Jahongir.Org
JAHONGIR
MUHAMMAD
DEVON
WASHINGTON-2002
yil
OTASH QALB UCHQUNLARI
(O’ng so’z)
Xaq so’z-istibdoddan kuchli.
Ayniqsa, shoirning, ijodkorning haq so’zi.
Bu yerda "ijodkorning haq so’zi" ifodasining ta’kidlanishi tasodifiy emas. Zero boshqa yurtlarda, boshqa zamonlarda bo’lgani kabi, O’zbekistonda bugungi kunlarda ham shoirlar, to’g’rirog’i, shoirlik da’vosini qilguvchilar, ijodkor yoki ijodkorlik da’vosini qilguvchilar ko’p. Ular bolshevizm davri ifodasi bilan aytadigan bo’lsak, " so’z ustalari" dirlar.Shu xolos.
"So’s ustasi"- ijodkor yoki to’gri ma’nodagi shoir ma’nosini bermaydi.Ular so’zlarni chiroyli, o’rni-o’rniga qo’yib, tizabiladilar, ohangdorlik berabiladilar. Ammo barcha tizmalarida na haqiqat, na dard, na qalb o’rtanishlari, na iymon, na insoniyatga xos boshqa tuyg’ular o’z ifodasini topgan bo’ladi. Faqat so’zga ustaliklarini ishlatib haqiqatga, adolatga, xalq va Vatan manfaatlariga, g’ayriinsoniy kuchlarga, diktatura va dikatorga xizmat qiladilar. Shu yo’l bilan o’tkinchi dunyoda moddiy manfaat izlaydilar. Bu –bugungi kunda ko’rinib turgan haqiqat. Isbot talab qilmaydi yoki isbot istovchilar uchun bugungi o’zbek adabiyoti jarayoniga bir nazar tashlashning o’zi kifoya qiladi.
Ijodkorning, shoirning haq so’zi istibdoddan kuchli deganda, bunda "so’z ustalari"ni emas, haqiqiy ijodkor va haqiqiy shoirlarni nazarda tutib aytildi. Haqiqiy ijodkor va shoirlar hamma zamonlar va hamma yurtlarda ham ko’p bo’lmagan, ayniqsa O’zbekiston uchun eng og’ir sanalgan bugungi kunlarda-barmoq bilan sanagulik.
Istibdod kuchaygan barcha yurtlarda va barcha davrlarda iymonidan ayrilishni istamagan ijodkorlar, shoirlar tazyiqqa, ta’qibga uchraganlar. Nasimiy kabi terilari shilingan, Mashrab kabi dorga osilgan yoki quvg’in qilinganlar. So’nggi nafaslariga qadar haq so’zni aytishdan, istibdodga, adolatsizlikka qarshi qalb otashlarini o’q qilib otishdan, kurashishdan qaytmaganlar.
Ma’lumki, ruslar bolshevizim istibdodi sababli, avropaliklar fashizm- hitlerizm istibdodi sababli paydo bo’lgan o’z muhojirat adabiyotlari bilan g’ururlanadilar. Bu g’urur- o’rinli ekanini Ivan Bunin, Vladimir Nabokov, Marina Tsvetayeva, Merejkovskiy, Gippiuslar-20 asr rus adabiyotining o’zagi bo’lib qolganlari, Tomas Man, Bartold Brext, Nelli Saks, Paul Selan, Silviya Platt ijodlari faqat nemis adabiyotidagina emas, balki butun Avro’po adabiyotida asosiy yo’naltiruvchi kuch bolib kelayotganida ko’rish mumkin. Ular- bolshevizm va hitlerism istibdodiga qarshi turdilar, ijod erkinligini himoya qildilar, tazyiqqa, ta’qibga uchradilar, lekin istibdod ularning ovozlarini o’chirolmadi. Ko’rinib turibdiki, istibdod ijodkor va shoirlarni inson sifatida azoblashi, taszyiq va ta’qib ostiga olishi, quvg’inga solihsi, begona yurtlardan boshpana izlashga majbur qilishi mumkin, lekin ovozini so’ndirishga kuchi yetmaydi. Zero ijodkor va shoirning haq so’zi-har qanday istibdoddan, istibdod manbalari bo’lmish johil, davlat tepasiga tasodifan kelib qolgan o’tkinchi t "bosh"chilaridan kuchliroqdir.
Afsuski, o’zbek muhojirat adabiyoti haqida hozirga qadar ma’lumotimiz kam. Turkiyada, Amerikda yashagan vayashayotgan bir necha ijodkorlarni, shoirlarni, xususan, Turk dunyosining muhtaram donishi Boymirza Hayit ijodlari, hayotiy faoliyatlari bilan qisman tanishmiz, xolos. Albatta, bu o’zbek muhojirat adabiyoti ko’zga ko’rinarli bo’lmadi, degani emas. Ayb-o’zimizda. Ko’zlarimiz ojizlik qildi, bilolmadik, qalbimiz ojizlik qildi, his qilolmadik. Buning ustiga ustak-O’zbekistonda istibdod yanada avjiga chiqdi. Borni yo’q dek qildi... Ko’zlarimiz ojizligini oshirdi. Ijodkorlar, shoirlar ovozini yanada kuchliroq johillik bilan bo’g’ishga, o’chirishga urinish boshlandi. Lekin bu borada istibdod yana adashdi, mag’lubiyatga uchradi, adolattalab, haqtalab shoirlar ovozini so’ndirolmadi, bo’g’olmadi. Bu ovoz - bo’g’ishga uringanlari sari kuchliroq yangray boshladi. Muhojirat adabiyotining ya’ni, kuchli, ohangdor oqimlari paydo bo’ldi.
Yuqirorida rus va avro’pa muhojirat adabiyoti namoyondalarining bir qismini eslab o’tdik. Hoizrgi kunda ular o’z yurtlari g’ururiga aylanib qolganlari esalatildi, ularning har bir bir o’z o’rinlariga, o’z yo’llariga ega.O’zbek shoiri, yozuvchisi Jahongir Muhammadning ham anshunday o’z o’rni bor.
Shu yergacha ijodkor va shoir atamasini alohida-alohida ishlatdik. Gap
Jahongir Muhammadga kelganda har ikki atama bir butunlik kasb etadi,
mujassamlanadi.
Zero u shoir, u–ijodkor, yozuvchi, munaqqid, jurnalist, siyosatchi...
Sermahsulligi, mehnatkashligi bir bora, har bir so’zni teran his
qilishi, yonib aytishi, hazin-hazin, dardli ovozi bir bora... ayniqsa
samimiyati bilan kuchli.
"Shahidlar mozori" asari o’zbek adabiyotida janr sifatida
ham, mazmun va badiiyati bilan ham yangi bir sado sifatida paydo bo’ldgan edi.
Ketma-ket yuzaga kelgan romanlari esa navbatdagi ko’tarilish pog’onalari
bo’ldi.
Xalq saylagan deputat, haqparvar siyosatchi, xalqparvar ijodkor,
samimiy adolattalab, kurashchan ovoz...
Jahongir Muhammadning ko’p she’rlari radio to’lqinlari hamda qisman
"Harakat" jurnali sahifalari orqali ko’pchilik she’r muxlislariga
yetib bordi, sevib o’qildi, yod olindi. O’zbeklar she’rxon xalq emasmi, qo’lba
–qo’l bo’ldi.
Uning so’nggi paytlarda yozgan eng nafis, dardli sh’erlarini bir
jildga yig’ib, kitob qilishi-yangi bir quvonchli voqea.
Kitobga "Samarqandni sog’inib..." nomini beribdi.
Samarqand-Vatan. O’zbeklar uchun qadimiy Vatan ramzi.
Shoir qalbi esa Vatan, Vatan ramzi, ona yurt dardi, jafokash ona xalq
dardi bilan bog’liq. Shu dard bilan yonadi, o’rtanadi, unga adolat istaydi va
adolat uchun kurashga chorlaydi.
O'zbegim, deb yig'ladim,
Senga topinar ekan.
O'zbegim, deb yig'ladim,
Boshim chopilar ekan.
O'zligim deb hayqirdim,
Dovul, bo'ron essa ham.
O'zligim deb hayqirdim,
Qilich boshni kessa ham.
Yig’i va hayqiriq. Sirtdan qaraganda bir-biriga ziddek ko’rinadigan
tushunchalar. Lekin shoir ifodasida ko’zida iztirob yoshlari bilan kurashga
otlangan inson timsolining kuchli hayqirig’i mujasamlanadi. Jonli ramz.
" Boshim chopilar ekan" satrini ham shoir hayot yo’li bilan
tanish bo’lmaganlar "shoirona mubolag’a" deya qabil qilishlari
mumkin. Lekin taniganlar bu satrlar mubolag’a emas, bir necha bor ro’y bergan
haqiqat ekanini, yurtimizdagi istibdod kuchlari ko’p bora uning boshida qilich
o’ynatganlarini, shunda ham uning mag’rur boshini egishga, o’tli ovozini
bo’g’ishga erisha olmaganlarini biladilar.
Shorning umri shunday:
Sog’inch sarg’ayib xazon to’kadi,
Sog’inch-umrginam,
Xazon-kunlarim.
Og’och bukchayib soya to’shaydi,
Og’och-vujudginam,
Soya-tunlarim.
Badiiy o’xshatmalar orqali chizilgan hayot manzarasi. Bukchaygan og’och vujud- o’zbek vujudi, istibdod zulmi sabab Vatandan yiroq, sog’inch to’la umr....
U:
Osmon-onaginam,
Osmon-Vatanim!
der ekan, har so’z ohangida anashu umid kurtaklarining shiviri
qalbimizga quyilib kelaveradi.
Shoirning qator she’rlarida ona yurtining o’tmishi va bugungi fojiali
ahvolining manzarasi uyg’unlashtirilgan va shu orqali falsafiy yechim topgan.
Qayda bugun Turkistonni allalagan nasmlar,
Amu daryo mavjlarida qotib qolgan rasmlar...
yoki:
Bu ne millat Turoni bir,
Turkistoni to’rttadir...
misralarida yurt boshiga tushayotgan halokatli voqelar zamiriga razm
solingan bo’lsa:
Aybi aniq do’stini ham dushmanini tanimas,
O’ziga bek, o’ziga xon, yeru-yakson –
bittadir...
deya bu baxtsizlikning ildizlarini bilishga va bildirishga jazm
qiladi.
Kitobda ko’plab lirik kechinmali she’rlar ham o’rin olganki, bu umuiy
sh’eriy manzara ta’sirchanligini yanada oshiradi, o’quvchini, kitobxonni shoir
bilan barobar yondiradi.
Zero Jahongir Muhammad-otashqalb shoir.
Yonib yondiradi, kuyib kuydiradi.
"Samarqandni sog’inib"dagi she’rlar esa uning otash qalbidan
sachragan uchqunlardir.
YODGOR OBID.
O’ZLIGIM
O'ZLIGIM
O'zbegim, deb yig'ladim,
Senga topinar ekan.
O'zbegim, deb yig'ladim,
Boshim chopilar ekan.
O'zligim deb hayqirdim,
Dovul, bo'ron essa ham.
O'zligim deb hayqirdim,
Qilich boshni kessa ham.
Oregon, 1998 yil.
O’ZBEK
U O’zbekdir,
O’z yurtida
Vatansiz u,Vatanidan ayrilgan,
Uchay desa ufqlarga, qanotlari qayrigan.
U O’zbekdir
Mansabdorni kurganida qaltiraydi tizzasi,
Kuchi yetar qardoshiga, hamsoyaga izzasi.
U O’zbekdir
Jahli chiqsa tog’ni talqon qilar haybat azmi bor,
Millatdoshi
qon yutsa ham elu yurtga bazmi bor.
U O’zbekdir
Dono asl- nasihatu maslahatning ustozi,
Ammo uni kerak bolsa boshqaradi bir tozi.
U O’zbekdir
Oti faqat o’ziga bek mag’rurlikning murodi,
Aslida u tahqirlangan elning bo’g’iq faryodi.
Vashington, 1999
yil.
TARKI VATAN
Tarki Vatan-san'atmas,
Yillar umringni yutar.
Tarki Vatan -jannatmas,
Do'zax qarshingda turar.
Tarki Vatan -zulmdir,
Tomiringdan qon oqar,.
Tarki Vatan -o'limdir,
Tobutinda jon
yoqar!
Oregon, 1998
yil.
OSMON VATANIM
Sog'inch
sarg'ayib xazon to'kadi,-
Sog'inch umrginam,
Xazon-kunlarim.
Og'och
bukchayib soya to'shaydi,-
Og'och
-vujudginam,-
Soya -
tunlarim.
Chaqmoq buralab
o'bdon so'kadi,-
Chaqmoq-otaginam,
Olovdir tanim.
Osmon
o'ksigancha ko'z yosh to'kadi,
Osmon onaginam,
Osmon-Vatanim!
Istanbul, 1994
yil.
QIZG’ALDOQZOR
Qizg’aldoqzor-
Yulduzlarim
so’nmagan dala.
Qizg’aldoqzor-
Ohlarimdan
yog’ilgan jala.
Qizg’aldoqzor-
Osmonimdan
yiqilgan shafaq.
Qizg’aldoqzor-
Nigohlarim
to’kilgan varaq.
Qizg’aldoqzor-
Lablarimni
yondirgan yonoq.
Qizg’aldoqzor-
Boynimdagi
aylana so’roq.
Qizg’aldoqzor-
Hislarimni
titratgan firoq.
Qizg’aldoqzor-
Tunlarimda
o’chmagan chiroq.
Qizg’aldoqzor-
Ko’zlarimning
tubida halak.
Qizg’aldoqzor-
Yurak qonim
sacragan falak.
Baku,1993 yil.
TUSHLARIMDA
Tushlarimda
uchib ketaman,
Nurning etagiga osilib.
Soyamni quvalab yetaman,
Oyoqlar ostida bosilib.
Tushlarimda uchib kelaman,
Sochlaringni tarab qo'ygali.
Kiprik kabi shahid bo'laman,
Jannat ko'zga qarab to'ygali.
Tushlarimda tush ko'rsam agar,
Sahar chog'i
o'lib qolaman.
So'ng o'zimni tobutdan arang,
Tongga o'rab tortib olaman.
Tushlarimda ot suraman, ot,
Zulfiqorni tutib qo'limda.
Uyqu bosgan dunyoni hayhot,
Tush ko'raman hatto o'ngimda.
Istanbul, 1994 yil.
XIYONATNING YARASI
Yomg'ir yog'ar g'o'r maysani o'ynatib,
Ko'kda chaqmoq qo'shiq avjini aytar,
Qirg'oqlarning qo'sh labini qonatib,
Sel keladi poyqadami xavf, xatar,
Sel yuvsa-da o'nar maysa sarasi,
Faqat…
Faqat, bitmas xiyonatning yarasi.
O'rmon kengish
yaxshisi bor, yomoni,
Sher izmini
berib ketdi tulkiga.
Dunyo ayqash
qayda rosti, yolg’oni,
Hayvongohda
sulton sabab kulkiga,
Sher qaytsa gar
qaytar o'tli na'rasi,
Faqat…
Faqat, bitmas
xiyonatning yarasi.
Yurtda shodlik
Navro'zoyning to'yidir,
Yel kelinchak
sochlarini o'radi,
Bir yigit bor
yigit boshi quyidir,
Yuragiga sevgi
sanchig' uradi.
Vaqt qilich,
olamlarning arrasi,
Faqat…
Faqat, bitmas
xiyonatning yarasi.
Do'st sanoqiz,
dardkashini izlarman,
Ishonganim
ishontirib sotadi,
Vatan dardin sarhadida bo'zlarman,
Yog'iy emas, do'stim poylab otadi.
O'q yulsa gar yodgorlikka qarasi,
Faqat…
Faqat, bitmas xiyonatning yarasi.
Baku, 1993 yil.
NOMOZ BOTIR
ga
Ona o'lsa beparvodir odamlar,
Ota o'lsa beparvodir odamlar,
Bola o'lsa beparvodir odamlar,
Ajal halqasida yurtim-nodirm,
Qayerdasan, Nomozginam, botirim?!
Zarafshonning bag'ri qora mayxundir,
Orolidan ayro tushgan Jayxundir,
Qoraqumda sarson-sarob Sayxundir,
Ichgan suvim zahar- zaqqum, qotilim,
Qayerdasan, Nomozginam, botirim?!
O'g'lonlarim oti boru ori yo'q,
Karvonlarim yuki boru nori yo'q,
Hofizlarim kuyi boru tori yo'q,
Zulfiqorim dami o'tmas-qodirim,
Qayerdasan, Nomozginam, botirim?!
Bo'zqurt uvlar Bobotog'ning go'rida,
Shanim kuydi Turkistoning zorida,
Boshim hamon Oq
poshshoning dorida,
Olov ichra yonar Vatan chodirim,
Qayerdasan, Nomozginam, botirim?!
Toshkent, 1993 yil.
MANIM VATANIM
Bir g'amim bor ming odamga og'irdir,
Ming odam bor bitta g'amga bog'irdir,
Bir Vatan bor yelkalari yag'irdir,
Bir Vatan bor vatanida sag'irdir,
Bu manim g'amim.
Bir azob bor sadoqatda yagona,
Bu azobdan minglar qochar har yona,
Bir Vatan bor azob chekar mardona,
Bir Vatan bor Vatanida begona-
Mening azobim.
Bir savol bor yurak hattida yotar,
Bu savoldan minglar xayolga botar,
Bir Vatan bor savol bo'ynidan tutar,
Bir Vatan bor Vatanida qon yutar-
Manim savolim.
Bir Vatan bor abadiyatga meros,
Vujudida zulm mulkiga qasos.
Bir Vatan bor nolasiga quloq os,
Bir Vatan bor Vatanida qayg'u, yos,
Manim Vatanim.
Istnabul, 1994 yil.
YOLG’IZLIK
Peshonamda tole daftari,
Varaqlayman, ko'zim ko'rmaydi.
Uchib ketgan orzu kaftari,
Nigohimni dorga o'raydi.
Sayroqi qush dilnavosida,
Yuragimning sasi ilingan.
Subhi kozib tong navosida,
Qorachig'im bag'ri tilingan.
Xayolimnig muattar gulin,
Kapalaklar chetlab o'tadi.
Umr degan bir qarich yo'lim,
G'am g'ussalar yamlab yutadi.
Yashiradi dunyo raftorin,
Yolg'izlikni kelaman boshlab.
Peshonamning ajin daftarin,
Tole shunda
ketadi tashlab.
Baku, 1993 yil.
VATAN MANSIZ, MAN VATANSIZ
Sarob suv nigohida mung jovdirar,
Ko'zlari yolg'nga to'lgan boladay.
Sog'inch tashnasini ko'z yosh qondirar,
Labim tilim-tilim, taroq loladay,
Sahroda
sargardon kezaman sansiz,
Vatan mansiz, man Vatansiz.
Maysa yaprog'ida shabnam yasarig',
Berahim ofutob xanjar sanchadi.
Erkimni istadim chumoli yanglig',
Yolg'izlik oyog'i ko'ksim yanchadi.
Ruhim ozod faqat-vujudsiz, tansiz,
Vatan mansiz, man Vatansiz.
Qayrag'och
joniga tortilsa arra,
Qay taraf shoxlari, qay taraf kunda.
Xirmon chosh, donman bir orzukash zarra,
Tegirmon toshi yo'q bu dahri dunda.
Xayol gujum
asli, asli tikansiz,
Vatan mansiz, man
Vatansiz.