'plab
insonlar bilan birga ishlashingizga to'g'ri keladi. “O'zbekchilik” degan gap
bor, shu insonlarga “Hammalaringni oshkora tanqid qilishga majbur edim, endi
uzr” deysizmi yoki “G'arbdagi singari “Bu demokratiya, hammasi bo’lgan
gaplar, bundan o’zimni noqulay his qilishga hecham o'rin yo'q” degan
bo’larmidingiz?
JAVOB: Ikkinchi yo’lni tanlagan
bo’lardim. Umuman esa, menda bir odamni tanqid qildingmi u bilan bir umrga
dushman bo’lib qolish, degan illatga qarshi tuyg’u bor. Masalan, Karimovni 15
yildan beri tanqid qilib kelayapman, lekin uni maqtashim ham mumkin. Yaqinda
Nazarboyev “Markaziy Osiyo ittifoqini tuzaylik” degan bir gapni aytdi. Karimov tomoni
o’ylab ko’rish kerak, dedi. Agar Karimov darhol bayroqni qo’lga olib,
prezidentlarni Toshkentga chaqirsa va erkin bordi-keldi, pul va armiya birligi
kabi masalalarda qaror qabul qilishda, amaliy odim otishda (Masalan, o’zi borib
chegaradagi sim-to’rlarni kesib tashlashni boshlatsa-JM) tashabbuskorlik qilsa,
men uni maqtagan bo’lardim, hatto 15 yildan keyin bo’lsada aqli joyiga tushdi,
deya “offarin” degan bo’lardim unga.
Yoki Zokir
Almatov ertaga chiqib, “Jonimga tegdi, bugunga qadar Karimovning buyruqlarini
bajaraverib tirnoqlarimga qadar qonga botdim, mana o’z ixtiyorim bilan barcha
siyosiy mahbuslarni chiqarib yubordim, bechora xalqni qiynayverib, o’zim ham
qiynalib ketdim, bundan keyin bu odamning aytganlarini qilmayman, ayblarim
uchun adolat oldida javob berishga tayyorman” desa, “Offarin o’g’il bola
ekansiz-ku!” deya uni ham maqtashim mumkin.
Xuddi shunday
Inoyatov ham ertaga Karimov o’lgandan keyin emas, hozir chiqib uning
basharasini ochib tashlasa va o’z qunohlariga iqror bo’lsa, uning sha’niga ham
iliq gaplar aytishim mumkin.
Yoki Muhammad
Solih chiqib, bugunga qadar O’zbek muxolifati oyoq osti bo’lib ketishida,
Karimov mansabda qolishida mening ham katta ayblarim bor, birlashish yo’lini
emas, tarqoqlik yo’lini tanladim, oxir oqibatda partiyani parchalab yuborib,
yo’q partiyaga “lider” bo’lib o’tiribman, Karimovga o’xshab maqomim muddatini
uzaytirishning turli yo’llarini qidirib, vaqtni behudaga o’tkazib yubordim,
o’zimni targ’ib qilishdan boshqa narsani o’ylamadim, desa, unga ham “Qoyil
qoldim” degan bo’lardim va hokazo.
Bu bilan
demoqchiman-ki, bir odamning har qancha yomon tomonlari bo’lishi bilan birga,
uning yaxshi tomonlari ham o’rtaga chiqqanda uni ko’ra olish kerak. Ayni paytda
har qanday yaxshi odamning ham yomon tomonlari ko’ringanda undan ham ko’z
yummasllik shart. Bu men uchun hayotiy qoida. Buni kimdir meni yoqtirishi va
yoki yoqtirmasligi, “o’zbekchilik” yoki “qozoqchilik”… uchun emas balki,
shunday qilish kerak, deb hisoblaganim uchun qilaman.
Jinoyat va jazo
1 Mart, 2005 yil
SAVOL:"Poraxo'rlikni Ozbeksitonda juda ham
ildiz otgani va bu jamiyatni isloh qilishda qanday yo’l tutish mumkin"
degan savolga "demoktratiya yo’li bilan" degan ma'nodagi javobni
qilgan edingiz...Mening savolim shuki, kuch ishlatish salohiyatiga ega bo’lgan
tashkilotlar o’zbek xalqining hozirgi kundagi ikkinchi bir katta
muammosi, musibati...
Bu tashkilotlar o’g'rilar bilan til biriktirib oddiy
dehqonlarni bozorda talashdan tortib, ko’chada ketayotgan oddiy ayol-qizlarni
o’g'irlab, zo’rlashgacha bo’lgan har qanaqa jinoyatlardan tap tortmaydigan
bo’lib qolishdi...
Bu tashkilotlar ularga bunaqa sharoit yaratib bergan
Hukumatni o’zgarmasligi uchun iloji boricha harakat qilishsa kerak?
Mabodo o’zgargan taqdirda ham shuncha sonli
jinoyatchilarni qisqa vaqtda qanaqa qilib tartibga solish mumkin?
Ular o’zlarining parazitlarcha hayotini saqlab
qolish uchun yangi Hukumatga ham ancha qarshilik qilishsa kerak?
Vaqti-soati kelib, balki bu ishlarga bosh-qosh
bo’lganlar jazolanar, lekin bu Organlarda jinoyat qilish oddiy
xodimlargacha odat bo’lib qolayapti... Jazo xuddi shu oddiy xodimlarga ham
beriladimi?? (Polvon, 2005, 1 Mart).
JAVOB: Bilasizmi, tabiatda, umuman borliqda tozalash,
tozalanish qonuniyati mavjud. Dengiz va ummon vaqti-vaqti bilan axlatlarni
sohilga olib chiqib tashlaydi. Xuddi shunday hayvonlarda ham mavjud bu narsa.
Odam ham vujudidagi axlatni vaqti-vaqti bilan chiqarib tashlaydi va bu uning ixtiyoridan
tashqarida, istasa ham, istamasa ham chiqarib tashlaydi, bu umumiy qonuniyat.
Ana shu
qonuniyat jamiyatda ham mavjud. Dinlarning kelish paytlarini o’rgansangiz yoki
rejimlarning o’zgarish davrlari bunga bir misol. Jamiyat ma’lum bir nuqtaga
qadar chidaydi va so’ngra axlatini chiqarib tashlashga majbur bo’ladi.
Bugun
O’zbekistondagi jamiyatning ham qorni buramoqda. Ammo Karimov rejimi uni
chidashga majburlamoqda. Lekin bu ma’lum bir muddatga mumkin. Keyin yo o’zi
yugurib qoladi, yoki ahvoli bad bo’ladi, yoki chetdan yordamga muhtoj qoladi va
hokazo.
Ana shundan keyin
yangi bir davr boshlanadi. Bu esa qoidalarga rioya qilish davri. Nima uchun
bunday vaziyatga tushib qolingani, qaysi ovqatlar zarar qilgani va normal hayot
uchun qaysi taomlarning foydasi haqida o’ylanganidek, jamiyatda ham qonunlar
hukmronligi, hammaning qonunlar oldida barobarligi kabi qadriyatlar ustivor
bo’ladi.
Jazo berilishi
kerak bo’lganda esa, jinoyat qilgan odamning, oddiy xodim bo’ladimi, prezident
bo’ladimi farqi qolmaydi. Agar bu odamlar jamiyatning axlatiga, chiqindisiga
aylangan bo’lsalar, jamiyatning o’zi ulardan qutuladi.
Boshqa yo’l
esa... Bugungi zamonaviy texnologiya axlatlarni o’g’it holida yoki tozalangan
suv tarzida foydali ishga yo’naltirayotgani kabi jamiyat turli yo’llar topishi
mumkin. Buning uchun yana ilgarigi javobimga qaytaman, oldin demokratiya tuzumi
yaratilishi, hokimiyat xalqning qo’liga o’tishi va boshqaruv bevosita xalq
tomonidan amalga oshirilishi kerak. O’shanda jamiyatning “qorni og’rib”
qolganda uning yo’lini to’sib turgan “devor”lar bo’lmaydi.
Yaxshi gap yo’qmi?
2 Mart, 2005 yil
SAVOL:
Sahifangizdagi savol-javob bo`limini
deyarli har kuni o`qib boraman. Lekin shu kungacha President Islom Karimov
haqida biror bir yaxshi tarafini yoki yaxshilab yozgan sifatlarini uchratmadim
Nahotki u odamda biror bir yaxshi sifatar bo`lmasa? Agar bo`lsa, ular qaysilar? Oldindan katta
rahmat.(Nodirbek)
JAVOB: Istagan O’zbek
matbuoti va kitoblarini qo’lga olsangiz, Karimov haqida maqtovdan boshqa narsa
topa olmaysiz. Hamma uning "yaxshi sifatlari"dan gapiradi. Shunday
ekan taqqoslaganda bizniki ummon oldida qatradir.
“Har
kuni o’qib boraman” degan gapingizga uncha qo’shilmayman. Chunki ilgari ham
xuddi shunday savolga javob qilgandim.
Endi
mening ham sizga bir necha savolim bor, Nodirbek!
Siz
balki mening ham o’sha maddohlar safiga qo’shilishimni istamoqdamisiz?
Bugunga
qadar maqtovlar bilan to’la matbuotdan, yozuvlardan bezmadingizmi?
Agar
chetda bo’lsangiz, o’sha maqtov-yozuvlarga o’rganib qolib, endi
qo’msamoqdamisiz?
Shaytonning
qanday yaxshi sifatlari bo’ladi?
Bu
og’ir tuyulgan, ammo oddiygina savollarga javob bersangiz oldindan katta
rahmat.