Umrimning bir qismini “ikkinchi front”dagi kurash o’g’irlayotganidan afsusdaman.

Jahongir MAMATOV

 

 

 

Bir maktub va unga munosabatlar

 

 

Bu maktub 2002 yilning 19 Iyun kuni "Birlik" hamda "ERK" veb-sahifalariga yuborildi. Ular e’lon qilmadilar. Negaligini o’qib chiqsangiz bilib olasiz.

 

QABIHLIKNING

“TOPPONCHA”LARIGA

Yoki

 

"Birlik"dagi ig'volarga javob

 

  Bir necha kundan beri "Birlik"ning "Mehmonlar sahifasi"da yozilganlarni o'qib chiqishga vaqt topolmayotgan edim.

Mana, niyoyat o'qib chiqdim va ko'z oldimga bugun xorijda yashayotgan va o'zini Karimov rejimiga muxolif, deb bilayotgan, o'zbek xalqining taqdiriga mas'ulmiz, deb o'ylayotgan kishilar keldi va chin yurakdan achindim: Ham xalqimizga va hamda ularga.

Kimlarning yozgani ko'zgudagidek bilinib turibdi. Ba'zilarining bir nechtadan nevarasi bor, bazilarining esa bolalari bo'ylariga teng bo'lib qolgan va yoshlari ham allaqayerga yaqinlashgan. Nahotki bu odamlar--haqoratning botqog'iga botgan, begunoh odamlarni eng iflos gaplar bilan so'kishdan chekinmayotgan, insonning shaxsini, nomini ifloslikka qorishtirishga urinayotgan bu to'da O'zbek xalqini o'ylasa?! Madaniyatli tortishuv nimaligini bilmagan, bir-birining uslubini o'rganib, uning nomidan qilib yozgan va so'ngra o'zi javob bitib pastkashlik qiligan bu insonlar uchun o'zbek xalqi faqat niqob, vatan masalasi faqat bahona, demokratiya faqat o'yin. Buqalamun ularning oldida ip esholmaydi.

Lekin imzosiz yozganlar bu dunyodan ham imzosiz o'tib ketadilar.

Karimov va uning rejimi o'zbek xalqining boshiga ingan fojia, ammo "Mehmonlar sahifasida" "ERK" va "Birlik" nomidan "ish ko'rayotgan" bu so'kag'on to'dacha O'zbekistonda hukumat boshida bo'lmagani esa o'zbek xalqining baxti. Bu mening xulosam!

Endi kimliklarini hamma ko'rib turgan imzosiz yozuvchilar, fitnakor va ig'vogarlarga umumiy javobim shunday. Yaxshilab o'qib olishsin, chunki yana bir marta yozmayman. Bu mening siz haqingizdagi uzil-kesil fikrimdir. Bundan keyin qayerda yozsangiz ham o'z otingiz bilan va yoki elektron adresimga yozsangizgina javob olasiz. Bo'lmasa karvon o'tib ketaveradi, siz esa...

-Meni "poraxo'r" , deb yozdingiz va yozmoqdasiz. Nima emish, Men "Lenin yo'li" gazetasida ishlaganimda pora olgan emishman. Gap shundaki men gazetada jurnalsit bo'lib ishlab tanilganman va meni oddiy xalq millat vakili etib saylagan. Agar poraxo'r bo'lganimda menga qarashi zulm mashinasini ishlatgan va o'z yo'lidan yurganlarni o'z ro'yxatidan millat vakili qilgan kommunistik partiya meni bugun siz talayotgandan ham battaroq holda talab, qamoqlarda chiritgan bo'lardi. Chunki men unga qarshi, uning zulm mashinasiga qarshi bosh ko'targanman. Buni bugun O'zbekistonda Karimov zulmiga qarshi bosh ko'targanlar yaxshi anglaydilar. Men Turkiyaga va yoki Amerikaga dollarlar bilan, (yoki dollarlar uchun) kelgan emasman. Doim o'zimning qaro mehnatim bilan oyoqda turdim.

Juda qiziq, o'zbek xalqini o'marib, dollarlar bilan chetga chiqqanlar va bugunga qadar biror joyda ishlamasdan nimaning hisobiga kun ko'rayotganlari sir bo'lib qolayotganlar seni ayblasa bu - o'grining o'girlikdan boshqa yana bir ishi bor, u ham bo'lsa to'g’rining yoqasiga yopishmodir, degan maqolni eslatadi. Lekin ularga Tangrining jazosi bor, u fisqu fasodchilarni, o’g’riboshilarni, fitnachilarni - qo’tirlarni bizga bir shaklda ko’rsatadi, albatta.

Ular gap o’zlariga yetib kelganda mavzuni o’zgartirish uchun menining otimni yozmoqdalar va shu bilan ikki qushni urmoqdalar, go’yo. Birinchisi, uquvchilarni chalg’itish bo’lsa, ikkinchisi yuraklaridagi hasad olovini shu yo’l bilan o’chirmoqdalar.So’kishlardan o’zlari rohat qilganlaridek, yana bir ikki rohat qilguvchilarga ozuqa bermoqdalar.

-Mening nomimni masxara qildingiz. Bilib qo’ying, men Jahongirman, o'z so'zimning Jahongiriman, adolatga tashna insonlarning Jahongiriman, aqlimni tanigan kundan beri bechora xalq tarafidaman va bundan keyin ham uning Jahongiri bo'lib qolaveraman. Siz har qancha o'z kiringizni menga chaplashga urinmang hech narsaga erisha olmaysiz. Poklikning nomi poklik bo'lib qolaveradi. Buni Tangri nazorat qiladi va so'ngra har kimning vijdoni.

-Siz meni "donoschi", "Ig'vogar" debsiz. Men bugunga qadar birovning ortidan, sirtdan donoschilik qilgan emasman.

Men Islom Karimovning yuziga tik qarab O'zbekiston onasining mahriga tushmaganini ochiq aytganman.

Men Muhammad Solihning ko'ziga tik qarab, Karimovdan nafrat qilaman, lekin u sizdan yaxshiroq, xudoga shukurki siz prezident bo'lmabsiz, deganman.

Men Abdurahim Po'latning yuziga qarab, mag'lubiyatni tan oling, endi siz emas, yangi kuchlar o'rtaga chiqadi, xizmatingizni qilib bo'ldingiz, ularga yo'l oching, sizdan prezident chiqmaydi, deganman.

Liderlarning o'rni chetda emas, vatanda, lider bo'lib qolishni istasangiz vatanga qayting, deb ularga bundan 7-8 yil oldin aytganman.

Men bugunga qadar faqat Xudodan qo'rqdim va Tangriga bo'yin egdim. Bandalariga esa bo'yin egganim yo'q . Men erkinlik odamiman. Kim haqida yozmayin, ochiq ismimni qoy'ib yozganman va bundan keyin ham shunday bo'ladi.

Muhamad Solih va Abdurahim Po'lat haqida kitoblarimda butun bilganlarimni yozganman. Agar ular liderlikka da'vogar bo'lmaganlarida, balki yozmasdim. Da'vogarmi, demak xalq ular haqida hamma narsani bilishi kerak va bilganlar yozmasa bu xalqqa xiyonatdir! Men ig'vogarlik qilganim emas, buning otini ig’voralik demaydilar, buning oti mardlikdir. Nahotki, bilganlarini ochiq, o'z ismi bilan yozish ig'vogarlik... Unda qo'rqoqlarcha ismini yashirib yozish, haqorat qilishning nomi nima bo'lmasa?

Ularga gapim shu: Siz menimcha, hasadgo'ysiz, sizni hasadgo'ylik yondirmoqda, Jahongir Muhammad kabi bo'la olmaslik yondirmoqda. Ha, sher kabi tug'ilganlar sher kabi yashab, sher kabi o'ladilar. Ilon kabi tug'ilganlar... (Ilonning boshidan boshlanar dumi, shu sabab sudralib o'tadi umri) ilon kabi sudralib o'ladilar, degan o'zbekning bir aqlli shoiri.

-Siz meni ikki gap birda "Eroni" deb so'kasiz. Aslida bu so'kish emas. O'zbekistonda yashagan va “eroniy” deyilgan xalq asl turklardir.(Bu alohida mavzu) ERK sahifasida bir yil oldin Muhammad Solih haqida tanqidiy gaplar paydo bo'lganda buni "Eroniy Jahongir qilmoqda, o'zbek xalqining noni unga harom bo'lsin", deb bir hafta meni so'kdingiz. Keyin o'zingiz e'lon qildingiz-ki yozgan odam Angliyada o'qiydigan talaba ekan, uning adreslariga qadar yozdingiz. Siz shundan keyin ham uzr so'rashni o'zingizga ravo ko'rmadingiz va bugunga qadar meni so'kishda davom etmoqdasiz. Siz o'zingizni boshqa odam tanqid qilishini tasavvur qila olmaysiz. Yoki hamma tanqidlarni faqat bir kishi yozmoqda, deb menga to'nkash bilan o'zingizni oqlashga urinmoqdasiz. Shuni ochiq aytay, meni tojik ham deysizlar, eroniy ham deysizlar. Lekin men hammangizdan, ya'ni bo’htonlarni yozganlarning hammasidan ko'proq o'zbekman. Millat bu insonning qalbida va iymnonida. Millat bu insonning muhabbatida. Bolalarimning qoniga ham boshqa qon aralashmagan.

Men bir kambag'al oiladan chiqqanman. Oliygohga o'qishga kirganimda yetim edim va pora bermasdan o'qiganman. Rahmatli onam 42 yoshida kamqonlik kasalidan vafot etganlar. Meni o'rtagan o'zbek onasining bu dardli yo'li va o'zimni ana shu onalar va ana shu vatan yo'liga tikkanman. Shuning uchun ham o'tgan o'n yil davomida bir kun ham xalqimga xizmat qilishdan, uning ovozi, uning Jahongiri bo'lishdan chekinganim yo'q, o'zbekligimdan chekinganim yo'q! Siz buni tushuna olmaysiz, sizni shu yondiradi!

-Siz meni "Yaxshiikni bilmaydigan nonko'r" debsiz. Men butun umrimni odamlarga yaxshilik qilishga tikdim. Kim qiyin ahvolda bo'lsa, qo’limdan kelgani qadar unga qayishdim. Minnat qilmayman. Barcha yaxshiliklarim evaziga Tangridan ajrini oldim, olmoqdaman. Eng qiyin kunlarimda Uning mo'jizasi yonimda edi. Yo'lim hamma vaqt ochiq bo'ldi. Shu bois bugun ham odamlarga qo'limdan kelgan yaxshilikni qilmoqdaman va ba'zan yaxshilik qilganlarimdan yomonlik ham ko'rmoqdaman. Bunga ham roziman. Chunki yaxshilikka yaxshilik kutish bu minnatdir.

Ammo menga birov yaxshilik qilgan bo'lsa, hech qachon yodimdan chiqarganim yo'q va chiqarmayman ham. Bu mening o'zim qadrlaydigan xislatimdir. Yaxshilkni qil va dengizga ot, bilsa baliq bilar, bilmasa Xoliq, deydi ulig' turk millatim.

-Siz meni muhtojlik qilib avval Karimov, keyin Mirsaidov, undan so'ng Solih va Po’latlarning soyasida kun ko'rdi, endi ularga qarshi, deb yozmoqdasiz. Men hech qachon bu insonlarga muhtoj bo'lgan emasman. Balki ular mening Tangri bergan qobiliyatim, mening maslahatlarim va ko'rsatgan yo'limga muhtoj bo'lishgan. Karimov bilan o'z ixtiyorim asosida ishlaganim yo'q, demokrat deputatlarning talabi, tavsiyasi tufayli bu ishga tayinlanganman.

O'zbekiston televideniyesi rahbari bo'lgunga qadar bir daqiqa ham xalqdan yuz o'girmadim. Televideniye rahbari bo'lganimda rejim mendan xalqqa qarshi bo'lishni talab qildi va men darhol buni iste’fonomamda yozib vazifani tark etdim. Mustaqil O'zbekiston tarixida haliga qadar hech kim men kabi rejimning barcha kirdikorlarini ochiq bayon etib hukumat tarkibidan chiqqan emas.

Mening o'sha bayonotimni 1992 yilda Muhammad Solih iltimos qilib olib, "ERK" gazetasining birinchi sahifasiga qo'ygani va keyin nima bo'lganini o'zi biladi. Men "Erk"ning hamma odamlari sudlanayotgan, qamalayotgan bir kezda uning qanotiga kirdim. Eng og'ir kunlarda Istanbulda boshqa joylarda ishlab, tarjima qilib oilamni boqdim va “ERK” gazetasi nashrini boshqardim. Bu ish uchun maosh olganim yo'q, garchi "ERK" nashri uchun katta tashkilotlardan katta pullar olishgan bo'lishsa ham. Endi mehnatni qilgan nonko'r va pulini yeb ketganlar aziz bo'ldimi? Suv keltirgan xoru ko'za sindirgan aziz, deb bekorga aytilmagan ekan.

"ERK" tepasidagilardan ayrilganimdan so'ng (sababalari kitoblarimda yozilgan) mustaqil holda kurashimni davom ettirdim. Ammo oqil erkchilardan ayrilgan emasman. Birlikka ham a'zo bo'lgan emasman. Lekin beg'araz Birlikchilar bilan ham birga bo'lganman. Men xalqimdan ayrilishni hech qachon istamaganman va istamayman ham.

Abdurahim Po'latdan ham bir tiyin olmasdan "Harakat" jurnali ishlariga yordam qilganman. Lekin Birlik web sahifasida mening hissam yo'q. Mening kitoblarimni qo'ygan bo'lishsa, demak bu ularning himmati. Yaqinda yana uch kitobimni barcha o'quvchilar qatorida "ERK" va "BIRLIK" veb-lariga ham yuboraman va o'z ismlari bilan ochiq fikr bildirishlarini so'rayman. Istasalar sahifalariga qo'yishsin.

-Siz meni bir tomondan Allohsizlikda ayblagan bo'lsangiz, ikkinchi tomondan Tohir Yo'ldosh, Zayniddin Asqarovlar bilan uchrashganlikda ayblab, “ERK” sahifasidagi rasmni eslatib kurakda turmaydigan so’zlar bilan so'kmoqdasiz. Kimning Tangrisi boru, kimniki yo'q buni Xudoning o'zi biladi. Sizga hukm chiqarish vakolati berilgan emas.

"ERK" sahifasidagi rasmga kelsak, siz endi Jahongirni FBI, CIA tekshirib ishdan quvadi, oz qoldi, deb yozdingiz. Esingizdami, bu gaplarni o'tgan yil ham yozgan edingiz. Yaqinda haydaladi, deb yozib turdingiz. Darhaqiqat, shundan keyin yuqorida nomi sanalgan idoralarga imzosiz xatlar keldi va ular oz emas ko'p emas to'rt oy tekshirdilar. Siz maqsadingizga erisha olmay qoldingiz. Endi yana qanday fitnaga bosh urdingiz, bu menga qorong'u. Fitnachining fitna erur mevasi, chunki tengdir tagi bilan tevasi, deydi turkmanlar.

-Meni "Amerika ovozi"dan turib muxolifatga qarshi kurashmoqda, deb yozmoqdasiz. Bu aybnomangizni o'zini muxolifatchi, deb yurgan 3-5 ta kimsaga emas, balki ERK va Birlikni ajratmasdan fidoyilik ko'rsatib yurgan muxolifat vakillariga havola qilaman. Haqiqat Quyoshdir, etak bilan bekilmas, ig'vo bilan egilmas...

Istanbulda yashaganimizda bir kishi menga hasad qilib, doim tuhmat uyushtirdi. O’shanda jahlim chiqib unga, "Men Xudoga topshirdim, bu ishni kim qilgan bo'lsa qo'tir bo'lsin" degandim. Hozir o'sha odam qamoqda qo'tir bo'lib yotgan ekan. O'sha gapimga afsuslandim. Lekin "Birlik" sahifasida goho ERKchi va goho Birlikchi qiyofasida yozayotgan anonimchilarga o'sha gapni takrorlayman.'"Men Xudoga topshirdim, menga qarshi bu qabihliklarni kim qilgan bo'lsa, qo'tir bo'lsin va Tangri ularning kimligini shu yo'l bilan bizga ko'rsatsin". Balki bu xatimdan keyin ular ochiq maydonga chiqarlar...

xxxxx

Ushbu xatimni diqqat bilan o'qigan yaxshilarga!

 

Bundan 10 yil oldin Karimovning topponchasi Ismat Xushevga shunday og'ir uslubda javob yozish majburiyatida qolgandim. Bugun esa qabihlikning topponchalariga, ezgulik kushandalariga javob berdim.

Hammangizning vaqtingizni olganim uchun uzr. O'zim haftada yetti kun ishlayman va bekorchilikka vaqtim yo'q. Sizlarning aksariyatingizni ham shunday deb o'ylayman. Ammo indamasang andishaning otini qo'rqoq qo'yar ekanlar. Men tanqidga ochiqman. O'z ismini qo'yib, madaniyat bilan yozsinlar va har bir iddaolariga javob beray. Mening kitoblarimdan parcha o'g’irlab, uni o'zlari "Mehmonlar kitobi"ga qo'yib, keyin unga qarshi imzosiz javob yozishlaridan esa bezdim. Umid qilamanki, bu ularga dars bo'lg'ay. Ammo qalbi so'qirdan umid qilma, deydilar.

Shunda ham qalbi so'qirga, faqat o'zini o'ylaganga, tanqidni ig'vo deb bilganga va ig'vo qilishni san'at deb yurganga Xudo insof bersin va ular bizning vaqtimiz, kurashimiz va umrimizning kushandasi bo'lmasinlar!

Sizga saodatalar tilab Jahongir Mamatov. 19 Iyun, 2002 yil.

 

"ERK" dan javob bo’ldi:( xatlardan Elektron yo’l bilan nusxa olingani uchun va aslini saqlab qolish maqsadida xatolarini tuzatmadim-JM).

 

444. Name: Sulaymon Cho'kich

Comments: ERK informatsion markaziga Jahongir Muhammad imzoli bir xat keldi.Xat bir suz bilan aytganda takabburona bir ohangda yozilgan monologdan iborat.

Guyo bu odamga tuxmat qilarmishlar va u bunda ERKchilarning ham borligiga imo qiladi.  Bu iddaolarga javob berishdan oldin, bir nechta savolimiz bor Jahongir Muahmmadga.

1- savolimiz: siz doimi qatnashadigan "Birlik" sahifasidagi "ERKka qarshi tuxmat va igvolarda sizning ishtirokingiz yoqmi?

2. savol: Yoq bulsa, nega bu igvolarga 4 yil davomifda biror marta "to'xtatin igvoni!" demadingiz? Siz o'zingizni xatingizda adolatliman, insofliman, deb tariflagan odam bu nohaq tuxmatlarni ko'rib adolat va insof tuygingiz tirilmadimi?

3-savol:Siz "men yozdim!" deb gururlanayotgan usha kitoblaringizning hammasi ham siz uydirgan tuxmat va fisqu fasod lar to'plami ekani hech xayolingizga kelmadimi? Bu kitoblar eshikdan emas, kalit teshigidan qarab, gumon - shubha bilan , eng dahshatlisi, yomon niyat bilan yozilgan narsalar ekani xayolingizga kelmadimi hech?

4- savol: Kimning nima bulishi va o'zbek halqi nimaga va kimga loyiq ekanini belgilash sizga qoldimi? Siz bu hakamlik haqqini qayerdan oldingiz?

5-savol: Siz o'zingizni "So'zning Jahogiriman!" deb maqtashdan Alisher Navoi va boshqa buyuklarimiz ruhi oldida uyalmaysizmi?  ERK partijasi va rahbarlarining siz bilan birorta oldi-berdisi yoq. Siz ularni guybat qilishni to'xtaing. Agar siz shunday kuchli duochi bo'lsangiz, qani bir qasam ichingchi : "Agar men Jahongir MUhammad begunoh insonlarga igvo qilgan bulsam yuzim qutir bulsin!", deb qasam iching, shunda sizning igvo qilmaganingizga ishonamiz.

Biz ERKchilar bu duoni qila olamiz. ERK chilar sizni "ishdan olish" uchun imzosiz xat yozgani yoq.Bu ham bir tuxmat.  Olloh sizni isloh aylasin, yaxshi y'olga solsin.

ERK sahifasi hodimi

Sualaymon Cho'kich”

 

“ERK” gazetasini chiqarganimdan bilamanki, Muhammad Solih ba’zi kichik maqolalarga shunday deb imzo chekardi.  Darvoqe men va’daga vafo qilib, bunga javob bermadim. Chunki murojaatimda men "Birlik"ning "Mehmonlar" sahifasidagi imzosiz xatlarga javob bermayman degandim.Ular mening adresimga yubormasdan buni anonim xat sifatida o’sha joyga qo’ygandilar. Ya’ni savol berishda ham o’z ismlarini qo’yishdan qo’rqdilar. Vaholanki o’z sahifalarida qo’ysalar va yoki mening adresimga yuborsalar albatta javob qilgan bo’lardim. Ammo bu imzosiz xatdan keyin ikkinchisi qo’yilgan va bu ularning maqsadini yanada oydinlashtirar edi:

 

“442. Name: ERK sahifasi mutasadilariga iltimos. , E-Mail: qiziquvchi,

Comments: Jahongir Mamatovga jaboblarindagagi fikirlaringizga kopchilik sof insonlar toliq qoshilishi aniq. Abdurahim Polatga nisbatan uning shaetonligi,nopokligi,non korligi va qolabersa riekorligi ming daraja ortik bolishiga qaramasdan batolni sharmanda qiluvchi ezuvlar kam ezilmoqda.

Fikrimcha bu haqida kuproq ezilsa kopchilik hursand boladi.Imkoni bolsa ingliz tilida ezish kerak.Radiodagilar tushinsin. “

 

Adresimga esa ilk o’laroq Jizzaxdan bir maktub keldi.

 

"Assalomu-a'laykum Jahongir aka! Bugun 5-6 kishi biznikida yig'ilib o'tirdik.

Ayrim ishlarni kelishib oldik. Siz haqingizda ham hurmat ila eslab oldik. Bilasizmi, mana men 10 yildan ortiq muxolifatdaman. Lekin biror joyda Siz haqingizda yamon so'z eshitganim yo'q. Hamisha hurmat bilan eslashadi. Baxmal tog’idagi 66 yishli oddiy bir cho'pon ham Siz haqingizda qanchalik yaxshi so'zlarni aytdi. O'z ko'zim bilan ko'rganman, rasmlaringizni olib yurishganini.Kim-kimligini yaxshi insonlar allaqachon ajratib olishgan. Bu Sizning eng katta boyligingiz emasmi axir. Albatta boyligingiz!!! Buni Sizdan hech kim, hech qachon tortib ololmaydi!!!

ALLOH dan Sizga sog'liklar tilab Jizzaxdan O’zbekiston Inson huqulari Jizzax viloyat kengashining raisi Baxtiyor Hamroyev!.

Email; hamroev@online.ru

 

Ko’p o’tmay "Amerika ovozi" radiosidagi adresimga yana bir maktub keldi. Mana u:

 

"Samarqandliklar uchun hurmatli bo'lgan JahonGIR Mamatovich!

ILTIMOS: mening ismimni o'z ro'yxatingizdan o'chirib tashlasangiz. Bunday mish-mishlarni o'qishga mening bo'sh vaqtim ham, istagim ham yo'q.

VOA radiosiga yuborilgan maqola-xabarlarning birortasiga ham javob qaytarmagan bir shaxs qanday qilib o'zining uzundan-uzoq "urib ketdi-surib ketdi"larini birovga yuborishga botina oladi? Axir bu oddiy etikaga to'g'ri kelmaydi-ku?!

Birovdan oddiy odobni talab qilgan kishi, oldin o'zi shu odobga rioya qilishga mas'ul emasmi, JahonGIR Mamatovich?

Men Sizning RO'MONingiz chiqqan BIRLIK web. sahifasini o'qimayman, chunki uning Siz esga olgan BAXS sahifasida kurakda turmaydigan, iflos so'zlar ishlatiladi. Agar Siz muholifatga achinsangiz, birinchi navbatda, mana shu haqda o'z ustozlaringiz Po'latovlarni tartibga, odobga chaqirishingiz shart edi. Ammo Sizni bunday - ERKka taalluqli bo'lmagan "mayda" masalalar qiziqtirmaydi. Siz nima qilib bo'lsa ham, ERK ka aloqasi bor insonlarga nisbatan ichingizda yig'ilib qolgan zardoblarni chiqarib qolishingiz kerakka o'xshaydi. Men bunday to'polonlardan chetda bo'lishni istayman. Shu bois Sizning bitiklaringizni O'zingizga qaytarib yuboryapman. Yozganlaringiz o'zingizga

buyursin!

Khayrulla Ismatulla(ev)

Indiana universiteti

Bloomington

Juma".

 

Unga o’z javobimni yozdim:

 

Assalomu alaykum Xayrulla aka. Avvalo maktubingiz uchun rahmat. Siz

bilan telefon orqali gaplashganmiz, ammo hayotda bir birimizni

ko'rganimiz yo'q.Iltimosingizga binoan bugundan etiboran nomingizni

ro'yxatimdan chiqaraman. Ammo afsus bilan. Faqat eslatmoqchiman, siz menga pochta orqali ikki marta xat yozdingiz va Amerikadan siyosiy boshpana so'ramoqchiman, yordam bering, tavsiyanoma kerak, dedingiz, qo'limdan kelgani qadar iltimosingizni darhol bajo etdim. Keyin kitoblar istadingiz yubordim. Men sizning kitobingzini istadim, siz ham darhol yubordingiz. Rahmat aytgandim. Yana bir bor rahmat aytaman. Lekin undan keyin sizdan biror marta ham xat va yoki maqola olganim yo'q. Men (ayniqsa VOA-Amerika ovozi-da) nomimga kelgan barcha maktublarga mutloq javob berib kelganman. Agar o'zim bilmasdan ko'nglingzini og'ritgan bo'lsam va murojaatimni sizga ham yuborganim ko'nlingizga tekkan bo'lsa buning uchun uzr. Ijodiy ishlaringizga omadlar tilab, hurmatlar bilan Jahongir.

 

Elektron pochtamga qarasam bir maktub kelgan ekan:

 

“Assalomu alaykum Jahongir aka, Men ham mehmonlar sahifasidagi safsatalarga birrov ko'z yugurtirdim, ammo hammasini o'qishga na vaqt bor na imkon. Ularning safsatayu tuhmatu ig'voligi shundoq ko'rinib turibdi sal mulohaza yuritgan kishi uchun. Jahongir aka tuhmat qanchalik yomon bo'lishligini oz bo'lsa ham boshjimdan o'tkazib ko'rganman , juda  og'ir chidash. Ammo u yo ki bu toifa kirib boru yo'qligini shu toifa ismi qolish qolmasliguiga boglamagan, haqiqat zlagan o, ozgalarga yaxshilik istagan juda ko'plar Siz haqingizda ijobiy fikrda bo'lishiga aminman.

Inson zoti borki kamchilik va xatolari bor , ammo siz  ko'rsatgan va ko'rsatayotgan ezgulik yo'lidagi jasoratlarni ko'plar qilolmaydi, bu katta ijobiy fazilat va uning egasi shubhasiz yaxshi inson.

Shuning uchun bardam bo'ling, ko'plar Siz bilan birga, chunki Siz mazlumlar va qoqinganlarga yordam qo'lini cho'zib kelgansiz.

Sizga hurmatlar bilan Muxlis.

 

Remember:

There is nothing easier than to be a bad man, but it is too difficult to be a

good person.”

 

Oxirgi jumlaning tarjimasi shunday: Yoddan chiqarmang, yomon odam bo’lishdan osonroq ish yo’q, ammo yaxshi odam bo’lish juda ham qiyin.

 

Javobim esa: Rahmat!

 

Ko’p O’tmay Nomoz Normo’mindan bir maktub oldim.

"Bismillah !

Assalamu alaykum!

Maktubingizda tilga olingan masalaning yechimi menimcha quyidagichadir:

1. Alhamdulillah hammamiz musulmonmiz. Shunday bolgandan keyyn butun ishlarimizni musulmonlik doirasida hal qilishimiz zarur. Jahl yoki nodonlik bilan "Yuq u musulmon emas" deyish juda tahlikalidir. Chunki hadisi sharifda aytilgani kabi "Bir kishi (musulmon) birodariga hitoban : Ey kofir, dedigi zamon ikisidan biri bu sifatga ega boladi" (Buhoriy). Alhamdulillah biz hali bir-birimizga bunday tahlikali sozlarni aytish darajasiga yetganimiz yuq, yetmaymiz ham inshaalloh. Demak bu ishinin yagona chorasi musulmonlik yani masalani iymon yoli bilan hal

qilishdir.

2. Quroni Karimda "Muminlar shak shubhazis oga-inilardir (aka-ukalardir.N.N). Bas sizlar ikki oga-iningizning urtasini unglab quyinglar. Allohdan qurqinglar shoyad rahmatiga erishsangizlar" (Hujurot surasi 10) deyiladi.

3. Hadisi sharifda "Musulmonning musulmondan hafa bolishi uch kundir. Undan ortigi haromdir. Uch kundan keyin kim oldin salom bersa usha koproq savob oladi

" deyiladi. Demak, orani tuzatish ayni paytda haromdan qutulish

ham demakdir.

4. Kechirimli bolish. Rasulalloh (sav) hazrati Hamzani (ra) urushda oldirga Vahshiyyni ham o musulmon bolgandan keyin (Islom hurmatiga) kechirgan edilar.

Biz hali bir-birimizni oldirish darajasiga yetganimiz yuq demak ishimiz oson, kelishish va yarashish uchun imkoniyat katta.

5. Alloh Taoloning sevmaydigan bandalari qiomat kunida bir-biri bilan Alloh huzurida davochi boladilar. Allohning sevdiga bandalar bolish uchun bu dunyoda bir-borimiz bilan rizolashib Allohning huzuriga yorug yuz bilan borishni uylaylik. Bir-birimizga haqqining halol qil, halol bolsin deb aytaylik. Hullasi kalom men orada vositachi bolishim mumkin.

Dostlarga ve bolalarga salom ayting.

Namoz"

 

Nomoz Normo’minga "Marhamat, lekin sizning gaplaringizni ular e’tiborga ham olmaydilar" mazmunida javob yozdim. Shunday ham bo’ldi shekilli qaytib javob kelmadi undan.

 

Keyin ham shu mavzu bilan taalluqli yoki menga madad berguvchi ko’p maktublar oldim va ulardan quyida parchlar, yuqoridagi kabi aslini saqlash uchun harfiy xatolarini tuzatmadim.

 

“Salom dustim.Kecha ummumi tanishimiz Ismatni ziyorat qildim. U sizni saxifangizni kursatdi. Usha yerda indamadim. Lekin boshqa joyda ochib uqidim. Bugun xam uqiyapman. Ana ularga javoblaringizdan ma'lumki islosliklari hali xam davom etmoqda eka. Shu bilan tug'ilganlar shu bilan uladilar, shekilli. Siz parvo qilmang. Saxifangiz meni xayratga soldi. Uzimni mmrim bekor utib ketayotgandek xis qildim.Bizga ham nasib etarmikan... Faqat umid bilan yashay berish ham jonga tegdi.Turonzamin faryodlarini qanday eshitish mumkin. Ismat ochgandi eshitildi.Lekin men bilgan joydagi komputerda eshitish jihozlari boru radino ochmayapti.Masalahat bersangiz... Karim.... “”

 

“Assalomu alaykum.Men sizdan Erkda bosib chiqarilgan Bahodir Fayzini kitobi haqida suramoqci edim. Men uni Turkiyedan bilaman.Ruscani bilmasdi. Uzbekchani ham turkca qilib gapirar edi. Lekin turkca bir ikki maqola yozgan. Muxolfatni Turkiyega kelib tanigan. Yozgan kitobini ko'p joyi faqat Muhammad Solih bilishi mumkin faktlar. Shu kitobni Bahodir Fayzi yozganiga ishonasizmi? Keyin sizlarni ham rasm haqda yozgan. Men saytingizda rasm tarixi haqida uqigandim.Bahodirning bu gaplardan xabari yuqmi. Muhammad Solihni faqat rasm uchun sud qilgan degan gaplari ham kulgili….”

 

“Assalomu alaykum Jahongir aka! Esingizdami bir paytlar hali shunday kunlar keladiki odamlar men aytgan gaplar tugriligiga ishonadi degan edingiz. Aka usha kunlar keldi. Siz 10 yil avval Kattaga aytgan gaplarni bugun butun xaql aytmoqda. Lekin bu xalqni birlashtiradigan, tog'ri yo'lga boshlaydigan odam yo'q.Ikki uch kishilik piketlardan u yoqqa uta olmayapmiz. Lider, liderlar kerak bulayapti aka, butun xalq ishonadigan liderlar kerak.

 xam bu kitobda juda kup xatolar borligini yozdi. Uni xam sizga attach qildim. Ukangiz A.Z.”

 

“Assalomu alaykum...Birlikni mehmonlar kitobida muxolifat uzini sharmanda qildi. Shundan keyin ham ularni muxolifat deyish mumkin bo'lsa. Oldin sizga hujum qilganda ular obro'sini yuqotgandi. Sizning nima ish qilayotganingizni ham ularnikini ham hamma kurib turibdi. Ular uzlarining borliklarini faqat shu yo'l bilan ko'rsatmochilar. Men Amerikaga borganimda ulardan bittasiga telefon qildim. Osmonda. Hali ham o'zini shohanshoh deb bilib yuribdi. Bu yerda uning orqasidan yurganlarga u ham vatan ham kerak emas. Uning vositasida "ko'kidan" olib turish kerak. Fridum Xavus ularga pul beradi. Yana boshqalar ham. Yna grant olishadi. Anashu pulni olish uchun ularni gruppasiga qo'shilganlardan o'pkalamasa ham bo'ladi. Men bugun dushmanga aylanib qolgan do'stlarimiz mamlakatida bu sahifalarga kirib turaman. Nonimni o'sha yerdan topishimni bilasiz. Shanba yakshanba vatanga o'tib kelaman.Hozir pul bilan hammani sotib olish mumkin. Karimov millatni bor narsasini ham o'ldirdi. Endi u ketsa ham ko'p narsa o'zgarmaydi. Botqoqa botdik' hukumat ham, muxolifat ham, odamlar ham...Radiongzidan bir ayolni gapi esimda qoldi. U Karimov o'zbeklarni savdogarga aylantirdi. Biz mol sotadigan savdogar emas, mansab sotadigan ,joy sotadigan, ish sotadigan, bir-birimizni sotadigan, tariximizni sotadigan, bolalarimizni sotadigan, o'zimizni sotadigan savdogar xalqqa aylantirildik dedi.Karimov va muxolfatni xizmati bu. Ishonmasangiz Birlikni mehmonlar kitobini uqib chiqing. Men shuni uchun ham siyasatga kirmayman. Savolingizga javob berdim deb uylayman. Salomat bo'ling. Chambileldan Doniyor”.

 

 

“Kezi kelganda aytib o'tay: Jahongir aka, sizdagi jasorat, to'g'risini aytay,

uncha-muncha odamda topilmaydi. Sizga katta rahmat. Umrim bino bo'lib, Islom Karimovning yuziga qarab aniq-dadil gapirgan odamni birinchi ko'rishim. Boshingga qilich kelsayam to'g'risini gapir deganlari

haqiqatdanam rost ekan.

 

 Jahongir aka. men ishonaman, hali bir kun kelib sizni Vatandan quvg'in qilgan prezidentning aslida kimligi fosh etiladi. Xalq bundan

to'la xabar topadi. Siz garchi vatandan uzoqda bo'lsangiz-da, odamlar bilan birgasiz. Xalq sizni doim eslaydi, hech qachon unutmaydi. Chunki siz shu jabrdiyda xalq farovonligi uchun shuncha jabr-sitam

ko'rdingiz. vaqti kelib hamma narsa oydinlashadi, bunga qattiq ishonaman. Odamlar haqiqiy tarixni hamisha vaqt o'tgandan keyin bilishgan. Lekin sizga katta rahmat. O'zbek xalqi siz bilan har qancha

faxrlansa arziydi.

 

Jahongir aka, bir yosh vatandoshingiz sifatida dilimda borini yozdim.”

 

“Salom Jahongir! Vatandan salomlarim! “Savol-javob”larni o’qib, maza qildim. Vatan, xalq uchun Siz kabi kuyunadigan mard, xalol insonlar borligidan Xudoga ming qatla shukurlar qildim. Ishqilib, Olloh o’z panohida asrasin Siz va Siz kabilarni. Siz sanagan Vatan qahramonlarining ro’yxatida birinchilardan bo’lib turishi kerak bo’lgan – avvalo o’zingiz.

Havasim keladi Sizga. Dono. So’zlari ravon. Mantig’i kuchli. Yana peshqadam siyosatchi… Bu ne ko’rgulikki, o’zbekning Siz kabi farzandlari oz. Juda oz. Borlari ham sochiq… Yaqinda bir odam bilan uchrashib qoldim. Bir yil kasal bo’libdi. Keyin unga odamlarni davolash, g’aybni bilish karomati yuqibdi ekan. Uning aytishicha, vaqti kelib dunyo odamlari O’zbekistonga kelarmish. Ko’p narsalarni o’rganishga. Ishqilib, aytgani kelsin. SHu xalqning ham peshonasi yarqirasin. Balki bu yurtga jahonning ohangrabosi bo’lishday bir baxtni Sizlar taqdim etarsizlar. Inshoolloh. O’zbekning baxtiga omon bo’ling. Orzularingiz tezroq ijobat bo’lishini istab:

Opangiz… “

 

 “Sizni hurmat qilaman(Ko'z tegmasin)

 

Assalomu Alaykum    Jahongir aka  qandaysiz ishlaringiz ,sog'liklaringiz yaxshimi...

Meni kechirasiz sizga ancha paytdan buyon xat yozmay qo'ydim aka ,siz xafa bo'lib qoldingizmikan deb ham o'yladim...meni xatim uchun arzimas vaqtingizni ajratib javob beribsiz...hozir qarasam sizxdan xat kelibdi xursand bo'ldim...

Jahongir aka maqtashni yamon ko'raman...men nima ni va kimni maqtasam teskarisi bo'ladi...(ko'zim bormi deyman...yana bilmadim...).Kimni maqtasangiz u kishi sizdan yana maqtov so'zlarni kuta boshlaydi qarabsizki uni shundaqa maqtashni xush ko'radigan kishiga aylantirib qo'ygan bo'lamiz...Kattani ham boshida shunday qilib qo'ydik choqi o'zimizda ham ayb katta ...Lekin o'zini Ollohni ojiz bandasi deb bilgan kishi maqtashni to'g'ri qabul qiladi...Shu uchun sizga bir ikki yaxshi so'zlar aytsam aka arziydi...

Men shu paytgacha Ko'p muxolifat vakillariga Birlik va ERK a'zolariga rahbariyatlariga ko'p maktublar yozdim lekin ulardan biron marta ham javob olmadim shundan bir qarang bular xalqni qanchalik huramat qilishadi...Men sizga yozgan xatlarini har biriga javobolganmman( ko'z tegmasin...) hech bo'lmasa bir qator bo'lsa ham ...Shu uchun aka sizni huramat qilaman Ilohim Insoniyligingizga ko'z tegmasin Bu o'zlarini muxolifat ...xalqni yamon kunlardan qutqaraman deb yurganlar oldin xalqni hurmat qilishni o'rgansin...Bunday muxolifatni xalq qanday qo'llab quvvatlasin aka...

Men sizga ancha payt uzilishlardan kegin ham xat yozsam meni esladingiz aka bu ham menga va Xalqimizga bo'lgan munosabatingiz ,etiboringizdan darak beradi aka Ilohim ko'z tegmasin...

Raxamat aka .

Sizni Yangi yilni nomlanishi haqidagi latifangizni o'qib maza qildim . "Joying Jannatda bo'lsin yili" shu joyi menga juda yoqdi...Ijodingizga Ollohni o'zi barka bersin...Niyatlaringizga erishing aka Bir ikki muxolifat vakillari ham sizdan o'rnak olsin...

 Xayr Jahongir aka.

 …ZIDAN”.

 

“Assalomu alaykum, Jahongir aka, bilaman siz mendan yoshroqsiz, lekin “aka” dedim. Chunki men hurmat qilgan odamlarimni “aka” deyman. Sizni doim kambag’allar tomonida edi, yo’qotib yuborishdi, degan gaplarni eshitganman. Kegin “Amerika ovozi” radiosini radio qildi, Karimoni qaltiratib qo’ydi, o’lik radioni tiriltirdi degan gaplarni eshitdim. Kegin siz haqingizda eshitmay qoldim. Yaqindan boshlab qo’shni bir davlatdagi oliygohda ishlayapman. Internetda saytingizni topib oldim. Qoyil qoldim. O’sha jasur va mard Jahongir.

Ayniqsa menda Savolu Javoblar bo’limi juda katta ta’ssurot qoldirmqoda. Bir vaqtlar mashxur bir qorining juma kungi suhbatiga borar edim.

Hamma unga savol yozib, javob so’rar edilar. U “Tuzum masalasiga kirmaymiz”, “Hukumat masalasiga kirmaymiz”, “Mazhablar masalasiga kirmaymiz”, ‘Aniq odamlar masalasiga kirmaymiz” deyaverib savollarni bir chetga tashlab yuboraverardi va ohirida bitta yoki ikkita hadis haqidagi savolga javob berib suhbatni bitirardi.

Bugungi va kelajakdagi liderlar sizdan o’rganishlari kerak. Odamlarning har qanday savollariga hamma ham ochiq javob bera olmaydi. Bunga jasorat kerak. Men juda ko’p taniqli odamlarga, muholifatdagilarga hatlar yozdim. Hattoki oldik deb ham javob berishmadilar. Savollarim yoqmagan bo’lishi mumkin.

Lekin lider bo’lsangizlar javob berishingiz kerak. Bulmasa sizlar ham demokrat emas, yurtboshimizga uhshagan hatlarga, savollarga javob bermaydigan odamsiz degim keldi.

Sizga rahmat, katta maktab yaratdingiz, odamlarda savollariga javob olishlari mumkinligi haqida ishonch paydo qildingiz.

Iltimos, shu hatimni hatolarini tuzatib, lotinchada yozishni endi o’rganganim uchun, sahifangizga qo’ysangiz….

Cheksiz rahmat aytib Do’st”.